13-iyun kuni Toshkent shahri Sergeli tumanida (mashina bozori yaqinida) yong‘in sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda poytaxt Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, soat 11:33 da tumanning 6a-daxasida ochiq maydonda quruq o‘t va shox shabba yonayotganligi to‘g‘risida FVBga xabar tushgan. Shunga ko‘ra 2 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 11:43 da voqea joyiga yetib borib, yong‘in soat 11:55 da o‘chirilgan.
Sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida ochiq maydonda quruq o‘t va shox shabba hamda 1 ta nosoz holda turgan yuk avtomobil yonib zararlangan.
“Yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda. Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar to‘g‘risida ma’lumot kelib tushmadi”, — deyiladi xabarda.
Ikki kun avval mazkur tumandagi avtosalon oldida joylashgan avtoservisda yong‘in sodir bo‘lgandi. Oqibatda avtoservisning ichki qismi va 3 ta avtomobil yonib zararlangan. FVB jarohatlanganlar to‘g‘risida ma’lumot kelib tushmaganini qayd etgan.