Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Timoti Smart Markaziy Osiyodagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, C5+UK sammitini o‘tkazish ehtimoli va davlat siyosatining samaradorligini ta’minlashda statistik ma’lumotlarning o‘rni haqida o‘z fikrlari bilan bo‘lishdi. U Toshkentda tashkil etilishi rejalashtirilgan xalqaro tijorat sudining mustaqilligini ta’minlash muhimligini qayd etib, “Buyuk Britaniyaning maqsadi mintaqadagi davlatlar hayotini murakkablashtirish emas, ularga faqat yordam berish” ekanligini eslatdi. Shuningdek, u odamlarga o‘zini ko‘rsatish uchun yetarlicha vaqt berish kerakligini ta’kidladi va mehmonlar uchun mamlakatni tushunishda o‘zbek tilining ahamiyati haqida gapirdi.

Video

Matn (qisqartirilgan holda)

— Aprel oyida Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri lord Devid Kemeron barcha Markaziy Osiyo davlatlari hamda Mo‘g‘ulistonga tashrif buyurdi. O‘zbekiston uchun bu 1997-yildan keyingi davrda bunday yuksak darajadagi birinchi tashrif bo‘ldi. Tashrif oldidan u “Markaziy Osiyo biz duch kelayotgan eng yirik muammolarning markazida” deya ta’kidlagan edi. Bular qanday muammolar?

— Lord Kemeronning tashrifi bir qator muhim amaliy natijalarga qaratildi hamda chinakamiga ramziy va tarixiy bo‘ldi. 27 yil — tashqi ishlar vazirlari tashriflari orasida juda uzoq muddat.

Muammolar haqida gap ketganda, sizning geografiyangiz murakkab. Geosiyosatingiz murakkab. O‘zbekistonning, Markaziy Osiyoning joylashuviga e’tibor qilinsa, chegaralaringiz bilan bog‘liq juda jiddiy xalqaro muammolar mavjud. [Bir tomonda] Afg‘oniston, shimolda Rossiya, janubiy-sharqda Xitoy. Eron yaqin. Dengizga chiqish uchun ikkita davlatni bosib o‘tishingiz kerak. Iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolar chuqurlashmoqda. Aholingiz yuqori sur’atlar bilan o‘sib bormoqda, bu ko‘p jihatdan afzallik, shunga qaramay, ayni paytda iqtisodiy rivojlanish, o‘z-o‘zingizni ta’minlash nuqtai nazaridan muammolarni keltirib chiqaradi.

Bular jiddiy muammolar. Va bu muammolarning ayrimlari umumiy xarakterga ega, xususan, qoidalarga asoslangan xalqaro tizim bilan, BMT nizomiga rioya qilish bilan bog‘liq, iqlim o‘zgarishi, iqtisodiy rivojlanish va o‘sish bilan bog‘liq [umumiy muammolar]. Prezidentning islohot dasturi bo‘yicha yordam berishimiz mumkin bo‘lgan sohalar mavjud, birgalikda qilishimiz mumkin bo‘lgan ishlar talaygina.

— Buyuk Britaniya parlamentining Tashqi ishlar qo‘mitasi o‘z hisobotida “Markaziy Osiyoning 5 ta davlatiaksariyat hollarda Buyuk Britaniya siyosatchilari e’tibordan chetda qolmoqda”, deya ta’kidlab, mintaqa bilan hamkorlikni chuqurlashtirishga chaqirdi. Tashqi ishlar vazirining tashrifi ham, ehtimol, ana shu munozaralar natijasidir. Buyuk Britaniyaning Markaziy Osiyo mintaqasiga qiziqishi ortib borayotganiga nima sabab bo‘lmoqda? Bu faqat Rossiyaning Ukrainadagi urushi bilan bog‘liqmi yoki boshqa obyektiv sabablari bormi?

— Tashqi ishlar vaziri Markaziy Osiyoga tashrif masalasini ko‘rib chiqqanida, biz o‘z maslahatlarimizni berdik. Va bu savdo vaziri, Qurolli kuchlar vaziri Jeyms Xippi, mintaqa bo‘yicha vazir Dokertining tashriflari ortidan yuz berdi. Vazirlar tashriflari soni ortib bordi va bu jarayon tabiiy ravishda shu darajaga yetdi. Chunki avval aytganimizdek, Markaziy Osiyo — muhim mintaqa.

