O‘zbekistonda may oyida aholi tomonidan sezilgan inflyatsiya darajasi aprel oyiga nisbatan biroz tezlashib, 14 foizni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati e’lon qilgan infografikada ma’lumot berilgan.
Sezilgan inflyatsiya darajasining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahrida (17,4 foiz), eng past darajasi esa Qoraqalpog‘iston Respublikasida (10,2 foiz) kuzatildi.
Infografika: Markaziy bank
May oyida aholi eng ko‘p dorilar, benzin va yonilg‘i, qurilish mollari narxida yuqori o‘sish kuzatilganini qayd etgan.
Daromadlari 5 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan aholining sezilgan inflyatsiya darajasi nisbatan yuqori darajada shakllandi.
Hududlar kesimida sezilgan inflyatsiya bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlar Toshkent shahri, Samarqand va Andijon viloyatlarida qayd etildi. Toshkentdagi respondentlarning 36 foizi 21 foiz va undan yuqori inflyatsiyani sezganini qayd etgan. Samarqandda 56 foiz, Andijonda esa 53 foiz respondent 9−20 foizlik inflyatsiya darajasini sezgan.
Eslatib o‘tamiz, may oyida O‘zbekistonda yillik rasmiy inflyatsiya darajasi 10,55 foizni tashkil etdi.