O‘zbekiston prezidentining 2024-yil 24-maydagi farmoni bilan, OTMlarga o‘qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimida qator o‘zgarishlar joriy etilmoqda. Xususan, qabuldagi “avval test, so‘ng tanlov” tamoyili, davlat buyurtmasi parametrlarini davlat OTMlari kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinishi, shuningdek, ta’lim granti asosida o‘qigan talabalar uchun o‘qishni tugatgandan keyin kamida 3 yil ishlash majburiyati bekor bo‘layotgani e’tiborli o‘zgarishlardan.

“Gazeta.uz” bu tizimlar qanday ishlashi haqida batafsil bilish maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Ta’lim sifatini nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i Abdusamat Mamanazarov bilan suhbat uyushtirdi.

Foto: Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Foto: Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi

— Davlat buyurtmasi nima va u nega kerak?

— Davlat buyurtmasi respublika iqtisodiyot tarmoqlarining oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan istiqboldagi ehtiyojlarini belgilab beradi. Ya’ni kelgusida qaysi sohaga qancha va qanday mutaxassislik bo‘yicha kadr kerakligi tahlil qilinadi hamda shu asosda qabul parametrlari shakllantiriladi. Ushbu ehtiyojni to‘ldiruvchi, qoplovchi kvotalar o‘rni davlat buyurtmasi parametrlari hisoblanadi.

— Mazkur farmon nima uchun qabul qilindi?

— Ushbu farmon bilan oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalarini shakllantirish hamda belgilash, oliy va professional ta’lim muassasalariga “avval test, so‘ng tanlov” tamoyili asosidagi qabulni joriy etish, davlat grantlarining adolatli taqsimotini ta’minlash kabi muhim tartib va vazifalar belgilab berildi.

Ushbu farmonning qabul qilinishi natijasida oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlarining yangi formati — abituriyentlarni adolatli saralash ta’minlanadi, avvalo, eng iqtidorli va bilimli talabalar qabuli amalga oshiriladi, deb hisoblaymiz.

— Farmon bilan davlat buyurtmasi parametrlarini OTM kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinyapti. Parametrlar kunduzgi ta’lim shaklida taqsimlanadi. Ammo bundan oliy harbiy hamda harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari mustasno deyilgan. Nega bunday talab kiritildi va nima uchun OTMlar kesimida taqsimlanmaydi?

— Barchamizga ma’lumki, o‘tgan yillarda davlat buyurtmasi parametrlari (davlat granti kvotalari) oliy ta’lim muassasalari kesimida taqsimlangan. Ushbu kvotalarga qabul ham ushbu oliy ta’lim muassasasini tanlagan abituriyentlarning to‘plagan ballari asosida amalga oshirilgan. Biroq ushbu tartib ba’zi bir abituriyentlarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lgan. Masalan, bir abituriyent 145 ball bilan Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasasiga ma’lum bir yo‘nalishga davlat grantiga tavsiya etilmadi, biroq boshqa bir abituriyent aynan bir xil bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga, faqat boshqa oliy ta’lim muassasasiga 100 ball bilan davlat grantiga talabalikka tavsiya etilgan.

Davlat granti kvotalarining oliy ta’lim muassasalari kesimida emas, yo‘nalishlar kesimida taqsimlanishi kelgusida yuqoridagi kabi holatlarning oldini oladi.

— Harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari nega bu tartibdan istisno qilinyapti?

— Oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalarida qabul kvotalarini shakllantirish, kadrlar tayyorlash va yo‘nalishlar xususiyatlari turlicha. Jumladan, ushbu oliy ta’lim muassasalariga kirishda abituriyentlar uchun oliygoh va yo‘nalish xususiyatlaridan kelib chiqib, ularning jismoniy va psixologik imkoniyatlarini tekshiruvchi imtihonlar o‘tkaziladi.

Farmonda belgilangan tartiblar oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalariga tatbiq etilmaydi va ularda qabul jarayonlari amaldagi tartibda saqlanib qoladi.

— Davlat buyurtmasi taqsimlanishida xususiy OTMlar ham qatnashadimi?