Biz vazirlik rahbariyatiga bergan maslahatlardan biri — prezidentning islohotlar dasturi bilan tanishish edi. 2016-yil oxirida mamlakatda vaziyat qanday bo‘lgani, hozir qanday ekanligiga qarang. Mamlakatingiz hozir dinamik tarzda o‘sib bormoqda. Islohotlarning borishi hayratlanarli va jadal.

Shuningdek, o‘sish bilan bog‘liq og‘riqli masalalar bor. Shu nuqtai nazardan, Britaniya sizga qanday sohalarda yordam berishi mumkinligini bilishni istardik: iqtisodiy o‘sishni saqlab qolishingiz uchun, adolatliroq jamiyat qurishingiz uchun, iqlim o‘zgarishi, ayollar va qizlarni qo‘llab-quvvatlash, hududiy yaxlitligingiz, suverenitetingiz va mustaqilligingizni qo‘llab-quvvatlashda o‘z tajribamizdan qanday foydalanishimiz mumkin?

Qolaversa, siz orqali Afg‘onistondagi vaziyatni o‘rganish imkoniga egamiz. U yerda yanada barqaror va adolatliroq jamiyat qurishga ko‘maklashish uchun hamkorlikda nima qilishimiz mumkin? Mintaqadagi boshqa ta’sir doiralarichi? Ular islohotlarni amalga oshirish jarayoniga, demokratiya va barqarorligingizga putur yetkazmasligi uchun qanday yordam berishimiz mumkin.

buyuk britaniya, intervyu, timoti smart

— Parlament hisobotiga ko‘ra, 2024-yilda C5 + Buyuk Britaniya uchrashuvini o‘tkazish tavsiya etiladi, ushbu bo‘lajak ko‘p tomonlama uchrashuv haqida, format yoki ehtimoliy sanalar bo‘yicha tafsilotlar bilan o‘rtoqlasha olasizmi?

— Biz O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlarining ushbu formatga munosabatini juda yaxshi bilamiz. Bu format siz uchun qulay bo‘lsa, bu biz uchun ham qiziq. Lord Kemeronga ham CA5+1 formati siz va Markaziy Osiyoning qolgan to‘rtta davlati uchun mos kelishini aytishgan. Shunday ekan, biz buni inobatga oldik. Tashqi ishlar vaziriga bu fikr ma’qul keldi. Hozir sizga taqdim etiladigan takliflarimiz ustida ishlamoqdamiz.

— Demak, bu uchrashuv bo‘ladi. Biroq, hozircha muzokaralar ketmoqda?

— Bizga ushbu format ustida ko‘proq ish olib borishni tavsiya qilishdi. Shu bilan birga, hukumatingiz va mintaqadagi boshqa hukumatlardan sizlar uchun nima va qachon to‘g‘ri kelishini aniqlashimiz kerak. Shunday ekan, kelgusi bir necha oy ichida bu haqda ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishingiz mumkin.

— Parlament hisobotida qayta tiklanadigan energiya Buyuk Britaniya va mintaqa davlatlari o‘rtasidagi asosiy muhokama mavzularidan biri bo‘lishi kerakligi qayd etilgan. Bu nima uchun muhim?

— Iqlim o‘zgarishi masalalarining ahamiyati haqida yuqorida aytib o‘tdim. Bu biz hammamiz to‘qnash kelayotgan muammo. Bu yerga kelishdan oldin Buyuk Britaniyadagi universitetlarda, jumladan, Kembrij Kavendish laboratoriyasida o‘zbek akademiklari bilan uchrashdim. Ular menga O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi ekinlari 50 darajagacha bo‘lgan haroratda jon saqlashiga to‘g‘ri kelsa, qanday chora ko‘rish mumkinligi ustida ishlayotganlarini aytishdi. Bu nihoyatda qiyin.

