Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar ishlab chiqilib, qonunchilik tashabbusi asosida parlament quyi palatasiga kiritildi. Bu haqda palata matbuot xizmati xabar berdi.

Qonun loyihasi “hozirgi globallashuv sharoitida O‘zbekiston suvereniteti va hududiy yaxlitligini muhofaza qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilash zaruratidan” kelib chiqadi, deyiladi xabarda. Uni ishlab chiqishda Qozog‘iston, Ozarbayjon, Rossiya, Polsha, Belarus, Xitoy va boshqa mamlakatlar tajribasi hisobga olingan.

Qonunga chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni O‘zbekistonda bo‘lishi nomaqbul deb topish asoslari va tartibini kiritish taklif qilinmoqda.

Quyidagi mazmundagi ommaviy chiqishlar yoxud harakatlar qilish nomaqbul deb e’tirof etish uchun asos bo‘lishi mumkin:

  • O‘zbekistonning davlat suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xavfsizligiga zid;
  • davlatlararo, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni keltirib chiqaruvchi;
  • O‘zbekiston xalqining sha’ni, qadr-qimmati yoki tarixini tahqirlovchi.

Mamlakatda bo‘lishi nomaqbul deb topilgan shaxslarga besh yil muddatga quyidagilarni taqiqlash taklif etilmoqda:

  • O‘zbekistonga kirish;
  • O‘zbekiston banklarida hisobvaraq ochish;
  • ko‘chmas mulk sotib olish;
  • davlat mulkini xususiylashtirishda ishtirok etish;
  • moliyaviy va shartnomaviy munosabatlarga kirishish.

O‘zbekistonda vaqtincha yoki doimiy yashovchi shaxsning nomaqbul deb topilishi uning mamlakatda qonuniy yashash va bo‘lish huquqining bekor qilinishiga hamda deportatsiyasiga olib kelishi mumkin.

Qonun loyihasida nomaqbul deb topilgan shaxslarni deportatsiya qilish asoslari va tartibi ham belgilab berilgan. Xususan, Tashqi ishlar vazirligidan nomaqbul deb topilgani to‘g‘risida bildirishnoma olgan shaxs 10 kun ichida O‘zbekistonni ixtiyoriy ravishda tark etishi kerak bo‘ladi. Agar bu shart bajarilmasa, shaxs deportatsiya qilinadi, ya’ni mamlakatdan majburan chiqarib yuboriladi.

“Qonun loyihasi O‘zbekistonning davlat suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xavfsizligini mustahkamlashga, yurtimizda davlatlararo, millatlararo, dinlararo ahillik, totuvlikni himoya qilishga hamda O‘zbekiston xalqining sha’ni, qadr-qimmati va tarixi hurmat qilinishini ta’minlashga qaratilgan”, — deyiladi xabarda.