Shavkat Mirziyoyev poytaxtning Yakkasaroy tumanida qurilgan suv sporti saroyini ko‘zdan kechirdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasiga qarashli mazkur majmua suv sporti maktablari rivojlangan mamlakatlar tajribasi asosida qurilgan, deyiladi xabarda. Bu yerda ham professional sportchilar, ham havaskorlar uchun sharoit yaratilgan.

50 metrlik basseyn va 500 o‘rinli tribunaga ega katta zalda xalqaro musobaqalar, terma jamoalarning mashg‘ulotlarini yuqori saviyada o‘tkazish mumkin. Balandlikdan sakrash va kichik havzalarda bolalar suv sportini o‘rganadi.

Majmua bir vaqtning o‘zida 100 nafar, bir kunda mingdan ziyod aholiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega. Ikkinchi qavatda ma’muriyat va murabbiylar xonasi, konferensiya zali, trenajyor xonasi hamda sport sharhlovchilari uchun maxsus xonalar joylashgan.

Majmua negizida suv sporti maktabi tashkil etildi. Davlat rahbari yosh sportchilarning mashg‘ulotlarini kuzatdi.

Bu yil Parij shahrida o‘tkaziladigan yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tizimidan 13 nafar sportchi litsenziya qo‘lga kiritgan. Prezident mazkur sportchilar va ularning murabbiylari bilan tayyorgarlikning borishini muhokama qildi.

“Shaharu qishloqlarda sport majmualari qurib, uni ommalashtirishga katta e’tibor beryapmiz. Chunki sport bilan shug‘ullangan yoshlar kam bo‘lmaydi, sog‘lom bo‘ladi, bolalariniyam shunday tarbiyalaydi. Sizdek professional sportchilar bu yo‘lda yoshlarga ham iftixor, ham o‘rnak bo‘ladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.