11-iyun kuni “Saidaziz medgorodok” nomi bilan tanilgan Saidaziz Saidaliyev va yana 28 kishiga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha birinchi instansiya sudi jarayoni boshlandi. Unda “Gazeta.uz” muxbiri ham ishtirok etdi.

Dastlabki tergov organining ayblov xulosasiga ko‘ra, jami 29 nafar sudlanuvchi Jinoyat kodeksining quyidagi moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda:

  • 112 (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish);
  • 165 (Tovlamachilik);
  • 168 (Firibgarlik);
  • 182 (Bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish);
  • 227 (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish);
  • 228 (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish);
  • 229 (O‘zboshimchalik);
  • 236 (Tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish);
  • 237 (Yolg‘on xabar berish);
  • 238 (Yolg‘on guvohlik berish);
  • 242 (Jinoiy uyushma tashkil etish);
  • 243 (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish);
  • 277 (Bezorilik);
  • 28,211 (Pora berishda ishtirok).

саидазиз medgorodok, саидазиз саидалиев, sud

Oliy sudning ma’lum qilishicha, 28 nafar sudlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish va 1 nafariga munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llangan. Tasdiqlangan ayblov xulosasiga ko‘ra, mazkur jinoyat ishi doirasida 31 nafar jabrlanuvchi va 130 nafar guvoh aniqlangan.

Toshkent shahri jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudida sud raisi Murod Mirzajonov raisligida boshlangan majlisda dastlab 29 nafar sudlanuvchining shaxsiga aniqlik kiritildi.

Xususan, Saidaziz Saidaliyev sudya hamda o‘z advokatining shaxsga oid savollariga javob berarkan, 1987-yil 24-mayda Toshkent shahrida tug‘ilgani, oilali ekani, qaramog‘ida onasi, turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan to‘rt nafar farzandi borligi, muqaddam bir necha marta sudlanganini aytdi. Shuningdek, qamoqqa olingunga qadar qayerda va qanday vazifada ishlagani haqidagi savollarga ham javob qaytardi.

“Tadbirkor bo‘lganman, keyin Qozog‘istonning MMA yakkakurash sporti bo‘yicha [Toshkentda] ishonchli vakili, rahbariman. Qamalishimizdan 4−5 oy oldin Qozog‘iston bilan kelishgan holda O‘zbekistonda katta turnir qildim va O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘tardim, televizorlarga chiqib, balandlarga ko‘tardim. Qozog‘iston bilan kelishib, o‘zim sport maktabi ochganman, o‘sha yerda rahbarman. Kambag‘allar, hamma qiynalganlarga zalni bepul qilib qo‘yganmiz. Biznesimizdan [moddiy] yordam berib, ularni chet elga olib chiqib, musobaqalar o‘tkazib, ular orqali bayroqlarni ko‘tarib, davlatga yordam berayotgan edik”, — dedi Saidaziz Saidaliyev.

саидазиз medgorodok, саидазиз саидалиев, sud

Sud jarayonida Saidaliyevning advokati bir qancha holatlar bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirib, sudlov hay’atiga iltimosnoma kiritdi.

“O‘z himoya vazifamni amalga oshirganimdan buyon himoyam ostidagi fuqaro Toshkent shahri IIBBning vaqtincha saqlash hibsxonasida saqlanmoqda. U insoniylik yuzasidan yuvinishdan mahrum, bir marta ham cho‘milmadi, undan kelayotgan hidni tasavvur qilish mumkinmas. Ikkinchidan, unga nisbatan yo‘qlovlar: kiyim-kechaklar kirmayapti, buni noinsoniy munosabatlar deb bilaman. Hozir bularning qo‘liga kishan taqib, so‘roq qilinayotganini ham ma’naviy-ruhiy ta’sir o‘tkazish, deb bilaman. Hurmatli raislik qiluvchi, himoyam ostidagi shaxsning saqlanish joyini ajrimga asosan Zangiota tumanida joylashgan 1-sonli tergov hibsxonasi („Toshturma“)ga o‘tkazishda amaliy yordam berishingizni so‘rayman”, — dedi u.

Shuningdek, bir qancha advokatlar ham sudlanuvchilar bilan uchrasha olmayotganini, ularni poytaxt IIBBning vaqtincha saqlash hisbxonasidan “Toshturma”ga o‘tkazishni iltimos qildi. Boshqa advokatlar ham so‘rovni qo‘llab-quvvatlab, bu umumiy talab sifatida qabul qilinishini so‘radi. Sudya mazkur holat o‘rganib chiqilishini qayd etdi.

Sud 14-iyun soat 10:00 ga qadar tanaffus e’lon qildi.