O‘zbekistonda uy-joy ko‘chmas mulk bozori ketma-ket ikkinchi oy ijobiy dinamikani ko‘rsatmoqda. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, aprel oyida sotuvlar 11 foizga, may oyida esa 9 foizga oshgan.

Markaz mutaxassislarining aytishicha, bir oz sekinlashuvga qaramay, ijobiy tendensiyaning davom etishi ushbu segmentdagi iste’molchilar faolligining barqaror jonlanayotganidan dalolat beradi.

Shuningdek, may oyida ikkilamchi uy-joy bozoridagi narxlar o‘rtacha darajada oshdi va yillik o‘sish 10 foizdan ortiqni tashkil etdi, bu iqtisodiyotdagi umumiy inflyatsiya darajasiga yaqin hisoblanadi.

May oyida 21,6 mingta uy-joy sotildi, bu o‘tgan oyga nisbatan 9 foizga ko‘proq hisoblanadi. Shunga qaramay, uy-joy bozoridagi faollik 2023-yilning may oyiga nisbatan 15,2 foizga kamaydi. Joriy faollik darajasi hali ham bir yil oldingi darajadan past bo‘lib qolmoqda, bu esa talabni cheklovchi doimiy omillarni ko‘rsatmoqda, deya qayd etgan ITIM.

Infografika: Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziInfografika: Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Hududlar kesimida uy-joy savdosining eng katta o‘sishi Samarqand (qariyb 21 foiz), Andijon (19,3 foiz) va Namangan viloyatlarida (15 foiz) kuzatildi.

Toshkent uy-joy ijara bozori

May oyida uy-joy ijara bozori aprel oyidagi pasayishga nisbatan mo‘’tadillashdi. Poytaxtning aksariyat tumanlarida sezilarli o‘sish qayd etilmadi, 1,2 foizni tashkil etdi. Toshkentda uy-joy ijarasi narxi bir kvadrat metr uchun 8,4 dollarni tashkil etdi.

Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi yuqoriligicha qolmoqda, bu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 10,5 dollar bo‘lib turibdi. Nisbatan arzon uy-joy ijara narxlari Uchtepa, Sergeli va Bektemir tumanlarida saqlanib qolmoqda. Shu bilan birga, 2023-yilning may oyiga nisbatan poytaxt ijara bozori 6,7 foizga qisqardi.

Ikkilamchi uy-joy bozori

May oyida mamlakat bo‘yicha ikkilamchi uy-joy narxlari 1,3 foizga, yillik hisobda esa 10,3 foizga oshdi (inflyatsiya ko‘rsatkichlariga yaqin ko‘rsatkich).

O‘tgan oyda mamlakatda ikkilamchi uy-joylar narxlari dinamikasi o‘rtacha o‘sish ko‘rsatdi va o‘rtacha narxlar o‘tgan oyga nisbatan 1,3 foizga oshdi. Yillik ko‘rsatkichlarda narxlarning sezilarli darajada (10,3 foiz) o‘sishi kuzatilmoqda, ko‘rsatkich iqtisodiyotdagi umumiy inflyatsiya darajasiga yaqinlashmoqda.

“Shunday qilib, oylik dinamikasining bir oz yumshatilishiga qaramay, ikkilamchi uy-joy narxlarining uzoq muddatli o‘sish tendensiyasi davom etmoqda”, — deya qayd etgan markaz.

Oy davomida ikkilamchi uy-joy narxlarining eng yuqori o‘sishi Buxoro, Qashqadaryo, Toshkent, Xorazm viloyatlarida qayd etildi, ularda narxlar o‘rtacha 18,7 foizga oshgan.

May oyida narxlarning sezilarli darajada oshishi qayd etilgan hududlardagi vaziyatdan farqli o‘laroq, poytaxt ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar holati sezilarli o‘zgarishlarsiz saqlanib qoldi va o‘sish 1,1 foizni tashkil etdi. Bu o‘tgan oy ko‘rsatkichlari bilan deyarli bir xil. Yillik ko‘rsatkichda (2023-yil may oyiga nisbatan) poytaxtda ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar o‘sishi 11,1 foizni tashkil etdi.

иқтисодий tadqiqotlar va islohotlar markazi, uy-joy bozori

May oyida narxlarning eng yuqori o‘sish sur’atlari Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor va Uchtepa tumanlarida qayd etildi. Narxlarning eng yuqori o‘sishini ko‘rsatgan ushbu uchta hudud uchun o‘rtacha hisobda ikkilamchi uy-joy narxining o‘sishi 1,5 foizni tashkil etdi.