Markaziy bank xorijiy valyutadagi depozitlar bo‘yicha majburiy zaxiralash me’yori 4 foiz bandga pasaytirilib, 14 foiz darajasida belgilanganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, qaror banklarning likvidlik holatidan kelib chiqib, kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarini pasaytirishga sharoit yaratish maqsadida qabul qilingan.
“2021-yilda depozitlar dollarlashuvini pasaytirish uchun xorijiy valyutadagi depozitlar bo‘yicha majburiy zaxiralash me’yori 18 foizgacha oshirilgan edi. Natijada depozitlar dollarlashuvi 2021-yil boshidagi 40 foizdan 2024-yil 1-iyun holatiga 30 foizgacha va kreditlar dollarlashuvi 47 foizdan 42 foizgacha pasaydi”, — deya qayd etdi regulyator.
Xorijiy valyutadagi depozitlar bo‘yicha majburiy zaxiralash me’yorining pasaytirilishi banklarga foiz xarajatlari bosimini ma’lum darajada kamaytirish imkonini beradi, deyiladi xabarda.
Joriy likvidlilik holatidan kelib chiqib to‘lovlar uzluksizligini ta’minlash maqsadida o‘rtachalash koeffitsiyenti 80 foizdan 100 foizga oshirish, bugungi kunda majburiy zaxira hisobvarag‘ida mavjud 3 trln so‘mlik mablag‘larni tijorat banklariga qaytarish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. O‘zgartirishlar 2024-yil 1-iyuldan amaliyotga joriy etiladi.
“O‘rta muddatli istiqbolda xorijiy valyutadagi majburiyatlarga nisbatan zaxiralash talablarini yanada takomillashtirish, jumladan, 2025−2030-yillarda majburiy zaxiralash bazasini bosqichma-bosqich kengaytirish va unga mos ravishda me’yorlarni pasaytirib borish choralari ko‘riladi”, — deya qayd etdi Markaziy bank.