BMTning mustaqil xalqaro komissiyasi 7-oktabr kuni HAMASning Isroilga uyushtirgan hujumi va undan keyingi urushni o‘rganib chiqib, mojarodagi har ikki tomon ham harbiy jinoyat sodir etgan, degan xulosaga keldi.

Komissiya hisoboti 2023-yil oktabridan dekabrigacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi va ochiq manbalar, jabrlanuvchilar va guvohlar bilan suhbatlar, sud-tibbiy ekspertiza xulosalari va OAVdagi tekshiruvlarga asoslanadi.

“2023-yil 7-oktabr ham isroilliklar, ham falastinliklar uchun aniq burilish nuqtasi bo‘ldi…”, — deyiladi komissiya hisobotida.

“Isroilliklar uchun 7-oktabrdagi hujum zamonaviy tarixda misli ko‘rilmagan miqyosda bo‘ldi, bir kunda yuzlab odamlar o‘ldirildi va o‘g‘irlab ketildi, bu nafaqat isroillik yahudiylar, balki butun dunyodagi yahudiy xalqi uchun o‘tmishdagi ta’qiblarning og‘riqli jarohatiga sabab bo‘ldi” — deya qayd etdi komissiya.

“Falastinliklar uchun Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy amaliyoti va hujumi 1948-yildan beri eng uzun, eng yirik va eng qonli hujumga aylandi. Ular juda katta zarar va qurbonlar keltirdi hamda ko‘plab falastinliklar uchun Nakba va Isroilning boshqa bosqinlari haqida qayg‘uli xotiralarni qaytardi”, — deyiladi hisobotda.

Komissiya HAMASning urush jinoyatlari tarkibiga qasddan o‘ldirish, yaralash, tinch aholi va Isroil harbiy xizmatchilariga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish, shuningdek, asirlarni, jumladan, bolalarni garovga olishni kiritgan. Komissiya xulosasiga ko‘ra, hujum uzoq vaqt davomida puxta rejalashtirilgan va unga HAMAS harbiy bo‘linmalari va boshqa oltita Falastin guruhi jalb qilingan.

Isroilga kelsak, komissiya mamlakat G‘azodagi harbiy amaliyotlar davomida harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etganini aniqladi. “Komissiya tinch aholining ko‘p sonli qurbonlari va fuqarolik obyektlari va muhim fuqarolik infratuzilmalarining keng miqyosda vayron bo‘lishi Isroil tanlagan kuch ishlatish strategiyasining muqarrar natijasidir, degan xulosaga keldi… farqlar, tafovut va adekvat ehtiyot choralarini hisobga olmasdan, maksimal zarar yetkazish maqsadida amalga oshirilgan va shuning uchun ham noqonuniydir”, — deyiladi hisobotda.

Komissiya, shuningdek, Isroil tomonidan ochlikdan foydalanishni urush jinoyati deb baholadi va Isroil rasmiylarining falastinliklarga qarshi harakatlarini jamoaviy jazo sifatida tavsifladi.

Hisobotga ko‘ra, mojaroning ikkala tomoni ham jinsiy zo‘ravonlik qilgan. HAMAS ishida komissiya bir necha joylarda jinsiy zo‘ravonlik namunalarini topdi va isroillik ayollar nomutanosib ravishda nishonga olingan degan xulosaga keldi. “Ayollar va ularning jasadlari erkak jinoyatchilar tomonidan g‘alaba „sovrinlari“ sifatida ishlatilgan, ayollarning o‘g‘irlanishi, zo‘ravonligi va xo‘rlanishi G‘azo sektori ko‘chalarida yoki internetda namoyish etilgan”, — deyiladi hisobotda.

Isroil ishi bo‘yicha komissiya falastinliklarga, ayniqsa, erkaklar va o‘g‘il bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikning ayrim shakllari Isroil harbiylarining “butun jamiyatni kamsitish”ga qaratilgan “operatsion protseduralari”ning bir qismi ekani haqidagi xulosaga keldi. Gap hibsga olingan falastinliklarni ommaviy yechintirish holatlari haqida bormoqda.