— Farmonda davlat oliy ta’lim muassasalari uchun o‘rnatilgan tartib va shartlar bo‘yicha talabalar qabulini amalga oshiruvchi oliy ta’lim tashkilotlariga davlat buyurtmasining taqsimotida ishtirok etishga ruxsat etilishi, bunda tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bir talaba uchun ajratiladigan mablag‘ moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy ta’lim muassasalarida bir talaba uchun to‘g‘ri keladigan o‘rtacha xarajat miqdoridan oshmagan hajmda moliyalashtirilishi belgilangan.

Shu bilan birga, har yili O‘zbekiston Respublikasidagi xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalariga ham davlat buyurtmasi parametrlari ajratilib kelinmoqda. Jumladan, 2023-yilda xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalariga ajratilgan davlat granti kvotasi 1000 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yilda bu 1200 tani tashkil etishi kutilmoqda.

— Davlat OTMlari uchun o‘rnatilgan tartib va shartlar bo‘yicha talabalar qabulini amalga oshiruvchi OTM davlat buyurtmasining taqsimotida ishtirok etishga ruxsat etiladi. Bunda tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bir talaba uchun ajratiladigan mablag‘ moliyaviy mustaqillik berilgan davlat OTMlarida bir talaba uchun to‘g‘ri keladimi? Mazkur norma nima uchun qabul qilindi?

— Bir talabani o‘qitish uchun moliyalashtirish miqdorining aniq belgilanish zarurati nodavlat oliy ta’lim muassasalarida o‘qitish xarajatlari, ya’ni bir talaba uchun belgilangan kontrakt to‘lovlari miqdorining bir-biridan keskin farqlanishi bilan izohlanadi.

— Nega pedagogika ustuvor yo‘nalish sifatida kiritilmagan?

— Chunki shu paytgacha ham pedagogik yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlash salmog‘i ancha oshdi. Ya’ni oldin 5 ta pedagogika instituti bo‘lgan. Hozirgi kunda barcha hududda alohida pedagogika oliygohlari tashkil etildi. Yoshlarda ham pedagogik yo‘nalishlarga bo‘lgan qiziqish baland. Bu ushbu yo‘nalishlarda o‘qish istagini bildirayotgan abituriyentlar soni va ajratilgan qabul kvotalarining qoplanayotganida ham ko‘rinadi.

Shu bilan birga, har yili maktabgacha va maktab ta’lim sohasi uchun respublika hududlari kesimida davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari ajratilib kelinmoqda.

Iqtisodiyot tarmoqlarining muhandislik sohasi, tabiiy va aniq fanlar sohalari bo‘yicha oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlari kundan-kunga ortib bormoqda. Bugungi davr zamonaviy texnika, texnologiya davri ekani ham muhandislik, aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha kadrlarga talab yildan-yilga ortib borishini ko‘rsatadi.

Shunga ko‘ra, istiqboldagi kadrlarga bo‘lgan talablar, imkoniyatlar tahlil qilinib, davlat buyurtmasi parametrlarini shakllantirishda muhandislik, tibbiyot, aniq va tabiiy fanlar yo‘nalishlariga ustuvorlik berilishi belgilandi.

— Davlat granti kvotalarining oliy ta’lim tashkilotlari kesimida taqsimoti tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarning ta’lim tanlovi yo‘nalishi va to‘plagan ballariga ko‘ra amalga oshirilishi aytilgan. Bu tizim haqida batafsil ma’lumot bering va yangi tartibga ko‘ra, OTM tanlashdan ma’no yo‘qmi? Ya’ni talaba kerakli ballni to‘pladi, mutaxassislik tanladi, lekin o‘zi xohlagan OTMni tanlay desa, u yerda joy qolmagan.

— Prezidentning 2024-yil 24-maydagi 81-sonli farmoniga asosan, 2024/2025 o‘quv yili uchun bakalavriatga qabul bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishning birinchi bosqichi 2024-yil 5-iyun kunidan boshlandi va 25-iyungacha davom etadi.

Bunda abituriyentlarga:

a) faqat test sinovlari o‘tkaziladigan yo‘nalishlar uchun test topshiradigan fanlar, ta’lim tili, test topshirish hududini tanlash;

b) ijodiy imtihon o‘tkaziladigan yo‘nalishlar uchun yuqoridagilarga qo‘shimcha ravishda, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va ijodiy imtihon topshiriladigan oliygohni tanlash imkoniyati yaratildi.

