AQSh Moliya vazirligi shu hafta Rossiyaga qarshi ikkilamchi sanksiyalar dasturining kengayganini e’lon qiladi, deb xabar bermoqda Financial Times. Endi Rossiyaning sanksiyalangan tashkiloti bilan tranzaksiyalarni amalga oshiradigan har qanday xorijiy moliya instituti Rossiya mudofaa kompaniyalari bilan bevosita ishlagan deb hisoblanadi.

Ushbu chora prezident Jo Baydenning dekabr oyidagi farmonini kengaytiradi, bu AQSh Moliya vazirligiga, agar ular Amerika hukumati Rossiya harbiy sanoati bilan bog‘liq deb hisoblagan 1200 ga yaqin korxona manfaatlari yo‘lida yoki nomidan bitimlar tuzgan bo‘lsa, xorijiy banklarga ikkinchi darajali sanksiyalarni joriy etishga ruxsat beradi, deyiladi materialda.

O‘zgarishlar kuchga kirgach, bu raqam 4500 dan oshadi va hatto Ukrainadagi urushni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra sanksiyalarga uchragan Rossiyadagi deyarli barcha tashkilotlarni qamrab oladi. Bularga Rossiyaning eng yirik banklari — Sberbank va VTB ham kiradi, deya misol keltiradi FT.

AQSh ikkilamchi sanksiyalar mexanizmi joriy etilgandan so‘ng uchinchi mamlakatlar banklari yuqori darajadagi xavf tufayli rossiyalik mijozlar bilan “muomala qilishdan bosh tortdi”, deb yozdi nashr. Oqibatda 2024-yil boshida Rossiyaga harbiy import oqimi qisqardi, chunki bu tovarlarning transchegaraviy savdosini moliyalashtirish hatto AQSh bilan aloqalari bo‘lmagan banklar uchun ham xavfliroq bo‘lib qoldi.

AQSh ikkilamchi sanksiyalarning kuchaytirilishi uchinchi mamlakatlar, xususan, Xitoy banklarini Rossiya bilan biznes yuritishdan tiyadi, deb yozadi FT.