Iqtisodiyot va moliya vazirligi O‘zbekistonda “Mening bog‘im” loyihasiga start berilganini ma’lum qildi. Jarayon quyidagi 3 ta bosqichda o‘tkaziladi:

  1. Taklif kiritish (10-iyundan — 20-iyungacha);
  2. Saralash (20-iyundan — 23-iyungacha);
  3. Ovoz berish (23-iyundan — 3-iyulgacha).

Avvalroq budjetdan “Yashil makon” loyihasiga ajratiladigan mablag‘larning kamida 50 foizi “Ochiq budjet” portali orqali jamoatchilik fikri asosida shakllangan “Mening bog‘im” loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltirilishi xabar qilingandi. Bu bo‘yicha respublikada yashillik darajasini oshirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini izchil amalga oshirish to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilingan.

Aholi tashabbusi bilan “yashil bog‘lar” va “yashil jamoat parklari”ni tashkil qilish bo‘yicha maydon manzili va rasmlari ko‘rsatilgan holda qiymati 250 mln so‘mdan oshmagan tashabbus bildiriladi.

Farmonda “Mening bog‘im” loyihalarini shakllantirish va ularga ovoz berish jarayoni har yili yanvar-fevral oylarida o‘tkazilishi belgilangan.

29-mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev “Yashil makon” loyihasi doirasida bahorgi ekish mavsumini tashkil qilish hamda chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish yuzasidan o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida Ekologiya vazirligiga “Mening bog‘im” loyihasini ishga tushirish bo‘yicha topshiriq bergandi. Bunga budjetda nazarda tutilgan 50 mlrd so‘m ajratilishi aytilgan.