Shu nuqtai nazardan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, oziqlantirish usullarini qo‘llashda, nafaqat O‘zbekiston miqyosida, balki xalqaro bozorlarga chiqishda, texnologiya va tadqiqotlaringiz tobora isib borayotgan dunyoga moslashishda yordam berishida foydalanish uchun eng yaxshi tadqiqotlarimizni baham ko‘rishga tayyormiz. Dunyoda o‘rtacha harorat darajasi tobora ortib borayotgani barchamizning xavfsizligimizga tahdid soladi. Iqlim o‘zgarishi faqat oziq-ovqat, suv ta’minoti masalalari degani emas. Bu mintaqalar o‘rtasidagi ziddiyatni ham o‘z ichiga oladi.

Prezident Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan beri men, mening hukumatim, bu [hodisa] Markaziy Osiyoni 2016-yilgacha sira kuzatilmagan tarzda birlashtirganidan hayratda qoldik. Endilikda Markaziy Osiyo formati chinakam hamkorlik va o‘zaro bog‘liqlik ruhiga asoslanadi. Buni umumiy suv resurslari, umumiy energiya resurslari taqozo qiladi va ularni keskinlik manbai emas, balki hamkorlik manbaiga aylantirish talab etiladi.

Biz bu borada qanday yordam berishimiz mumkinligi ustida bosh qotirmoqdamiz. Xususan, tashqi ishlar vazirining tashrifi doirasida ayrim bayonotlar berildi. Va ulardan biri yashil texnologiyalar va yashil o‘sish bo‘yicha inklyuziv o‘sish jamg‘armasi tuzilishi edi.

— Investitsiya muhiti Markaziy Osiyoda takomillashtirilishi kerak bo‘lgan sohalardan biri hisoblanadi. Mintaqaviy savdo infratuzilmasini takomillashtirish va mintaqaviy savdo siyosati Markaziy Osiyo davlatlarini integratsiya nuqtai nazaridan qanday qo‘llab-quvvatlashi mumkin, xususan, O‘zbekistonga investitsiya muhitini yaxshilashga qanday yordam berishi mumkin. Bunda Buyuk Britaniya qanday rol o‘ynashi mumkin?

— Tashqi ishlar vazirlarimiz uchrashuvi doirasida o‘zaro bog‘liqlik va mamlakatlarimizning infratuzilma loyihalari bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi. “Samarqand-Toshkent” ikkinchi tezyurar temiryo‘li haqida muhokamalar ketmoqda. Pullik yo‘llar, mintaqa miqyosidagi xalqaro aeroportlar bo‘yicha tashabbuslar haqida fikr almashildi.

Iqtisodiyotingiz o‘sib bormoqda, bu yilgi prognoz 6 foizdan ziyodni tashkil etadi. Haqiqatan hayratomuz. Har yili yuz minglab, 1 millionga yaqin 18 yoshli yoshlar mehnat bozoriga kirib keladi. Ularga ish, bandlik kerak. Buning uchun iqtisodiyotingiz an’anaviy sovet modeliga tayanolmaydi. Iqtisodiyotingizni modernizatsiya qilishingiz lozim va bu borada katta qadamlar qo‘yyapsiz: raqamlashtirish, elektron tijorat, fintex hamda qishloq xo‘jaligi, tog‘-kon sanoati sohalarini kengaytirish. Biz kichik va o‘rta korxonalarni rivojlantirish, davlat korxonalarini xususiylashtirish yo‘nalishlarida sizlarni qo‘llab-quvvatlashimiz mumkin.

Va bularning barchasi iqtisodiy islohotlar dasturiga borib taqaladi. Bizda “Iqtisodiy rivojlanish uchun samarali boshqaruv” dasturi mavjud bo‘lib, dastur doirasida Jahon banki vositasida va Strategik islohotlar agentligi bilan hamkorlikda iqtisodiy o‘sishni takomillashtirish uchun tahlil va ma’lumotlarga ega bo‘lishingizga ko‘maklashamiz. Ular orqali sizga aslida qanday siyosat zarurligi, xususiy sektor bilan qanday ishlash kerakligini bilib olishingiz mumkin.

