Shavkat Mirziyoyev 7-iyun kuni Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamentining Muvofiqlashtirish va monitoring qilish markazini borib ko‘rdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Markaz Jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimini rivojlantirish strategiyasi doirasida tashkil etilgan. To‘liq ta’mirlangan va zamonaviy jihozlangan majmua 2024-yil mart oyida ish boshlagan.

Markaz jamoat xavfsizligi jarayonlarini qamrab oluvchi yagona axborot platformasi hisoblanadi. Bu yerda joylardagi vaziyat va xodimlarning ish-harakati raqamli texnologiyalar orqali tahlil qilib boriladi. Xususan, 10 mingdan ortiq profilaktika inspektorlarining faoliyati 6 ta yo‘nalish bo‘yicha nazorat qilinadi va baholanadi.

Bunda “Ye-Jamoat xavfsizligi”, “Ye-Ijtimoiy vaziyat” kabi dasturlar, yo‘l harakati xavfsizligi, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat tartibini saqlash xizmatlarining yagona axborot tizimlari hamda 6 mingdan ziyod “aqlli” kuzatuv kameralari integratsiyasi qo‘l kelmoqda.

Shuningdek, markazda videoaloqa orqali profilaktika inspektorlari, yo‘l-patrul, post-patrul va probatsiya xodimlari uchun masofaviy o‘quvlar yo‘lga qo‘yilgan. “Ommaviy tadbirlarni modellashtirish orqali nostandart vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish va tezkor choralar ko‘rish o‘rgatiladi”, — deyiladi xabarda.

Davlat rahbari bu masalaga alohida e’tibor qaratib, soha xodimlari yuqori texnologiyalarni yaxshi bilishi lozimligini ta’kidladi.

Xabarda ta’kidlanishicha, sun’iy intellekt texnologiyalari odamlar hayoti va ishini osonlashtirish bilan birga, tobora kiberjinoyat va firibgarlik vositalariga aylanib bormoqda. “Bunday jinoyatlarning oldini olish, aniqlash va fosh etish uchun ichki ishlar xodimi undan-da ilg‘or, ziyrak bo‘lishi kerak”, — deya ta’kidlandi prezident tashrifi chog‘ida.

Shu bois markazdagi uchrashuvga huquq-tartibot idoralari huzuridagi oliy o‘quv yurtlari rektorlari taklif etildi. Ulardagi o‘quv dasturlarini shu nuqtai nazardan takomillashtirish, dual ta’lim tizimini joriy etish, darslar va ilmiy ishlarning hayot bilan hamnafasligini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Ichki ishlar vazirligida uchuvchisiz qurilmalarni qo‘llash bo‘yicha tuzilma tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Prezident jinoyatchilik profilaktikasini kuchaytirish, ommaviy tadbirlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berdi.

Jamoat xavfsizligi bo‘yicha strategiya 2025-yil oxiriga qadar sohani raqamlashtirishni 90 foizga yetkazishni nazarda tutadi. Tashrif chog‘ida davlat rahbariga bu boradagi ishlarning borishi haqida ma’lumot berildi.

Jarayon uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda muammolar o‘rganilib, ikkinchisida shu asosida mutaxassislar va dasturlar tayyorlandi. Jumladan, 66 ta axborot tizimi va modullari ishlab chiqildi.

Ularga vazirlik va idoralarning 77 ta hamda Ichki ishlar vazirligining 25 ta axborot tizimi integratsiya qilindi. Jamoat xavfsizligi bo‘linmalari xodimlari 18 mingdan ziyod planshetlar bilan ta’minlandi hamda raqamli qurilmalardan samarali foydalanish bo‘yicha o‘qitildi.

Natijada 155 ta hisobot, 37 ta ish yuritish sohasi, yuzga yaqin qaydnoma va yig‘ma materiallar raqamlashtirilgan. Buning hisobiga 213 milliard so‘m tejalishiga erishilgan.

Joriy uchinchi bosqichda Ma’lumotlarni qayta ishlash markazi tashkil etib, sohaga sun’iy intellektni keng joriy qilish, uskunalarni mahalliylashtirish kabi maqsadlar qo‘yilgan.

Shu yerda ichki ishlar tizimida qo‘llanayotgan zamonaviy texnika va anjomlar namoyish qilindi.

Video