Koreya Respublikasi prezidenti Yun Sok Yol 13−15-iyun kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Davlat rahbari o‘z tashrifidan oldin O‘zbekiston TIVning “Dunyo” axborot agentligiga intervyu berdi.
O‘zbekiston haqida
…Mamlakatning yuqori o‘sish salohiyatiga ega bozori, katta miqdordagi ishchi kuchi va geosiyosiy ahamiyati uni xalqaro kompaniyalar uchun biznes yuritish va investitsiyalar kiritish uchun juda jozibador makonga aylantirmoqda. Men kelishdan oldin Toshkentni qush parvozi balandligidan tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘ldim va O‘zbekiston naqadar izchil rivojlanayotganini ko‘rdim.
O‘tgan yili e’lon qilingan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasiga muvofiq mamlakatda siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda islohotlar izchil davom ettirilib, yangi muvaffaqiyatlarga erishilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish, iqtisodiyotni liberallashtirish va xorijiy kompaniyalarni jalb etish kabi maqsadlarni ilgari surib, milliy iqtisodiyotni rag‘batlantirmoqda. Shuningdek, jamiyat hayotida korrupsiyaga qarshi kurashish, qonun ustuvorligini ta’minlash va boshqa yo‘nalishlarni qamrab olgan keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirmoqda.
Bir paytlar mutlaq qashshoq mamlakat bo‘lgan Koreya Respublikasi tashqi dunyoga ochilish, iqtisodiyotini liberallashtirish va xalqaro hamjamiyat bilan yaqin hamkorlikda korrupsiyaga qarshi kurashish orqali iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotga erishdi. Ushbu tajribaga asoslanib, Koreya Respublikasi O‘zbekistonning islohotlarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi hamda bundan keyin ham respublikani ijtimoiy-iqtisodiy va demokratik rivojlantirishda mamlakatingiz bilan alohida strategik sherik sifatida yaqindan hamkorlik qiladi. …O‘zbekistonda 172 ming koreys istiqomat qilmoqda, bu Markaziy Osiyoda yashayotgan 300 ming koreys umumiy sonining eng katta ko‘rsatkichidir.
…Valyuta siyosatini liberallashtirish, bojxona to‘lovlarini kamaytirish va davlat korxonalarini tarkibiy o‘zgartirishni o‘z ichiga olgan bozorni liberallashtirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar O‘zbekiston iqtisodiyotini jonlantirish va investitsiyaviy muhitni yaxshilashga yordam berdi. Xususan, o‘tgan yili to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 96,4 foizga o‘sib, 7,68 milliard dollarga yetdi.
2019-yilda ikki tomonlama munosabatlar Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan alohida strategik sheriklik maqomini oldi va o‘tgan yil o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi rekord darajadagi 2,46 milliard dollarga yetdi.
Tashrifdan ko‘zlangan rejalar
Bugun dunyo murakkab global inqirozga yuz tutayotgan ekan, men bunday vaziyatni o‘zaro iqtisodiy hamkorlikni yanada diversifikatsiya qilish va chuqurlashtirish, jumladan, muhim foydali qazilmalarni yetkazib berish zanjirini rivojlantirish uchun imkoniyat deb hisoblayman. Ushbu tashrif chog‘ida hukumatlarimiz va biznes vakillari o‘rtasidagi muzokaralarning amaliy natijalarini ko‘rishga umid qilaman.
Markaziy Osiyo bilan hamkorlikning muhimligini hisobga olib, tashrifimdan biroz oldin bizning hukumat “Koreya Respublikasi — Markaziy Osiyo K SILK ROAD (R.O.A.D) hamkorlik tashabbusi”ni e’lon qildi. Ushbu tashabbus mamlakatimiz va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi 30 yillik munosabatlar tajribasiga asoslanmoqda va jadallik bilan o‘zgarib borayotgan xalqaro vaziyatga javoban yangi hamkorlik rejasini taqdim etmoqda.
Ushbu tashabbus Koreya Respublikasining mintaqangizga qaratilgan birinchi strategiyasi bo‘lib, Koreya va Markaziy Osiyoda erkinlik, tinchlik va farovonlikni birgalikda barpo etish maqsadida “yonma-yon” (birgalikdagi yo‘l) rivojlanish, “sa’y-harakatlarni birlashtirish” (konvergensiya) hamda “innovatsiya va ijodkorlik” (kreativlik) tamoyillariga asoslanadi.
Xususan, u energetika va resurslar sohasida strategik sheriklikni mustahkamlash, o‘zaro manfaatli iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish uchun taraqqiyotga yo‘naltirilgan hamkorlikni modernizatsiya qilish, kelajakdagi farovonlik yo‘lida sheriklik aloqalarini o‘rnatish va bunga erishish uchun hukumatlar, biznes va fuqarolar o‘rtasida uyg‘un hamkorlik tarmog‘ini mustahkamlashga qaratilgan.
