5-iyun kuni Toshkentda Jahon savdo tashkiloti bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala ishtirokida “O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlar va Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni” mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. JST bosh direktori anjumandagi chiqishida tashkilotga a’zo bo‘lish uchun kuchli siyosiy iroda talab qilinishini ta’kidladi.

“Hech bir davlat JSTga a’zolikni siyosiy irodasiz amalga oshira olmagan. Men O‘zbekiston hukumatida kuchli siyosiy irodani ko‘rib turibman. Toshkentga tashrifim chog‘ida mamlakat qonunchiligini JST bitimlariga muvofiqlashtirish to‘g‘risidagi prezident farmoni e’lon qilindi. Bu muhim hujjatlardan hisoblanadi. Aytmoqchimanki, respublikaning bizning tashkilotga qo‘shilish jarayoni to‘g‘ri yo‘nalishda ketmoqda”, — deya Ngozi Okonjo-Ivealaning so‘zlaridan iqtibos keltirdi “Daryo”.

“Kuch-quvvat va jasoratni qadrlayman, bu — a’zolikka da’vogar davlatlar orasidan birinchi bo‘lib tashrif buyurishga O‘zbekistonni tanlaganimning sababidir. Hukumatga bu bilan qo‘llov-quvvatlovimni ko‘rsatmoqchi bo‘ldim, siz a’zolik jarayonlarida duch kelayotgan qiyinchiliklarni raqamlar tasdiqlab turibdi. A’zolik jarayonlari qayta tiklanganidan keyin 4 yil o‘tdi. 15 yillik jarayonlardan keyin, oxirgi 18 oyda muzokaralar jadallashdi”, — deya uning nutqidan iqtibos keltirgan Kun.uz.

Hozirda JSTga a’zo bo‘lishga 22 ta davlat nomzodlik qilmoqda. JST direktori har bir davlatning a’zo bo‘lish jarayoni o‘ziga xos bo‘lsa-da, uni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun quyidagi 5 ta asosiy komponent zarurligini ta’kidladi:

  • kuchli siyosiy iroda;
  • idoralararo muvofiqlashtirishning samarali mexanizmi;
  • malakali bosh muzokarachi boshchiligidagi mehnatsevar texnik muzokarachilar guruhi;
  • hamkorlarning qimmatli yordami;
  • amaliy harakatlarning vaqtlarini belgilovchi yo‘l xaritasi.

Ngozi Okonjo-Iveala bu komponentlarning har biriga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Uning aytishicha, birinchi omil siyosiy iroda sanaladi. JST direktori o‘n ikki oy davomida O‘zbekiston prezidenti, prezident yordamchisi va bosh vazirning ikki o‘rinbosari, shuningdek, Jenevada bosh muzokarachi va elchilar bilan uchrashganini qayd etdi.

“Ularning messeji aniq: JSTga a’zo bo‘lish — hukumatning ustuvor yo‘nalishi. Bu — qo‘shilish jarayonini yakunlash uchun eng muhim tarkibiy qism”, — dedi u.

Ikkinchi omil a’zo davlatlar bilan muzokaralar sanaladi.

“Yaxshi faoliyat yuritayotgan ichki muvofiqlashtiruvchi muzokaralar a’zolik sifati va izchilligini belgilaydi. Shu sababli bosh vazir o‘rinbosari, O‘zbekistonning tashkilotga a’zoligi bo‘yicha komissiya rahbari (Jamshid Xodjayev — tahr.)ning oxirgi 3 ta ishchi guruhida doimiy qatnashishi JST a’zolarining ishonchini oshirishda muhim bo‘ldi”, — dedi Ngozi Okonjo-Iveala.

Uchinchi omil bosh muzokarachi va texnik jamoaning muzokaralarga kirishishi hisoblanadi. JST bosh direktori jamoaning muzokaralarini kuzatganini va yig‘ilish katta ishtiyoq bilan qanchalik tez tashkil etilgani uni hayratda qoldirganini ta’kidladi.

To‘rtinchi omil tashkilot qoidalari jihatidan qo‘llab turadigan hamkorlar ekani aytildi. Texnik tahlillar, o‘qitish va ikki tomonlama hamkorlarning bo‘lishi bu yo‘lda muhim sanalishi ta’kidlandi.

Beshinchi omil — yo‘l xaritasi.

“U vaqt jadvali va harakatlarni o‘zida aks ettirishi kerak. So‘nggi ishchi yig‘ilishda bosh vazir o‘rinbosari Kamerunda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi 14-vazirlar konferensiyasigacha, ya’ni 2026-yilgacha JSTga a’zo bo‘lish maqsadini e’lon qildi”, — dedi JST bosh direktori.