Xususiy sektor haqida gap ketsa, Buyuk Britaniya London moliyaviy bozorlariga kirish, kapital bozorlariga kirish hamda biznes va savdodagi hamkorliklarni yo‘lga qo‘yishda yordam berishi mumkin. Bu, iqtisodiy taraqqiyot, mustaqillik va iqtisodiy o‘sishni mustahkamlash, kelajak avlod uchun barqarorlik va ish o‘rinlarini ta’minlashning kalitidir. Bu biz uchun investitsiyalar nuqtai nazaridan yutuq, iqtisodiyotingizni chinakamiga mustahkamlash uchun mablag‘, tajriba va moliyalashtirishga ega bo‘lish nuqtai nazaridan siz uchun ham yutuq.

buyuk britaniya, intervyu, timoti smart

— Ma'lumotlar va tahlillar borasidagi tashabbus haqida aytganlaringizga to‘xtalsak. Siyosat ma’lumotlar va tahlillarga asoslanishi nima uchun muhim?

— Agar aholi sonini bilmasangiz, aholi jon boshiga YAIM qancha ekanligini qanday ayta olasiz? Har bir xonadon kuniga qancha hajmda, qancha vaqt suv olishini bilmasangiz, bu bilan bog‘liq vaziyat yaxshilanganmi yoki yo‘q, qanday ayta olasiz? Har yili qancha bola maktabga chiqayotgani yoki uni tamomlayotganini bilmasangiz, qancha maktab qurish kerakligini qayerdan bilasiz?

Buni rejalashtirish uchun yillar kerak: kelajak uchun qanday ish o‘rinlarini yaratish kerak? Yoki investitsiya kiritayotgan bo‘lsangiz, aytaylik, faqat paxtaga investitsiya kiritsangiz, jahon bozorida paxtaga bo‘lgan talab, misga qanday talab borligini bilishingiz kerak. Siz rivojlantirayotgan elektron tijorat ko‘nikmalari, siz yaratayotgan xizmat ko‘rsatish sohasiga bo‘lgan talab qanday? Talab kelgusida qanday bo‘ladi? Sizda moslashish uchun rejalar bo‘lishi kerak.

Bu hukumat faoliyati samaradorligi nuqtai nazaridan juda muhim. Lord Kemeron bosh vazir bo‘lgan vaqtida ma’lumotlarga katta e’tibor qaratgan. Toni Bler bosh vazir bo‘lgan vaqtida markaziy hukumat aholi to‘g‘risidagi asosiy ma’lumotlarni tushunishini ta’minlashga qaratilgan Delivery Unit (Natijalarga erishish Ofislari) modellarini yaratdi. Bundan ko‘zlangan maqsad — davlat siyosati haqiqatda ushbu ma’lumotlarga asoslanishini ta’minlash edi.

Istalgan mamlakatda, hozirda sizning mamlakatingizda g‘oyatda muhim hisoblangan uchta ustuvor soha — sog‘liqni saqlash, ichimlik suvi ta’minoti va ta’limni takomillashtirishni istagan taqdiringizda, mamlakat fuqarolariga erishilgan natijalarni yetkazib berish uchun ma’lumotlarga asoslangan siyosat zarur.

— Bugungi kunda O‘zbekistonda ham Strategik islohotlar agentligi huzurida Delivery Unit faoliyat olib bormoqda.

Keling, endi ikki tomonlama munosabatlarga to‘xtalamiz. O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida janob Kemeron “Biz hamkorlar o‘rtasida tanlov qilishni so‘ramaymiz”, dedi. Siz ham mintaqa davlatlarining mustaqilligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlash muhim ekanligini qayd etib o‘tdingiz. Buyuk Britaniya O‘zbekiston va mintaqa davlatlariga ularning suvereniteti va mustaqilligini qo‘llab-quvvatlash uchun nima taklif qilishi mumkin?