Ro‘yxatdan o‘tishning birinchi bosqichi yakunlangandan so‘ng ijodiy imtihonlar, test sinovlari o‘tkaziladi.

Test sinovlari to‘liq, ya’ni barcha hududlarda yakunlangandan so‘ng, 15 kun davomida ro‘yxatdan o‘tishning ikkinchi bosqichida abituriyentlar test ballaridan kelib chiqib:

  • 5 tagacha oliygoh (yo‘nalish), ta’lim shaklini, tanlov ustuvorligini;
  • ijodiy imtihon o‘tkazilgan yo‘nalishlar uchun qo‘shimcha ravishda tanlangan yo‘nalish bo‘yicha 5 tagacha oliygohni tanlashi mumkin.

Tanlov natijalariga ko‘ra, oliygohlarga talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar uchun to‘plagan bali bilan fanlar majmuasi to‘g‘ri keladigan professional ta’lim muassasasiga kirish imkoni yaratiladi.

Bunda ushbu toifadagi abituriyentlar uchun professional ta’lim muassasalarini tanlashiga alohida muddat ajratiladi.

— Natija nimaga qarab taqsimlanadi?

— To‘plagan baliga qarab. Mana, masalan, kimyo, biologiya va uchta majburiy fandan 2000 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tib, test sinovlarini topshirdi deylik. Birinchida turgan abituriyent 189 ball oldi, keyingisi 188 ball yig‘gan… ro‘yxatning oxiridagi abituriyent 47 ball oldi. Ro‘yxatning boshidagi 189 ball olgan abituriyent birinchi qaysi oliy ta’lim muassasasini, ta’lim yo‘nalishini tanlagan bo‘lsa, o‘sha tanlangan oliy ta’lim muassasasi, ta’lim yo‘nalishiga davlat granti bo‘yicha o‘qishga kiradi. Misol uchun, Davolash ishi yo‘nalishiga jami 500 ta grant kvota ajratilgan bo‘lsa, eng yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lgan 500 nafar abituriyent ham grantga da’vogarlik qila oladi.

— ToshMIga qancha davlat granti asosidagi kvota ajratilishi qachon ma’lum bo‘ladi?

— Yuqorida aytganimizdek, Toshkent tibbiyot akademiyasiga nechta davlat granti ajratilishi mos fanlar majmuasi bo‘yicha test sinovlari topshirib, eng yuqori ball to‘plagan va Toshkent tibbiyot akademiyasini tanlagan abituriyentlar sonidan kelib chiqib belgilanadi. Xulosa qilib aytganda, qaysi oliy ta’lim muassasasiga qancha davlat granti ajratilishi test sinovlari, abituriyentlarning oliy ta’lim muassasasi, ta’lim yo‘nalishini tanlash muddatlari yakunlanib, tanlov natijalari e’lon qilingandan so‘ng aniq bo‘ladi.

— Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi 2024−2025 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim tashkilotlari talabalariga davlat grantini ijtimoiy rag‘batlantiruvchi grant va ta’lim granti shakllariga ajratish taklifini ilgari surdi. Ular nimasi bilan farq qiladi? Mazkur ikki toifani kiritish nima uchun kerak bo‘ldi?

— Masalan, davlat grantiga kirish uchun hamma abituriyentlar oylab, yillab jiddiy tayyorlanadi. Ammo yuqori ball olib, grantga o‘qishga kirib olganidan keyin o‘qishida sustlashish kuzatilishi mumkin.

Boshqa bir holatda: qaysidir abituriyent harakat qildi, tayyorlandi, lekin to‘plagan bali yetmagani sababli grantga emas, kontraktga o‘qishga kirdi.

Ushbu birgina holat, ya’ni kirish imtihonlarida to‘plangan ball talabalarning butun o‘qish davri uchun to‘lov shaklini belgilab beradi.

Mazkur yangi tartib abituriyentlarning o‘qishga kirganidan keyin ham yaxshi o‘qishiga undaydi, motivatsiya beradi. Bundan tashqari, kontraktga kirgan talabalar ham o‘qish davrida o‘zining tirishqoqligi, yaxshi o‘zlashtirishi, darslardagi ishtiroki, ijtimoiy faolligi bilan grantga da’vogarlikka harakat qiladi. Bu tartib bevosita ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan.

