Yevrosiyoning raqamli rivojlanishi bilan shug‘ullanuvchi StrategEast tashkiloti Google kompaniyasi bilan hamkorlikda 12-iyun kuni Build with AI for Sustainable Growth mamlakatlararo loyihasini ishga tushirdi, deb xabar berdi StrategEast “Gazeta.uz"ga.
Dasturning ishga tushirilishi 12−14-iyun kunlari Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan CAMCA forumi doirasida 12-iyun kuni e’lon qilindi.
Bir necha oy davom etadigan dastur Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasidagi dasturchilarni sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda barqaror rivojlanish muammolariga yechim topish uchun birlashtiradi. Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston, Ozarbayjon, Armaniston va Gruziyaning eng yaxshi rivojlanish guruhlari 2024-yilning kuzida Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan yakuniy hakatonda o‘z loyihalarini taqdim etadi.
StrategEast`dan tashqari, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tadbirkorlik va biznes muhitini rivojlantirish loyihasi bilan Google dasturini amalga oshirishda hamkor hisoblanadi. Tashabbus mintaqa hukumatlari bilan kelishilgan holda, ularning ko‘magida amalga oshiriladi.
Google uchun dasturni qo‘llab-quvvatlash IT sohasi mutaxassislarini sun’iy intellekt vositalaridan foydalanishga o‘rgatish ishlarining bir qismidir, deyiladi xabarda. 2024-yil boshidan beri Google jamoasi Markaziy Osiyo va Kavkazning turli mamlakatlarida 27 ta seminar va vorkshop o‘tkazdi, ularda 900 ta dasturchi ishtirok etdi.
Dastur doirasida Google va StrategEast mutaxassislari kompaniyaning sun’iy intellektga asoslangan vositalaridan foydalangan holda texnik mutaxassislar uchun bir qator hakatonlar va seminarlar o‘tkazadi. Dastur Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasida barqaror rivojlanish muammolariga yechim topishga qaratilgan.
Dasturning yakuniy hakatonida ishtirokchilar quyidagi sohalarda barqaror rivojlanish uchun o‘zlarining prototiplari yoki tayyor mahsulotlarini taqdim etadi:
- havo va suv sifati;
- atrof-muhit, salomatlik va hayot sifati;
- yerlar degradatsiyasi, cho‘llanish, turlar xilma-xilligining kamayishi va natijada o‘rmonlarning kesilishi;
- suv resurslarini boshqarish va muhofaza qilish — qurib ketishdan himoya qilish;
- qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligini yaxshilash.
“Google sun’iy intellekt (SI) texnologiyalaridan foydalangan holda iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish muammolarini hal qilish ustida faol ishlamoqda. Biz yaqinda „SI-sprinterlar“ nomli oq kitobni — rivojlanayotgan mamlakatlar hukumatlari uchun SIning rivojlanish salohiyatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha tavsiyalar to‘plamini nashr qildik. Bizning asosiy tavsiyalarimizdan biri SI savodxonligini rivojlantirish va mahalliy SI innovatsiyalarini qo‘llab-quvvatlashga strategik yondashuvdir. Build with AI for Sustainable Growth dasturi ushbu muhim maqsadga erishishga hissa qo‘shadi, deb umid qilamiz”, — dedi Google`ning Markaziy Osiyo va Kavkazdagi hukumat va davlat siyosati bilan aloqalar rahbari Olga Skoroxodova.
Build with AI for Sustainable Growth Hackathon`da ishtirok etish uchun ushbu link orqali ariza topshirish mumkin. Hujjatlar 2024-yil 15-avgustgacha qabul qilinadi.
2023−2024-yillarda Google kompaniyasi StrategEast, Qozog‘iston Oliy ta’lim va fan vazirligi va O‘zbekiston raqamli rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda USAID`ning tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish loyihasi ko‘magida IT Hub loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Uning doirasida Qozog‘iston va O‘zbekistonning yetakchi universitetlaridan 1500 dan ortiq talabalar Google`dan sun’iy intellekt, mashina o‘rganish va bulutli texnologiyalar bo‘yicha ilg‘or kurslarni o‘tadi.
StrategEast — xalqaro moliya institutlari, rivojlanish agentliklari, global texnologiya kompaniyalari va Yevrosiyo hukumatlari bilan hamkorlikda Yevrosiyo raqamli iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha ish olib boruvchi mustaqil tashkilot. StrategEast notijorat tashkilot bo‘lib, AQSh, Ukraina, Gruziya, Qirg‘iziston va Qozog‘istonda o‘z vakolatxonalariga ega.
Google for Developers — Google texnologiyalari bilan ishlaydigan dasturchilar va startaplar hamjamiyatidir. Hamjamiyat a’zolari trening va sertifikatlash, mahalliy va xalqaro uchrashuvlar va Google konferensiyalarida qatnashish imkoniga ega. Jamiyat Markaziy Osiyo va Kavkaz aholisi uchun ochiq.