— Shaxsan o‘zim demokratman. Britaniya esa BMT nizomi va qoidalarga asoslangan xalqaro tizimga rioya qiluvchi BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zosi. Xalqaro tartib hududiy yaxlitlik, suverenitet va mustaqillikka asoslanadi. Biz qandaydir kuchlar bu qadriyatlarga qarshi chiqayotganini ko‘rsak, buni hammamiz uchun, dunyodagi barcha demokratik davlatlar uchun tahdid sifatida baholaymiz. Hamda Ukraina va 1939-yilgi Polsha misolida guvohi bo‘lganingizdek, ularni qo‘llab-quvvatlaymiz. Bunday voqealarni bir chetda qo‘l qovushtirib, tomosha qilib turolmaymiz. Biz adolatliroq, yanada inklyuziv dunyoni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Va biron tajovuzkor suveren mamlakatlardan bu huquqlarini tortib olishga urinayotganiga guvoh bo‘lsak, biz ular bilan yonma-yon turamiz va ularga do‘st ekanligimizni ko‘rsatamiz, albatta ular [do‘stlik] xohlasalar. Biz sizning hayotingizni murakkabлаштирмоқчи emasmiz. O‘z manfaatlaringizga nima mos kelishi, qo‘shnilaringiz bilan qanday ishlashingiz kerakligi va tashqi ta’sirlarni o‘zingiz hammadan yaxshi bilasiz. Biroq, biz yordam taklif qilish uchun shu yerdamiz. Hayotingizni murakkablashtirish uchun emas. Agar biron xatti-harakatimiz hayotingizni qiyinlashtirsa, ayting, bizning maqsadimiz bu emas.

Amalda iqtisodiyotingiz o‘sishini istasangiz, biz bilan hamkorlik qiling. Bizda davlat boshqaruvida Delivery Unit singari baham ko‘rishimiz mumkin bo‘lgan tajribasi bor. Biznesga kelsak, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar bo‘yicha imkoniyatlar va tajriba yuqori darajada.

Ta’lim — yordam taklif qilishimiz mumkin bo‘lgan asosiy sohalardan biri, bu xoh ingliz tili bo‘lsin, xoh transmilliy ta’lim. Buyuk Britaniyaning 11 ta universiteti mamlakatda transmilliy ta’lim muassasalariga ega. Yana to‘rttasi onlayn ta’limni yo‘lga qo‘yish istagida va boshqalari endi ko‘rib chiqmoqda. Bu fuqarolaringiz Buyuk Britaniyada tahsil olishi mumkinligi nuqtai nazaridan ulkan imkoniyat, Buyuk Britaniyada tahsil olish istagida bo‘lganlar uchun hech qanday viza cheklovlari mavjud emas. Bu qimmatlik qilgan taqdirda, siz shu yerda — O‘zbekistonda ham Britaniya ta’lim dasturlari asosida o‘qish imkoniga egasiz. Biz o‘z bilimlarimizni baham ko‘rishimiz va sizdan o‘rganishimiz mumkin.

Biz muammolar va hamkorlar o‘rtasida tanlov qilishni so‘ramaslik haqida gapirganimizda, mamlakatingiz hozir ma’lum bir yo‘lda ekanini juda yaxshi tushunaman. Mening mamlakatim ham shunday. Biz hamkorlik qilishimiz mumkin bo‘lgan ko‘plab sohalar, umumiy muammolar mavjud: iqlim o‘zgarishi, ta’lim, ayollar va qizlar ta’limi, iqtisodiy taraqqiyot, sun’iy intellekt, savdo. Biroq, shu bilan birga, mustaqil harakat qilish imkoniyatlarimizni cheklashga urinayotgan kuchlar ham mavjud. Mustaqilligingizni mustahkamlashga yordam bera olsak, juda soz bo‘lar edi.

— Prezident Mirziyoyev yaqinda qilgan nutqida O‘zbekiston Buyuk Britaniya bilan muhim xomashyo sohasida hamkorlik bo‘yicha hujjatlarni imzolash bo‘yicha faol ish olib borayotganini ta’kidladi. Bu qanday turdagi hamkorlik bo‘ladi: qazib olish yoki savdo, qanday turdagi muhim xomashyo sohasida?

— Bu yerda faoliyat yuritgan vaqtimda O‘zbekistonning ham xususiy, ham davlat sektorida ilg‘or jahon tajribasi ortidan borayotgani menda juda iliq taassurot qoldirdi. Masalan, raqamli parklar tashkil qilgansiz, ta’limga, hatto tog‘-chang‘i kurortlariga bilim va tajriba olib kirasiz, xorijdan eng yaxshi mutaxassislarni jalb qilasiz.

