Shuhrat Rizayev Kinematografiya agentligiga rahbar etib tayinlandi. Bu haqda Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi xabar berdi.

Shuhrat Rizayev 1958-yil 10-iyulda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Milliy universitetning filologiya fakultetini tugatgan. Madaniyat va sport ishlari vazirligida, Oybek muzeyida, Prezident devoni va Vazirlar Mahkamasida, Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida qator lavozimlarda faoliyat yuritgan.

Bunga qadar u 2017-yildan buyon Kinematografiya agentligi direktori o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2021-yil apreldagi farmoni bilan “O‘zbekkino” milliy agentligi Kinematografiya agentligi etib qayta nomlangan. 2019-yildan beri agentlikni Firdavs Abduxoliqov boshqarib kelayotgandi. U 5-iyun kuni lavozimidan ozod etildi va Islom sivilizatsiyasi markazi direktori bo‘ldi.