Tarmoqlarda Samarqand viloyatida ichki ishlar organi xodimining fuqarolar bilan janjallashuvi va ularga, xususan, homilador ayolga qo‘l ko‘targani aks etgan video tarqaldi.

Unga ko‘ra, IIB xodimi erkakka kamera ostida gaplashishini aytib, uni o‘sha yerga olib borishga majburlamoqchi bo‘lgan. “Birinchi buyruq bajariladi, keyin muhokama qilinadi”, — deya fuqaroni kaltaklab ketgan u. Voqeaga o‘sha yerda bo‘lgan, qo‘lida bola ko‘targan homilador ayol ham aralashgan. Xodim unga ham kuch ishlatgan. Shu paytda boshqa bir xodimi yetib kelib, ularni ajratgan.

Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati holat 9-iyun kuni Samarqand shahrida sodir bo‘lganini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, tungi xizmatga jalb qilingan profilaktika inspektori S.Eshonqulov soat 22:00 atrofida shaharning Dahbet ko‘chasidagi avtomobil yo‘lining qatnov qismida fuqarolarning janjal qilayotganini ko‘rgan va ularni 6-sonli IIBga olib borgan.

Ularning sodir etgan harakatini rasmiylashtirishi davomida inspektor va fuqarolar o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan. Jarayonda IIO xodimi ikki nafar fuqaro (biri videoda ta’kidlaganidek, homilador ayol)ga nisbatan amaldagi qonunchilikka zid ravishda jismoniy kuch ishlatgan, deyiladi xabarda.

Holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, xodim ichki ishlar organlari safidan bo‘shatilgan. Hujjatlar prokuratura organlariga yuborilgan.