Muhim foydali qazilmalarga kelsak, biz prezident Mirziyoyev hukumati va butun O‘zbekiston hukumati uchun ishlaydigan modelni, yaqinda Yevropa Ittifoqi bilan imzolangan modelni ko‘rib chiqmoqdamiz. Shunga o‘xshash model asosida ishlashga intilamiz. Bu tajriba almashish, qazib olishda potensal yordam, bozorga kirish, ushbu turdagi kelishuvdan kutish mumkin bo‘lgan barcha narsani o‘z ichiga oladi. Hukumatlarimiz va xususiy sektor o‘rtasida yakuniy kelishuvlarga erishilishi kutilmoqda.

buyuk britaniya, intervyu, timoti smart

— 2024-yil fevralida Sky News nashri Britaniya kompaniyalari tomonidan O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Gruziya va Armanistonga tovarlar, jumladan, dronlar va og‘ir texnikalar uchun uskunalar jo‘natilayotgani, keyinchalik ular Rossiyaga olib ketilayotgani haqida xabar bergan edi. O‘zbekistondagi Mvizion kabi ba’zi kompaniyalarga nisbatan sanksiya kiritilganidan xabardormiz. Har ikki davlat rasmiylari sanksiyalarni chetlab o‘tishning oldini olish uchun yana qanday choralar ko‘rmoqda?

— Buyuk Britaniya hukumati O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari bilan hamkorlikda ishlash jarayonida kuzatilayotgan hamkorlik ruhidan g‘oyatda mamnun. Biroq, bu har doim ham oson emas. Har safar kompaniyaga nisbatan sanksiya kiritish yo‘lini topganimizda, yangi kompaniya paydo bo‘lishi mumkin. U bir necha kun faoliyat olib boradi-da, yo‘qolib qoladi. Bu murakkab muhit ekanligini yaxshi tushunamiz.

Biroq, shu bilan bir vaqtda, bu yerda emas, mintaqaning boshqa bir davlatida, mamlakatdagi import qilingan idish yuvish mashinalari soni har bir xonadon xo‘jaligiga to‘rttadanni tashkil qiladi. Ya’ni, nimadir noto‘g‘ri ekaniga juda aniq ishora qiladigan anomaliyalarga guvoh bo‘lyapmiz. Va bu Ukrainadagi urushdan keyin boshlandi.

Fevral oyi o‘rtalarida Britaniya yuridik firmasini taklif qilib, O‘zbekiston davlat xizmatchilari va hukumatini huquqiy asoslar, sanksiyaga uchragan kompaniyalarni kuzatish bo‘yicha ko‘rilishi mumkin bo‘lgan chora-tadbirlar, sanksiya qo‘llangan tovarlar va birgalikda ishlash bo‘yicha o‘qitdik. Uning ertasiga esa shunga o‘xshash bilimlarni xususiy sektorga taqdim etdik.

O‘tgan yilning noyabr oyida Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi va AQShning yuqori martabali rasmiylari hukumat bilan taraqqiyot, birgalikda ishlash, qo‘llab-quvvatlashning yangi sohalari va muammolar haqida muzokaralar o‘tkazish maqsadida bu yerda bo‘lishdi. Ushbu hamkorlik mustahkam va yaxshi ishlab kelmoqda.

— Xususiy sektor vakillari uchun treninglar o‘zlari bilmagan holda sanksiyalarni chetlab o‘tish jarayonining ishtirokchisiga aylanib qolmasliklarini ta’minlash maqsadida o‘tkazildimi?

— Xuddi shunday. Ular nima qilishlari mumkin, nimalarga e’tibor qaratish kerak, qoidalar qanday. Chunki bu qiyin ekanligini tushunamiz.

Bizning asosiy vazifamiz — biz yuborgan yoki qabul qilgan hech narsa frontning oldingi saflarida paydo bo‘lib qolmasligi va oxir-oqibat ukrainaliklarni o‘ldirmasligiga ishonch hosil qilishdan iborat. Bu bosqinchilik va tajovuzkorlik urushi, bu noto‘g‘ri. Biz esa Ukraina suvereniteti va mustaqilligini himoya qilish uchun qo‘limizdan kelgan hamma narsani qilamiz. Sanksiyalar ana shu yo‘nalishdagi ishlarning katta qismidir.