Kelgusida Koreya Respublikasi hukumati Markaziy Osiyoning beshta davlati bilan Markaziy Osiyo strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha maslahatlashuvlar va yaqin hamkorlikni davom ettiradi. Ayni paytda mintaqadagi asosiy hamkor va birodar davlat bo‘lgan O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli va kelajakka yo‘naltirilgan hamkorlikni yanada mustahkamlaydi.
Tashrif davomida Shavkat Mirziyoyev bilan turli yo‘nalishlarda, jumladan, energetika va infratuzilma, sog‘liqni saqlash va tibbiyot, iqlim va atrof-muhit, fan-texnika, ta’lim kabi sohalarda ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirishni muhokama qilishni rejalashtirganmiz.
…Biz turli sohalarda, jumladan, energetika va infratuzilma, muhim foydali qazilmalar, ta’minot zanjirlari, sog‘liqni saqlash va tibbiy xizmat, ta’lim, raqamlashtirish, fan va texnologiyalar, iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit kabi sohalarda hamkorlikni yanada kengaytiramiz.
Shuningdek, Koreya Respublikasi bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar yanada yaqinlashishi uchun xalqlarimiz o‘rtasidagi ishonch va do‘stlikka asoslangan gumanitar va madaniy almashinuvlarni yanada faollashtirish zarur, deb hisoblayman…
Ilm-fan yo‘nalishida hamkorlik
…Bugun Koreya va O‘zbekiston hukumatlari birgalikda O‘zbekistonda kimyoviy texnologiyalar markazini (UzCCT) yaratish ustida ish olib bormoqda. Bu muassasa Koreya kimyoviy texnologiyalar ilmiy-tadqiqot instituti (KRICT) tajribalari asosida mamlakatda kimyoviy texnologiyalar sohasidagi tadqiqotlar va ishlanmalarni nazorat qiluvchi ilmiy-tadqiqot markazi maqomiga ega bo‘ladi.
2023-yildan buyon 12 nafar o‘zbekistonlik yosh magistrant va doktorant Koreya fan va texnologiyalar universiteti hamda Koreya kimyoviy texnologiyalar ilmiy-tadqiqot instituti negizida tashkil etilgan oliy maktabda ilg‘or texnologiyalar asosida tahsil olmoqda. Bu yoshlar O‘zbekistondagi kimyo-texnologiya markazini boshqaradigan va ikki tomonlama ilmiy-texnikaviy hamkorlikka ega tadqiqotchilarning yangi avlodi bo‘lib yetishadi.
Bizning mamlakat O‘zbekiston bilan ilg‘or fan va texnologiyalar, jumladan, AKT, sun’iy intellekt uchun yarimo‘tkazgichlar sohasida ilmiy-tadqiqot va ishlanmalar hamda gumanitar almashinuvlar yo‘nalishida hamkorlikni mustahkamlab, birgalikda Markaziy Osiyoda insoniyatni ilmiy va texnologik yutuqlarga yetaklovchi yuqori texnologiyali xab barpo etish va XXI asrning innovatsion Ipak yo‘lini yaratishga umid qilmoqda.
Bundan tashqari, aminmanki, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar davrida har ikki mamlakatning kelajak avlodlari bir-biri bilan turli g‘oyalar va qadriyatlarni erkin almashishlari mumkin bo‘lgan o‘zaro mushtarak dunyoda yashaydilar. Koreya Respublikasi yoshlarimizning raqamlashtirish sohasiga moslashishiga yordam berish maqsadida raqamli ta’limdagi innovatsiyalarni faol qo‘llab-quvvatlaydi.
Misol uchun, biz 2025-yildan boshlab maktablarda qo‘llaniladigan milliy darajadagi “Sun’iy intellekt bilan raqamli darslik” dasturini ishlab chiqqan dunyodagi birinchi mamlakat bo‘ldik. Bu o‘quvchilarning individual xususiyatlaridan kelib chiqib ta’lim olish imkonini yaratadi. Shuningdek, biz raqamli texnologiyalardan foydalangan holda o‘quvchilarni o‘qitish uchun o‘qituvchilarning intensiv tayyorgarligiga e’tibor qaratyapmiz.
Koreya Respublikasi sun’iy intellekt va raqamli ta’lim sohasida yetakchi davlat sifatida O‘zbekiston bilan istiqbolda ta’lim jarayonlariga integratsiyalashgan innovatsiyalar va raqamli ta’lim modellari namunalari borasida o‘rtoqlashish orqali ham hamkorlik qiladi.