1-iyuldan mahalliy yo‘nalishlardagi yo‘lovchi poyezdlar — “Nasaf”, “Sharq”, “O‘zbekiston” poyezdlari chipta narxlarining tarif qismi 25 foizga oshiriladi. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ matbuot xizmati xabar berdi.

Narxlar oshirilishi “yo‘lovchi poyezdlarda qo‘shimcha servis xizmatlarini joriy etish, ularni yanada rivojlantirish, yo‘lovchi vagon parklarini yangilash, modernizatsiya qilish, yangi elektropoyezdlarni xarid qilish, vokzallarni zamon talablariga moslashtirish” bilan izohlangan.

Masalan, 12, 4-sonli Toshkent — Qarshi yo‘nalishi avvalgi narxlari ekonom — 150 600, biznes 218 244 so‘m bo‘lsa, yangi narxda ekonom — 178 250, biznes — 262 805 so‘mni tashkil qiladi, deyiladi xabarda.

O‘zbekistonda 2024-yil 20-yanvardan mahalliy poyezdlar biletlari narxi oshgandi. Xususan, “Afrosiyob” elektropoyezdlari hamda “Sharq”, “Nasaf” va “O‘zbekiston” tezyurar poyezdlarining chiptalari narxi 20 foizga ko‘tarilgan.

15-maydan esa “Afrosiyob” elektropoyezdlarining chiptalari narxi ekonom klass uchun 20 foiz, biznes klass uchun 30 foiz va VIP klass uchun 40 foizga oshirilgandi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” narxlar oshishini elektr-energiya, yoqilg‘i, logistika va transport xarajatlarini qoplash maqsadi bilan izohlagan.