25-aprel kuni Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi, deya xabar berdi regulyator matbuot xizmati.

Stavkani o‘zgartirmaslik bo‘yicha qaror energiya tariflari o‘zgarishining inflyatsion kutilmalarga ta’sirini jilovlash maqsadi bilan izohlangan.

Regulyator iqtisodiyotda yuqori yalpi talab va ikkilamchi ta’sirlar tomonidan inflyatsion xatarlarning mavjudligi sharoitida inflyatsiyani prognoz gorizontida 5 foizlik target ko‘rsatkichigacha pasaytirish maqsadida kelgusida ham ijobiy real foiz stavkalarini yetarli darajada saqlab qolish choralarini ko‘radi.

May oyida umumiy inflyatsiya uy xo‘jaliklari uchun energiya resurslari narxlari oshirilishi hisobiga tezlashib, yillik 10,6 foizni tashkil etdi. Energiya narxlari ta’sirisiz inflyatsiya darajasi oziq-ovqat tovarlari inflyatsiyasining sezilarli mavsumiy pasayishi hisobiga 6,8 foiz doirasida shakllandi.

Umumiy inflyatsiyaga monetar omillar ta’siri kamayib borishi hisobiga bazaviy inflyatsiya dinamikasining pasayuvchi tendensiyasi davom etib, may oyida 6,3 foizga teng bo‘ldi. Xizmatlar bazaviy inflyatsiyasi yil boshidan biroz pasayib, yillik 8,8 foizni tashkil etdi.

“Inflyatsiyaning barqaror komponentlarida pasayuvchi tendensiyaning davom etishi bazaviy inflyatsiyaning sekinlashishi keng qamrovli tus olayotganligini ko‘rsatmoqda. Xususan, iste’mol savatidagi 70 foizdan ortiq tovar va xizmatlarda narxlar o‘sishi o‘tgan yildagi ko‘rsatkichlarga nisbatan sekinlashgan”, — deya qayd etgan Markaziy bank.

Aprel oyidagi energiya tariflari o‘zgarishi borasidagi muhokamalar hamda ayrim soliq imtiyozlarining bekor qilinishi ta’sirida aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari oshib, mos ravishda 14,0 va 13,3 foizga teng bo‘ldi. May oyida aholi kutilmalari 14,0 foiz darajasida o‘zgarishsiz qolgan bo‘lsa, tadbirkorlarning kutilmalari 12,7 foizgacha pasaydi.

“Tariflar o‘zgarishining inflyatsion kutilmalarga ta’siri dastlab prognoz qilinganidan ko‘ra pastroq shakllanmoqda. Bu, o‘z navbatida, makroiqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlari va yil yakunida inflyatsiya darajasining asosiy ssenariy prognozlari doirasida bo‘lishiga xizmat qiladi”, — deya ta’kidlagan regulyator.

2024-yilning yanvar-may oylaridagi muqobil statistik ma’lumotlarga ko‘ra, iqtisodiy faollik yuqori darajada saqlanib qolmoqda.

Xususan, yanvar-may oylarida 2023-yilning mos davriga nisbatan savdo va pullik xizmatlardan tushumlar 37,4 foizga va iqtisodiyot subyektlarining banklar orqali to‘lovlari hajmi 36,4 foizga ko‘paydi. Pul o‘tkazmalari hajmi 21 foizga oshib, aholi daromadlarining real o‘sishini qo‘llab-quvvatlovchi muhim omillardan bo‘lib turibdi.

Yanvar-may oylarida banklar tomonidan 102 trln so‘mlik yoki 2023-yilning mos davriga nisbatan 6 foizga ko‘p kreditlar ajratilgan. Bu davrda aholining milliy valyutadagi muddatli depozitlari 21 foizga, bank hisobvarag‘iga ega aholi soni 6,1 foizga va ularning hisobvaraqlari soni 14,8 foizga ko‘paygan.

Xizmatlar sohasi va ishlab chiqarish sanoatidagi barqaror o‘sish sur’atlari iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlovchi asosiy drayverlardan bo‘lib, investitsion faollikning yuqoriligi ishlab chiqarishni rag‘batlantirishi ta’sirida mehnat bozorida ishchi kuchiga bo‘lgan talab yuqoriligicha saqlanib qolishi kutilmoqda.

Asosiy eksport tovarlari narxining xalqaro bozorlarda yuqori shakllanishi va importga bo‘lgan talabning normallashuvi sharoitida tashqi savdo manfiy balansining birmuncha qisqarishi taxmin qilinmoqda.

Iqtisodiyotga turli kanallar orqali valyuta oqimlarining ortishi va unga bo‘lgan talabning barqarorlashishi bilan birga may oyidagi ichki inflyatsiya hisobiga real almashuv kursining ma’lum darajada mustahkamlanishi kutilmoqda. Banklararo pul bozorida ta’minlangan operatsiyalar ulushining ortib borishi kredit xatarining va mos ravishda foiz stavkalarining ma’lum darajada pasayishiga xizmat qilishi, barqarorlashgan likvidlik holati va makroprudensial choralar ta’sirida chakana kreditlar o‘sishi muvozanatlashayotgani aytilgan.

“Pul-kredit sharoitlarining joriy darajada saqlab qolinishi iqtisodiy o‘sish sur’atlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmagan holda milliy valyutada jamg‘arishni rag‘batlantirishga hamda bazaviy inflyatsiyaning pasayuvchi dinamikada davom etishiga zarur sharoitlarni yaratadi. Shu bilan birga, asosiy savdo hamkorlar bilan bog‘liq tashqi noaniqliklarning kuchayishi fonida shakllanib boradigan tashqi iqtisodiy vaziyatdan kelib chiqib pul-kredit siyosati choralariga tegishli to‘g‘rilashlar kiritib boriladi”, — deyiladi Markaziy bank xabarida.

Regulyator inflyatsiyaning 5 foizlik targetiga erishishga qaratilgan nisbatan qat’iy pul-kredit siyosatini amalga oshirishda iqtisodiyotdagi talab va taklif mutanosibligiga hamda inflyatsion kutilmalarning shakllanishiga alohida e’tibor qaratishini qo‘shimcha qilgan.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2024-yil 25-iyulga belgilangan.

Regulyator so‘nggi marta asosiy stavkani 2023-yilning 17-martida 15 foizdan 14 foizgacha pasaytirgan va shundan buyon o‘zgarishsiz qoldirib kelmoqda.