Ngozi Okonjo-Iveala ko‘pchilik bu maqsadni olqishlasa, boshqalar O‘zbekistonni muddatdan ko‘ra harakatlarga e’tibor qaratishga undayotganini ta’kidladi.

“Mening maslahatim shundaki, asosiy e’tiborni o‘zingizning harakatlaringizga va ularning mohiyatiga qaratishingiz kerak, shu bilan birga, sizda harakatlar bo‘yicha vaqt grafigi va amaliy qadamlar ham bo‘lishi zarur”, — dedi u.

Anjumanda JST bosh direktori, shuningdek, Toshkentga qo‘nishidan bir necha soat oldin O‘zbekistonning a’zolik jarayonini tezlashtirish bo‘yicha prezident farmoni chiqqanini eshitgani va buni iliq kutib olish deb baholaganini aytdi.

“Hujjatda JST a’zolarini xavotirga soladigan bir qator masalalar, xususan, bir qancha sohalarga, masalan, eksklyuziv huquqlarga ega davlat korxonalari, eksport cheklovlari, etil spirti, tamaki va alkogol importiga taqiqlar hamda eksport subsidiyalari kabilarni qamrab oladi. Men hukumatni a’zolar tomonidan ko‘tarilgan boshqa masalalar, masalan, eksport resurslariga e’tibor qaratish va bu yo‘ldagi ishlarni davom ettirishga undayman”, — dedi u.

жаҳон savdo tashkiloti, жст, нгози оконжо-ивеала

Foto: Telegram / Saida Mirziyoyeva

Anjumanda O‘zbekiston prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva, bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha bosh muzokarachisi, prezidentning JST masalalari bo‘yicha vakili Azizbek O‘runov, prezident maslahatchisi Ravshan G‘ulomov, Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev hamda Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi vakillari ishtirok etdi.

жаҳон savdo tashkiloti, жст, нгози оконжо-ивеала

Tadbir avvalida so‘zga chiqqan Saida Mirziyoyeva JSTga a’zo bo‘lish savdo erkinligi va iqtisodiyot o‘sishga katta turtki berishini aytdi.

“Oxirgi 14 oyda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha uchta ishchi guruh yig‘ilishi o‘tkazildi. Hozirgacha 14 ta mamlakat bilan ikki tomonlama muzokaralar yakunlandi. Bu tashkilotga a’zo bo‘lish jarayoni oson emas. Unga hech bir mamlakat haqiqiy o‘zgarishlar qilmasdan kirolmaydi. Bir necha kun oldin prezident Shavkat Mirziyoyev qator davlat korxonalarining eksklyuziv huquqlarini bekor qiluvchi farmonni imzoladilar. Ushbu uzoq muddatli muammo ko‘plab davlat korxonalariga bozor iqtisodiyotiga o‘tish imkonini bermadi va pirovardida xususiy sektor uchun teng imkoniyatlarni cheklab keldi”, — deya prezident yordamchisining so‘zlaridan iqtibos keltirdi “Daryo”.

жаҳон savdo tashkiloti, жст, нгози оконжо-ивеала

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev JSTga qo‘shilish yo‘lida qator sohalarda o‘zgarishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi.

“Hukumat uchun JSTga a’zo bo‘lish — ustuvor masala. Hozirda bojxona, intellektual mulkni himoya qilish sohalarida o‘zgarishlar qilinmoqda. Shuningdek, import litsenziyasi, oshkoralik, savdo rejimini liberallashtirish, soliqlar va boshqa yo‘nalishlarga doir 26 ta hujjat tarjima qilinib, o‘zimizning tizimga kirityapmiz. Davlat ulushi bor korxonalarni xususiylashtirish bo‘yicha 4 ta qonun ishlab chiqmoqdamiz. Bundan tashqari, oziq-ovqat masalasida ham milliy qonunchilikni yangilayapmiz”, — dedi u.

Prezident maslahatchisi Ravshan G‘ulomov esa 2030-yilgacha O‘zbekistonda erishilishi kutilayotgan natijalar haqida gapirdi.

“Kelgusi 7 yil ichida mamlakatda davlat korxonalari sonini 6 barobarga qisqartirilib, xususiy sektorning iqtisodiyotdagi ulushi 85 foizga yetkazish rejalashtirilgan. 2030-yilgacha respublikada kambag‘allik darajasini 7 foizgacha pasaytirish ko‘zda tutilgan. Mazkur muddat mobaynida eksport ulushini 45 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Bunda tayyor mahsulot ulushi kamida 3 barobarga oshiriladi. 2030-yilgacha mamlakatdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalari jami ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 40 foiziga yetishi kutilmoqda”, — dedi u.

жаҳон savdo tashkiloti, жст, нгози оконжо-ивеала