Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol kelasi hafta O‘zbekiston, Turkmaniston va Qozog‘istonga davlat tashrifi bilan boradi, deya xabar berdi mamlakat prezidenti ofisiga tayanib, Yonhap agentligi.

Yun Sok Yol dushanba kuni mamlakat birinchi xonimi Kim Keon Xi hamrohligida olti kunlik safarga chiqadi va 15-iyungacha Markaziy Osiyoning uchta davlatiga tashrif buyuradi.

“Qadimiy Ipak yo‘lining markazi bo‘lgan Markaziy Osiyo Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi strategik nuqta sanaladi. Ukrainadagi urush va Yaqin Sharqdagi mojaro kabi omillar ta’sirida global polikrizis (bir necha inqirozning bir vaqtda yuz berishi) kengaygani sari [uning] strategik ahamiyati yanada ortib bormoqda”, — dedi Janubiy Koreya yetakchisining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi birinchi o‘rinbosari Kim Te Xe tashrifga izoh berib.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil 19-sentabr kuni Nyu-York shahrida o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasi sessiyasi doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya prezidenti bilan uchrashib, unga davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga kelishni taklif etgandi.