13-iyun kuni Koreya Respublikasi prezidenti Yun Sok Yol rafiqasi Kim Gon Xi bilan birgalikda O‘zbekistonga keldi, deb xabar bermoqda bosh vazir matbuot xizmati.

Ularni Toshkent xalqaro aeroportida bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi rasmiylar kutib oldi.

Qisqa suhbatdan so‘ng prezident turmush o‘rtog‘i hamrohligida o‘zlari uchun ajratilgan qarorgohga jo‘nab ketdi, deyiladi xabarda.

Janubiy Koreya prezidenti 15-iyungacha davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Tashrif doirasida bir qator yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish, O‘zbekiston-Koreya strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish, qo‘shma biznes forumi o‘tkazish rejalashtirilgan.

Yun Sok Yol tashrif oldidan bergan intervyusida O‘zbekistonni mintaqadagi “asosiy hamkor” deb atadi. U o‘z davlati “ijtimoiy, iqtisodiy va demokratik rivojlanishda yaqindan hamkorlik qilishda davom etishini” aytib, tashrifdan amaliy natijalar kutayotganini bildirdi.