Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda hududlarda o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda Saudiya Arabistoniga Haj ziyoratiga noqonuniy yuborishni va’da qilgan shaxslar ushlandi, deya xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.

Toshkent shahri Chilonzor tumanida 56 va 58 yoshli aka-uka yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali 2 nafar fuqaroning Haj safariga borishlari uchun talab etiladigan viza hujjatlarini tayyorlab berish va ularni ziyoratga yuborishni va’da qilgan. Evaziga 12 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

ҳаж сафари

Tergovga qadar tekshiruv davomida bu ishga Toshkent shahridagi sayyohlik firmasining muqaddam firibgarlik jinoyatlari uchun 2 marotaba sudlangan ijrochi direktori aloqador ekani aniqlangan.

Andijon viloyatining Izboskan tumanidagi sayyohlik firmasi xodimi mazkur tumanda istiqomat qiluvchi fuqaroni va onasini joriy mavsumda yuborish evaziga 15 ming dollar talab qilgan. Ammo u so‘ralgan pul mablag‘idan 7 ming dollarni olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Shuningdek, u mazkur noqonuniy ishni sayyohlik firmasi rahbari bilan kelishgan holda amalga oshirgani ma’lum bo‘lgan.

Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida yashovchi 34 yoshli shaxs ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolarni 8700 dollar evaziga Haj ziyoratiga jo‘natishini e’lon qilgan. Xususan, Buvayda tumanida istiqomat qiluvchi 43 yoshli fuqaro va uning 65 yoshli onasini Saudiya Arabistoniga yuborish evaziga 17 400 dollar talab qilgan. Lekin u so‘ralgan pul mablag‘idan 10 ming dollarini olgan vaqtida ushlangan.

Shuningdek, Marg‘ilon shahrida faoliyat yurituvchi sayyohlik firmasi rahbari esa Qo‘shtepa tumanida yashovchi fuqarodan 14 ming dollar talab qilib, oldindan 10 ming dollari olgan vaqtida qo‘lga tushgan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.