— So‘nggi vaqtlarda Buyuk Britaniya mintaqa uchun mavsumiy ishchilar sxemasi ishga tushirilgandan so‘ng markaziy osiyolik mehnat muhojirlari uchun eng ommalashgan yo‘nalishlardan biriga aylandi. Biz bandlik operatorlari mehnat muhojirlarini nafaqat mavsumiy ishlarga, balki hamshiralar yoki haydovchilar singari kasblarga ham jalb qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotgani haqidagi xabarlarni ko‘ryapmiz. Ayni paytda Buyuk Britaniyada mavsumiy ishlarda qancha o‘zbekistonlik ishlayotgani haqida ma’lumot bormi?

— Bu yerda minglab muhojirlar haqida gap ketyapti. Bu boshqa mamlakatlardagidek yirik raqamlar emas, biroq biz buni juda muhim deb hisoblaymiz. O‘tgan yili o‘zbekistonlik va markaziy osiyolik mavsumiy ishchilar qishloq xo‘jaligidagi ishchilarning asosiy qismini tashkil etdi. Bu yil taxminan 4000 kishi jalb qilinishi kutilmoqda. Biroq, xususiy sektorning ehtiyojlariga qarab, Buyuk Britaniyadagi fermer xo‘jaliklari ko‘proq ishchilarga ehtiyoj sezsa, sonini oshirishimiz mumkin.

Ushbu dasturda ishtirok etishni o‘ylayotganlar uchun ayrim narsalarni yetkazishni istardim. Birinchidan, xush kelibsiz, sizni u yerda ko‘rishni juda xohlaymiz. Biroq, biz mavsumiy ishlarga jalb qilingan har bir kishi, ularning oila a’zolari va yaqinlari munosib himoyalanganligiga ishonch hosil qilishni istaymiz. Shuning uchun, iltimos, viza olish uchun faqat hukumat rasmiy kanallaridan foydalaning. Uchinchi shaxslar xizmatlaridan foydalanmang, chunki pul to‘lamasligingiz kerak bo‘lgani holda sizdan qo‘shimcha pul talab qiladigan vijdonsiz kimsalar mavjud. Foydalanishingiz kerak bo‘lgan rasmiy manbalar mavjud, uchinchi shaxslar emas.

Kengroq dasturlarga keladigan bo‘lsak, nima qilishimiz mumkinligini diqqat bilan o‘rganmoqdamiz. Va siz aytganingizdek, hamshiralar va shifokorlarni jalb qilishda ma’no bor. Biroq, shu bilan birga, men mamlakatning o‘z tizimi uchun zarur bo‘lgan yetarli darajada hamshira va shifokorlarga ega ekanliga ishonch hosil qilishni istardim.

buyuk britaniya, intervyu, timoti smart

— Buyuk Britaniya markaziy osiyolik mavsumiy mehnat muhojirlari uchun kvotani oshirish masalasini ko‘rib chiqadimi?

— Bu ko‘rsatkich har yili Buyuk Britaniyaning xususiy sektori ehtiyojlariga qarab kengayib yoki qisqarib boradi. Qolaversa, Buyuk Britaniyada bu miqdorga nisbatan ichki siyosat mavjud. Ayni paytda hammasi joyida, bizga ma’qul, dastur yaxshi ishlamoqda. Biz O‘zbekiston yoki mintaqadan Buyuk Britaniyaga kelib mehnat qilayotganlar haqiqatda yaxshi tajribaga ega bo‘lishiga ishonch hosil qilishimiz kerak.

Ular ishlab topgan mablag‘lari bilan o‘z mamlakatlariga qaytganlarida, bizda Xalqaro migratsiya tashkiloti va boshqa tashkilotlarlar bilan hamkorlikda ishlanadigan shunday dasturlar borki, mehnat muhojirlari mablag‘larini investitsiya qilish orqali o‘z bizneslarini ochishlari mumkin. Shu tariqa, ular qaytib kelgach, hamma daromadlarini birdaniga sarflab yubormasdan milliy iqtisodiyotning yuksalishiga hissa qo‘shadilar.

— Janob Kemeronning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida ta’lim sohasidagi hamkorlikka to‘xtalib, mintaqa va O‘zbekiston uchun Chevening stipendiantlari soni ko‘paytirilishi ta’kidlandi. Endilikda Chevening stipendiyasi uchun nechta o‘rin mavjud bo‘ladi?

