O‘zbekistonda yil boshidan beri kamida 12 nafar shaxs kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzgan deb topilib, turli muddatga ozodlikdan mahrum etilgan yoki jarimaga tortilgan. Bu Oliy sudning sud qarorlari joylab boriladigan elektron platformasida aks etadi.
Platformaga yil boshidan beri birinchi marta ushbu modda (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 155−4-moddasi) bo‘yicha chiqarilgan sud qarori 2024-yil 14-may kuni joylangan. 13-iyungacha bo‘lgan muddatda umumiy 12 ta sud qarori chiqarilgan. “Gazeta.uz” ushbu sud qarorlarini o‘rganib chiqdi.
Birinchi sud ishi 14-may kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudida ko‘rilgan. Unga ko‘ra, Surxondaryo viloyatida 1995-yilda tug‘ilgan E.X. Binance platformasida 20-martdan 26-aprelgacha P2P-savdosi bo‘limi orqali hech qanday tegishli hujjatlarsiz jami 125 marotaba kriptovalyutasini sotib olish, o‘zga shaxsga o‘tkazish amaliyotini amalga oshirgani aniqlangan.
Sud uni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 155−4-moddasi (Kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish) bilan aybli deb topib, unga nisbatan 5 (besh) sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlagan. Bundan tashqari, Toshkent shahar IIBB Maxsus qabulxonasi foydasiga oziq-ovqat uchun 255 ming so‘m miqdoridagi pullar undirilgan. Qonunbuzarlik sodir etishda foydalangan Samsung Galaxy A24 S smartfoni musodara qilingan.
Ikkinchi sud ishi 22-may kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudida ko‘rilgan. Sud hujjatiga ko‘ra, Andijon viloyatida 2002-yilda tug‘ilgan M.D. Telegram messenjerida noma’lum shaxs unga yozganini va undan kriptovalyutalarni sotib olib, boshqa shaxsga sotganini, shundan foyda ko‘rganini ma’lum qilgan. Ayblanuvchi bu ish noqonuniy ekanidan keyinchalik xabar topganini aytgan.
Sud unga nisbatan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlagan. Ayblanuvchidan qabul muassasasi foydasiga 510 ming so‘m undirildi va qonunbuzarlik sodir etishda foydalangan iPhone XS smartfoni yo‘q qilingan.
Uchinchi sud ishi ham 22-may kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudida ko‘rilgan. Sud hujjatiga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatida 1995-yilda tug‘ilgan S.S. ham Telegram messenjerida noma’lum shaxs unga yozganini va undan kriptovalyutalarni sotib olib, boshqa shaxsga sotganini, shundan foyda ko‘rganini ma’lum qilgan.
Sud unga nisbatan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlagan. Ayblanuvchidan qabul muassasasi foydasiga 510 ming so‘m undirildi va qonunbuzarlik sodir etishda foydalangan Samsung Galaxy A10S smartfoni tegishli tartibda yo‘q qilingan.
To‘rtinchi sud ishi 24-may kuni, Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudida ko‘rilgan. Sud hujjatida yozilishicha, Navoiy viloyatida 2005-yilda tug‘ilgan H.X. Binance platformasida 11-apreldan 30-aprelgacha hech qanday tegishli
hujjatlarsiz jami 25 marotaba kriptovalyutasini sotib olish, o‘zga shaxsga o‘tkazish amaliyotini amalga oshirgani aniqlangan.
Sud unga nisbatan 3 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlagan. Toshkent shahar IIBB Maxsus qabulxonasi foydasiga oziq-ovqat uchun 255 ming so‘m miqdoridagi pullar undirilgan. Ayblanuvchining Infinix NOTE30 Pro smartfoni esa musodara qilingan.
Beshinchi sud ishi 4-iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudida ko‘rib chiqilgan. Unga ko‘ra, Toshkent shahrida 1994-yilda tug‘ilgan M.A. iPhone 8 smartfoni orqali Binance platformasida noqonuniy ravishda kripto-aktivlar aylanmasini amalga oshirgani aniqlangan.
Sud unga nisbatan 3 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlagan. Toshkent shahar IIBB Maxsus qabulxonasi foydasiga oziq-ovqat uchun 153 ming so‘m miqdoridagi pullar undirilgan. Ayblanuvchining iPhone 8 smartfoni esa musodara qilingan.
Oltinchi sud ishi ham 4-iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudida ko‘rib chiqilgan. Hujjatga ko‘ra, Toshkent viloyatida 1994-yilda tug‘ilgan M.U. o‘zining Roco F3 smartfoni orqali, Binance platformasidan turli xil akkauntlardan foydalanib, jami 7924 AQSh dollariga teng bo‘lgan (barqaror koin) sotib olgan.
