Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan qo‘shimcha mahalliy poyezd qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi, deya xabar bermoqda Transport vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, 15, 16, 17-iyun kunlari Samarqand — Toshkent — Samarqand yo‘nalishida “Afrosiyob” elektropoyezdining qo‘shimcha harakati yo‘lga qo‘yildi. Poyezd quyidagi jadval asosida harakatlanadi:

  • 775-sonli Samarqand — Toshkent yo‘nalishi: Samarqand 11:11 — Toshkent 13:26;
  • 776-sonli Toshkent — Samarqand yo‘nalishi: Toshkent 13:51 — Samarqand 16:05.

Shuningdek, 14-iyundan 20-iyunga qadar quyidagi yo‘nalishlarda 4 tadan 6 tagacha qo‘shimcha vagonlar ulanib, poyezdlar tarkibidagi vagonlar soni 16 tadan 22 tagacha oshiriladi:

  • Toshkent — Xiva — Toshkent;
  • Toshkent — Qo‘ng‘irot — Toshkent;
  • Toshkent — Shovot — Toshkent;
  • Toshkent — Termiz — Toshkent;

Avvalroq Uzbekistan Airways Qurbon hayiti munosabati bilan 15−18-iyun kunlari qo‘shimcha mahalliy aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishi xabar qilingandi. Parvozlar Toshkent va 6 ta viloyat o‘rtasida amalga oshiriladi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda Qurbon hayiti 16-iyun — yakshanba kuni nishonlanadi. Haftasiga 5 kun ishlaydigan o‘zbekistonliklar ketma-ket 4 kun dam oladi: 17-iyun ko‘chirilgan dam olish kuni, 18-iyun esa barcha xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni bo‘ladi.