11-iyun kuni Yaponiya hukumatining “Kichik miqyosli ijtimoiy loyihalarga beg‘araz yordam” dasturi doirasida Buxoro viloyati Romitan va Peshku tuman tibbiyot birlashmalariga tibbiyot jihozlari topshirildi. Bu haqda Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi “Gazeta.uz”ga xabar berdi.

Uskunalarning umumiy qiymati taxminan 182 ming dollarni tashkil etadi. Bu galgi Yaponiyaning hamkorligi orqali shifoxonalar rentgen diagnostika uskunasi va operatsiya uchun mo‘ljallangan uskunalar bilan jihozlanib, yanada xavfsiz va mos diagnostika hamda operatsiyani amalga oshirish imkoniyati yaratildi.

“Yaponiya barcha insonlar o‘z qadr-qimmatini his qilgan holda yashay oladigan jamiyat qurishni targ‘ib qiluvchi „Insonlar xavfsizligini ta’minlash“ tamoyiliga alohida ahamiyat qaratadi. Biz bundan keyin ham O‘zbekistonda yuqori sifatli sog‘liqni saqlash xizmatlari imkoniyatlarini yaxshilashga qaratilgan hamkorlikni davom ettiramiz”, — deyiladi Yaponiya elchixonasi xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda Yaponiya O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyatiga o‘zbek tilidagi kitoblar va o‘quv materiallari ishlab chiqarish va Brayl alifbosiga tarjima qilish uchun dasturiy ta’minot sifatida Brayl yozuvidagi printerlarni taqdim etgandi.