O‘zbekistonda keyingi yillarda prezident tashabbusi bilan biznes va tadbirkorlikka katta e’tibor berilmoqda. Chunki aynan tadbirkorlik aholi qatlamini yangi ish o‘rinlari bilan ta’minlab, ijtimoiy muammolar ko‘lamini qisqartirayotgan bo‘lsa, mamlakatda yaratilayotgan yalpi ichki mahsulotni ko‘paytirish hisobiga esa iqtisodiy muammolarga barham berilmoqda.

Islohotlarni jadal rivojlantirish hamda xududlarda ijtimoiy- iqtisodiy muammolarni manzilli bartaraf etish maqsadida 9000 dan ortiq mahallalarda hokim yordamchilari lavozimi joriy etildi. Hokim yordamchilarining asosiy vazifalari etib mahalladagi ijtimoiy-iqtisodiy holatni “xonadonbay” o‘rganish, mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan va ishsiz aholini, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘rgatuvchi o‘quv markazlariga yo‘naltirish, mahalladagi ishsizlarni bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirish, axolining tadbirkorlik va doimiy daromad keltiruvchi faoliyat bilan shug‘ullanishni yo‘lga qo‘yish maqsadida subsidiyalar olishiga ko‘maklashish hamda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga to‘siq bo‘layotgan muammolar tegishli tashkilotlar tomonidan hal etilishini tashkil etish belgilangan.

реклама

Natijada mahallabay ishlash tizimli yo‘lga qo‘yilib, aholini biznes va tadbirkorlikka jalb qilish va ularni kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish bo‘yicha shart-sharoitlar yaratilib, kambag‘allik darajasi pasayib bormoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yilda 181 ming nafar fuqaro kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitilgan, hokim yordamchilari tomonidan “mahallabay” mikroloyihalardan 51 mingtasi ishga tushirilib, 206 mingta ish o‘rinlari yaratilgan hamda 86 mingta yuridik va 98 mingta yakka tartibdagi tadbirkorlik subyektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Tartibli amalga oshirilgan chora tadbirlar negizida 2022-yildagi 14 foiz kambag‘allik darajasi 11 foizga qisqartirilgan.

Mahallabay ishlashni yanada rivojlantirish, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda aholi bandligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston prezidentining 9-yanvardagi “2024-yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish dasturi to‘g‘risida”gi PQ-7-son qarori qabul qilindi. Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida vazirliklar, idoralar, tijorat banklari, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda boshqa tashkilotlar xodimlaridan iborat ishchi guruh ro‘yxati shakllantirildi.

2024-yilning yanvar-fevral oylarida Oliy maktab xodimlaridan iborat ishchi guruh a’zolari tomonidan Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkentda iqtisodiy kompleks tashkilotlarining rahbar va xodimlari, hokim yordamchilari hamda aholiga O‘zbekiston prezidentining PQ-7-son qarorining mazmun-mohiyati, aholini kichik va o‘rta biznesga keng jalb qilish, ularning bandligini ta’minlash, zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha o‘quv seminarlari tashkil etilib, mahallalar kesimida tashviqot ishlari olib borildi.

реклама

Aholini tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish va bandligini ta’minlashda kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish samarali yechimdir. Oliy maktab va uning hududiy filiallarining asosiy vazifalaridan biri aholi va tadbirkorlik subyektlarini tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish hamda hokim yordamchilari uchun davr talabiga mos ravishda malaka oshirish kurslarini tashkil etish hisoblanadi.

Oliy maktabda tashkil etilayotgan o‘quv kurslarining boshqa ta’lim muassasalaridan farq qiluvchi tomoni shundan iboratki, ular o‘qitishning ko‘lamidan kelib chiqqan holda, shuningdek, tinglovchilar darajasini hisobga olgan va mantiqiy ketma-ketlikka to‘liq rioya qilgan holda tashkil etilgan. Jumladan: mahalla — tuman (shahar) — viloyat — respublika darajasida o‘qitish va malaka oshirish yo‘lga qo‘yilgan. Xususan:

  • mahalla (QFY) darajasida — mahallalalarda qisqa muddatli (1−2 kunlik) “Biznesni boshlash uchun yetti qadam” mavzusida seminarlar va mahorat darslari o‘tkaziladi. Ushbu seminarlarda qatnashib, keyinchalik tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan fuqarolar “Tadbirkorlik asoslari” o‘quv kurslarida tahsil olish uchun taklif etiladi;
  • tuman (shahar) darajasida — mahallalarda tanlab olingan hamda tadbirkorlik dasturlari orqali tijorat banklaridan uzoq va qisqa muddatli imtiyozli kredit olishni mo‘ljallagan aholi qatlamlari uchun “Tadbirkorlik asoslari” kurslarida o‘qitish izchil davom ettiriladi;
  • viloyatlar darajasida — tadbirkorlikni boshlab, lekin zarur bilim va ko‘nikmalarga muhtojlik sezayotgan o‘zini-o‘zi band qilganlar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar “Biznesni rivojlantirish” kurslari orqali chuqurlashtirilgan o‘quv kurslarida o‘qitiladi;
  • respublika darajasida — yirik xo‘jalik subyektlarining rahbar va xodimlari uchun xo‘jalik subyektlarini tashkil etish, rivojlantirish, mehnat resurlarini boshqarish, eksport-import faoliyatini amalga oshirish, korxonaning moliyaviy barqarorligini ta’minlash, davlat budjetiga soliqlar va soliq funksiyasini bajaruvchi majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida hamda to‘liqligicha to‘lab borish bilan bog‘liq bo‘lgan ko‘nikmalarni o‘rganish va tahlil qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.

O‘quv jarayoni va malaka oshirishning bunday ketma-ketlikda tashkil etilishi tadbirkorlarning ta’lim va tahsil olishini mantiq qoidalari asosida amalga oshirilishiga, o‘z navbatida, moliyaviy mablag‘larni va, eng asosiysi, vaqtni tejashga yaqindan yordam beradi va bermoqda.

Yaqinda prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan “Sayxunobod tajribasi” asosida respublikaning barcha mahallalarida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash hamda aholi daromadlarini oshirish yo‘llari belgilab berildi.

Oliy maktab va uning hududiy filiallari tomonidan ushbu tajribani to‘liq qo‘llab-quvvatlagan holda hokim yordamchilarida tadbirkorlikning moliyaviy manbalari, biznes mentorlik mohiyati, mahallaning “o‘sish nuqta”larini aniqlash, biznes reja ishlab chiqish ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida 2024-yilning 16 va 17-may kunlari faoliyatini yangidan boshlagan (2023-yilda ishga qabul qilingan) 2239 nafar hokim yordamchilari uchun malaka oshirish kurslari tashkil etilgani xududlarda biznes va tadbirkorlikka bo‘lgan ko‘nikmalarni yanada rivojlantirish bilan birga, kambag‘allik darajasini pasaytirishga qulay imkoniyat tug‘diradi.

Oliy maktab tomonidan hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, tadbirkorlik va bandlik tizimlarida asosiy bo‘g‘in bo‘lgan aholi va hokim yordamchilari uchun tashkil etilayotgan o‘quv va malaka oshirish kurslari aholi bandiligini ta’minlash hamda hududlarda tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga zamin yaratishi rejalashtirilgan.

Telefon: (+998) 71−239−03−05.
Adres: Mirobod tumani, ko‘ch. Mirobod, 25.

Sayt: rgsbm.uz
Facebook: fb.com/rgsbm.uz
Instagram: @gsbe.uz
Telegram: t.me/rgsbm_uz

Reklama huquqlari asosida.