Oldin barchasining umumiy nomi faqat davlat granti edi. Endi u ikki toifaga bo‘lindi: ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant va ta’lim granti. Ijtimoiy rag‘batlantiruvchi grantga maqsadli kvotalar va imtiyozli kvotalar bo‘yicha talabalikka erishganlar kiradi, ularga grant butun o‘qish davri uchun beriladi. Ta’lim granti esa belgilangan kvotaga o‘z bilimi bilan hujjat topshirib, talaba bo‘lganlarga bir o‘quv yili uchun beriladi. Keyingi o‘quv yilidan esa ular yana raqobatlashadi, bunda eng yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lgan talabalar davlat grantini o‘zida saqlab qolishi mumkin yoki oldin kontraktda o‘qiganlar grantni qo‘lga kiritishi mumkin.

— Bu jarayonni har bir OTMning o‘zi belgilab, hal qiladimi?

— Ha. Masalan, O‘zMUning fizika yo‘nalishida jami 40 ta kvota bor edi, 10 tasi grant, qolgani kontrakt. Keyingi o‘quv yilida 40 nafar bolaning GPA ko‘rsatkichidan kelib chiqib, yuqoridagi 10 nafar bola davlat grantiga tanlanadi. Kimlardir kontraktga tushib ketishi, ayrimlar grantga chiqishi mumkin.

— Stipendiya faqat to‘liq ta’lim granti yutgan talabalarga to‘lanishi belgilangan. Demak, to‘liq ta’lim granti ham qoldimi, qaysi shartlarda?

— Farmonda bu bo‘yicha hukumat qarori loyihasi ishlab chiqilishi ko‘rsatilgan. Loyihani ishlab chiqish endi boshlanyapti, u tasdiqlanganidan keyin bu masala bo‘yicha fikr bildiramiz.

— Nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari va boshqalar to‘liq ta’lim grantini oladimi? Yana kimlar bu ro‘yxatga kiradi?

— Umumiy qabuldan tashqari imtiyoz asosida o‘qishga kirganlarning barchasi ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant hisoblanadi.

— Ta’lim granti asosida tahsil olgan talabalarning o‘qishni tamomlaganidan so‘ng kamida uch yil ishlab berish majburiyati bekor qilinadi. Nega bu oldin muhim bo‘lgan va hozir esa bekor qilinmoqda?

— Oldin chekka hududlardagi oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qoplash uchun yo‘lga qo‘yilgan. Ehtiyoj hali ham bor. Ushbu ehtiyojlar maqsadli kvotalar ajratish orqali to‘ldiriladi. Maqsadli kvotada o‘qiydigan talabalarda ishlab berish majburiyati saqlanib qolinyapti. Chunki u o‘sha hududda besh yil ishlab berish majburiyatini olgani uchun grant asosida tahsil oladi.

Ta’lim grantidan nima sababdan bekor bo‘lyapti, degan savol tug‘ilishi mumkin. Sababi 4 yil davomida bitta grant o‘rnida har yili turli talaba, ya’ni 4 nafar talaba ham tahsil olishi mumkin. Bunday holatda ishlab berish majburiyati kimga yuklatilishi mavhum bo‘lib qoladi.

Yuqoridagi holatlarga ko‘ra, ta’lim granti bo‘yicha tahsil olgan talabalarning ishlab berish majburiyati bekor qilinmoqda.

— Kechki va sirtqi bo‘limlar uchun ajratilgan o‘rinlar soni kunduzgi ta’lim bo‘yicha o‘rinlar sonidan oshmasligi kerak. To‘g‘ri tushundimmi? Ilgari bunday emasmidi?

— OTMning kechki, sirtqi va masofaviy ta’lim bo‘yicha o‘rinlarining umumiy soni kunduzgining umumiysidan oshmasligi kerak, degan norma joriy qilinyapti.

Bundan kutilayotgan natija ta’lim sifatiga e’tibor qaratishdir. Zero, har qanday ta’lim shaklining asosini kunduzgi ta’lim shakli tashkil qiladi. Ya’ni boshqa ta’lim shakllari bo‘yicha o‘quv rejalari, dasturlari kunduzgi ta’lim shakli asosida ishlab chiqiladi.