O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi binosi yaqinidagi yerosti kabellarida yuzaga kelgan yong‘in sabab bir qancha davlat xizmatlarini ko‘rsatishda uzilishlar kuzatilmoqda. Xususan, Adliya vazirligi hodisa sababli Davlat xizmatlarida pasport va manzil bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatishda uzilishlar bo‘layotganini bildirdi.

Toshkent shahar IIBB YHXB Ma’muriy amaliyot va Ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limi kompleks avtomatlashtirilgan axborot tizimida uzilishlar yuzaga kelayotganini ma’lum qildi.

Shuningdek, Toshkent shahar IIBB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limining quyidagi tizimlarida uzilishlar kuzatilmoqda:

  • O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga hamda O‘zbekiston Respublikasida doim yashovchi chet el fuqarolariga identifikatsiya ID karta berish;
  • fuqarolarni hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni, shuningdek mamlakatimizda doimiy yashovchi chet el fuqarolarini doim yashash manzili bo‘yicha ro‘yxatga olish;
  • vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish;
  • O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy yashash manzili hamda vaqtincha turgan manzili bo‘yicha ro‘yxatga olish.

Bundan tashqari, Ichki ishlar vazirligining “Manzil” (fuqarolarning doimiy va vaqtincha yashash manzili yuzasidan JSHSHIR hamda kadastr raqami orqali qidirish) veb-servisi server qurilmalarida nosozliklar kuzatilyapti. Adliya vazirligi shuning uchun notariuslar tomonidan ko‘chmas mulklar bilan bog‘liq bitimlarni notarial tasdiqlashda uzilishlar kuzatilishi mumkinligidan ogohlantirdi.

“Toshkent shahar elektr tarmoqlari” kompaniyasining soat 10:38 da chiqargan xabariga ko‘ra, hodisa 35/10/6 kVli “O‘zbekiston” podstansiyasidan chiquvchi kabel tarmog‘i shikastlanishi sabab yuzaga kelgan. Vujudga kelgan holat bartaraf etilgunga qadar iste’molchilar to‘liq boshqa tarmoqqa o‘tkazilgan.

Ayni paytda Yakkasaroy tumanining Konstitutsiya va Yunus Rajabiy mahallalari hamda Mirobod tumanining Abdulla Avloniy va At-Termiziy mahallalaridagi aholi iste’molchilari elektr energiyasidan uzilgan.