Sud unga nisbatan 3 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlagan. Qamoqxona qabulxonasi foydasiga oziq-ovqat uchun 255 ming so‘m miqdoridagi pullar undirilgan. Ayblanuvchining Roco F3 smartfoni esa musodara qilingan.
Yettinchi sud ishi 5-iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Taxiatosh tumani sudida ko‘rib chiqildi. Sud hujjatiga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonda 2003-yil tug‘ilgan M.M. @Farqiyoq67 akkaunti orqali Binance ilovasidan foydalanib kripto-aktivlar oldi-sotdisi bilan shug‘ullangani va va Telegram messenjeri orqali shaxslarning pasport ma’lumotlarini sotgani aniqlangan.
Sud qaroriga ko‘ra, ayblanuvchiga nisbatan 6,8 mln so‘m jarima jazosi tayinlangan. Uning Samsung Galaxy A24 smartfoni tegishli tartibda yo‘q qilingan.
Sakkizinchi sud ishi 6-iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Pastdarg‘om tumani sudida ko‘rib chiqilgan. Unga ko‘ra, 1997-yil Samarqand viloyatida tug‘ilgan U.O. Binance ilovasi orqali kriptovalyutalarni R2R tizimi bilan USDT pul mablag‘larini noqonuniy ravishda amalga oshirgani aniqlangan.
Sud unga nisbatan 6,8 mln so‘m jarima jazosi tayinlagan. Qonunbuzarlik sodir etishda foydalangan Xiaomi Mi 11 Lite smartfoni musodara qilingan.
To‘qqizinchi sud ishi 7-iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudida bo‘lib o‘tgan. Unga ko‘ra, 2000-yil Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan I.N. holat bo‘yicha aybini tan olib, kripto-aktivni Telegram`da yig‘gani, Notcoin kripto-aktivini 800 ming so‘mga sotganini bildirdi. O‘z navbatida, u buning noqonuniy ekanini bilmagani, oilada yagona boquvchi ekanini aytib, suddan yengillik barishni so‘radi.
Sud unga nisbatan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinladi. Shuningdek, yigitga tegishli Galaxy A30 telefoni va bank plastik kartasi tegishli tartibda yo‘q qilinishi belgilandi.
O‘ninchi sud ishi 10-iyun kuni Toshkent shahri jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudida ko‘rib chiqilgan. Unga ko‘ra, 2004-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan X.S. Binance platformasida “Milliy Bola” nomi ostida Samsung Galaxy Note 10 smartfonidan foydalanib noqonuniy ravishda kripto-aktivlar aylanmasini amalga oshirgani aniqlangan.
Sud unga nisbatan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlagan. Uning Samsung Galaxy Note 10 smartfoni va bank plastik kartasi yo‘q qilingan.
O‘n birinchi sud ishi 12-iyun kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudida ko‘rilgan. Sud hujjatiga ko‘ra, 2004-yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan D.X. Binance platformasida Samsung Galaxy A 14 smartfonidan foydalanib noqonuniy ravishda kripto-aktivlar aylanmasini amalga oshirgani aniqlangan.
Sud unga nisbatan 3 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlagan. Qamoqxona qabulxonasi foydasiga oziq-ovqat uchun 153 ming so‘m miqdoridagi pullar undirilgan. Ayblanuvchining Samsung Galaxy A14 smartfoni esa musodara qilingan.
O‘n ikkinchi sud ishi ham 12-iyun kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudida ko‘rilgan. Unga ko‘ra, 1999-yilda Navoiy viloyatida tug‘ilgan M.X. sudda 2023-yil oktabr oyidan boshlab Binance platformasida o‘zining nomiga rasmiylashtirilgan “MIKOLEMAR” akkauntidan foydalanib kripto-aktivlar sotib kelganini, buning noqonuniy ekanini bilmaganini ma’lum qilib, yengillik berishni so‘ragan.
Sud unga nisbatan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlagan. Qamoqxona qabulxonasi foydasiga oziq-ovqat uchun 510 ming so‘m miqdoridagi pullar undirilgan. Uning LG Q-6 smartfoni va bank plastik kartasi tegishli tartibda yo‘q qilingan.
Ma’lumot uchun, 155−4-modda (Kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish) 1-qismi kriptoaktivlarni qonunga xilof ravishda olish, o‘tkazish yoki ayirboshlash, belgilangan tartibda litsenziya olmasdan kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirishni nazarda tutadi. Bu javobgarlik 2024-yil boshida joriy qilingan edi.
Mazkur modda kriptoaktivlarni hamda mazkur huquqbuzarliklarni sodir etish qurollarini musodara qilib, 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga yoki ushbu kodeksga muvofiq o‘ziga nisbatan ma’muriy qamoq qo‘llanishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.