Baxtiyor Xaydarov va Sanjar Tadjiyev Toshkent shahri hokimiga o‘rinbosarlar etib tayinlandi. Bu haqda poytaxt hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Baxtiyor Xalimovich Xaydarov hokimning moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bo‘ldi. U 1989-yilda Buxoro shahrida tug‘ilgan. 2010-yilda Toshkent moliya institutining bakalavriat, 2012-yilda magistratura bosqichlarini tamomlagan.

Shu kunga qadar u Prezident administratsiyasi Ijtimoiy sohada muhim tashabbuslarni ishlab chiqish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.

2019-yildan buyon poytaxt hokimining birinchi o‘rinbosari Xotambek Shokirov bo‘lgan.

Sanjar Shuhratovich Tadjiyev esa shahar hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Tadjiyev 1981-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2003-yilda Toshkent davlat Sharqshunoslik institutining bakalavriat, 2006-yilda magistratura bosqichlarida tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 2003-yilda boshlagan, Toshkent shahri Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida ham ishlagan Shu kunga qadar The Mob MCHJda bosh direktor lavozimida ishlagan.

Iyun oyi boshida shahar hokimining turizm masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Faxriddin Davrukov egallab turgan lavozimidan ozod etilgandi.