Qanot Sharq aviakompaniyasi O‘zbekistonning ikki shahridan Istanbulga muntazam yo‘lovchi qatnovlarini yo‘lga qo‘ymoqda. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar qildi.

11-iyundan Istanbul va Namangan o‘rtasida havo qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Parvozlar haftada bir marta seshanba kunlari Airbus A321 samolyotlarida amalga oshiriladi. Shuningdek, 13-iyundan boshlab aviatashuvchi Qarshi — Istanbul — Qarshi yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni boshlaydi. Parvozlar haftada bir marta payshanba kunlari Airbus A321 samolyotlarida amalga oshiriladi.

Iyun oyi yakuniga O‘zbekistonning sakkiz shahridan — Toshkent, Samarqand, Buxoro, Urganch, Nukus, Farg‘ona, Namangan va Qarshidan Istanbulga to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam qatnovlar amalga oshiriladi.

Shuningdek, Qanot Sharq aviakompaniyasi yaqin orada Qarshidan yana ikki yo‘nalish Qarshi — Moskva — Qarshi va Qarshi — Sankt-Peterburg — Qarshi yo‘nalishlarida parvozlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan.