11-iyun, seshanba kuni O‘zbekistonga tashrif bilan kelgan AQSh Savdo vakili, elchi Ketrin Tayning rasmiylar bilan uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Xususan, elchi O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov bilan uchrashdi, deb xabar qildi vazirlik matbuot xizmati.
Tomonlar O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik holatini muhokama qildi hamda tovar ayirboshlash hajmini oshirish va O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish jarayonini faollashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilab oldilar.
Amerika tomoni AQSh Kongressining Umumiy imtiyozlar tizimi dasturini jonlantirish va yangilash bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi va O‘zbekiston eksportini diversifikatsiya qilishni qo‘llab-quvvatlashda GSP rolini e’tirof etdi. Elchi Ketrin Tay ham O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni olqishladi.
Tomonlar raqamli savdoni rivojlantirish maqsadida qonunchilikni uyg‘unlashtirish masalalari bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilishga o‘zaro tayyorligini bildirdi.
Ketrin Tay Amerika tomoni O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha qat’iyat bilan harakat qilayotganligini hamda O‘zbekistondagi savdo rejimini JST qoidalari va tamoyillariga muvofiqlashtirishga qaratilgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Ketrin Tay O‘zbekistonni intellektual mulk huquqlarini himoya qilish va ta’minlash sohasidagi barqaror ijobiy o‘zgarishlar tufayli Maxsus 301 kuzatuv ro‘yxatidan chiqarilgani bilan tabrikladi. Tomonlar bu borada yaqin hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
“Ta’kidlanganidek, oshkoralik va o‘zaro maslahatlashuv yanada samarali me’yoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, notarif to‘siqlarning oldini olish va kamaytirish, xalqaro savdo majburiyatlariga rioya etilishini qo‘llab-quvvatlash uchun zamin yaratadi, shuningdek, iqtisodiyotning uzoq muddatli barqarorligini oshirish va investitsiyalarni jalb qilishga xizmat qiladi”, — deyiladi vazirlik xabarida.
Ketrin Tay, shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev bilan ham uchrashdi.
Ketrin Tay 2017-yildan boshlab O‘zbekistonda mehnat sohasida katta islohotlar amalga oshirilayotganini e’tirof etib, O‘zbekistonning majburiy mehnatni yo‘q qilish, bolalar mehnatiga barham berish bo‘yicha olib borgan ishlari AQSh tomonidan olqishlanishini alohida ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, mehnat qonunchiligini ta’minlash yo‘lidagi islohotlar uchun O‘zbekiston tomonini tabriklaymiz, dedi.
Muloqotda 2019-yilda AQSh O‘zbekiston paxtasini “Majburiy mehnat va bolalar mehnatidan foydalanilgan holda yetishtirilgan mahsulotlar ro‘yxati”dan chiqargani, 2020-yilda AQSh tomonidan O‘zbekistonga nisbatan qo‘llangan 12 yillik GSP monitoringi tugatilgani, shuningdek, 2022-yilda Cotton Campaign xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan O‘zbekistonning paxta mahsulotlariga e’lon qilingan boykoti bekor qilingani katta mamnuniyat bilan qabul qilinadigan voqelik ekanligi qayd etildi.
Shuningdek, AQSh Savdo vakili O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti a’zoligiga tez fursatlarda qo‘shilishini Qo‘shma Shtatlar hukumati to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.
Muloqotda O‘zbekiston AQSh Mehnat vazirligi, Xalqaro xususiy tadbirkorlik markazi (CIPE) va Birdamlik markazi (Solidarity Center) bilan turli sohalarda munosib mehnat sharoitlarini yaratish, qonunchilikni ta’minlash va takomillashtirish, shu orqali xalqaro mehnat standartlarini amaliyotga joriy qilish bo‘yicha faol hamkorlik qilib kelayotgani qayd etildi.
Ketrin Tay hozirda AQSh hukumati ishchi-xodimlar huquqlariga ustuvorlik beruvchi yangi savdo siyosatini ishlab chiqayotganini ma’lum qildi. Shundan kelib chiqib, kelajakda majburiy mehnatni keltirib chiqaruvchi xavflarni erta aniqlash, kasaba uyushmalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, mehnat inspektorlari huquqlarini kengaytirish yo‘nalishlarida hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi.
Shu bilan birga, prezident Shavkat Mirziyoyev 11-iyun kuni Amerika Qo‘shma Shtatlarining savdo vakili Ketrin Tayni qabul qilgani haqida xabar berilgandi. Uchrashuvda strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilingani qayd etildi.
O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi, GSP tizimini qayta tiklash, C5+1 formati hamda Savdo va investitsiyalar bo‘yicha hadli bitim doirasida amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi, deyiladi xabarda.
Sanoat kooperatsiyasi uchun yangi sohalarni aniqlash va tegishli loyihalarni ilgari surish bo‘yicha qo‘shma platformani ishga tushirish muhim ekani ta’kidlandi.