— Bu borada maqsadlarim juda katta, chunki ta’lim masalasi muhim ahamiyatga ega. Bu yerda qilayotgan ishimiz va berayotgan yordamimizning asosiy qismi shundan iborat. Prezident Mirziyoyevning o‘zi ham muntazam “ta'lim, ta’lim, ta’lim” deb takrorlaydi.

Bu yerda ingliz tili bunchalik keng qo‘llanilishini kutmagandim. Va, albatta, postsovet avlodi uchun ingliz tilini biladiganlarning bunday ko‘p sonliligi haqiqatan ham diqqatga sazovor. Nazarimda, bu O‘zbekistonning oyoqqa turishi, jahon bozorlariga ochilishi, yoshlaringiz xalqaro miqyosda ish o‘rinlari uchun raqobatlasha olishi va tajriba orttirib qaytishining natijasidir.

Chevening uchun, yanglishmasam, 15 ta o‘rin ajratish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu yil ishtirokchilar sonini ikki barobarga oshirib, 15−16 nafarga yetkazdik.

Shuningdek, “El-yurt umidi” jamg‘armasi doirasida har yili 100 dan ortiq O‘zbekiston fuqarolarini Buyuk Britaniyaga magistraturaga o‘qishga yuborayotganingizdan xabarim bor. Bu juda hayratlanarli raqamlar. Biz bu odamlarning biznesda, fuqarolik jamiyatida, davlat boshqaruvida muhim lavozimlarni egallayotganining guvohiga aylanyapmiz. O‘zini jamiyat manfaatlariga bag‘ishlaganlar qaytib kelishadi va tajribalari bilan o‘rtoqlashishadi, tizimlaringizni xalqaro ilg‘or tajribalar yordamida o‘zgartirishadi. Agar mamlakatingiz uchun [bu tajribalardan] birontasi ishlamasa, bu [bizda] ish bermaydi deb aytishingiz mumkin.

Cambridge University Press mamlakatdagi umumta’lim maktablari uchun darsliklar taqdim etmoqda, bu ham kishida ajoyib taassurot qoldiradi. Ya’ni, siz o‘zingizga ma’qul kelgan ta’lim usullarini ko‘rib chiqdingiz va ularni o‘zlashtirdingiz — biz xuddi mana shunday imkoniyatlar izlaymiz.

Tashqi ishlar vazirining tashrifi doirasida biz, xotiram pand bermayotgan bo‘lsa, taxminan 6,5 million funt sterling miqdoridagi ta’lim dasturini e’lon qildik, u ingliz tilini o‘qitish darajasini oshirish, ingliz tilini o‘rgatish, ta’lim tizimi, imtihonlar, o‘quv dasturlarining samaradorligini oshirishga qaratilgan bo‘ladi. Ya’ni, butun boshli ta’lim tizimiga har tomonlama yondashuv. Hukumatingiz ta’lim sohasidagi ustuvorliklarga erishishini ta’minlash maqsadida biz UNICEF singari xalqaro hamkorlar bilan ishlaymiz.

— Buyuk Britaniya Markaziy Osiyo hukumatlarining korrupsiya va pul yuvishga qarshi kurashish salohiyatini oshirish muhimligini ta’kidlaydi, bu esa iqtisodiy rivojlanishning yaxshilanishiga olib kelishi mumkin. Bu borada Buyuk Britaniya O‘zbekistonga qanday yordam taklif qilmoqda?

— Yuqorida tilga olingan 25 million funt sterlingga yaqin jamg‘armaga ega bo‘lgan “Iqtisodiy rivojlanish uchun samarali boshqaruv” dasturi davlat boshqaruvini takomillashtirish bo‘yicha ham ishlaydi.

Buyuk Britaniya siz bilan o‘rtoqlashishi mumkin bo‘lgan eng yirik tajribalardan biri — bu xalqaro arbitraj sudidir. Yaqinda bo‘lib o‘tgan Toshkent xalqaro investitsiya forumida prezident Mirziyoyev Toshkent xalqaro tijorat sudi tashkil etilishini ma’lum qildi. Bu investor ishonchi uchun juda foydali va muhim.

Qaysi davlatga bormang, o‘rta va yirik korxonalarga ham, kichik korxonalarga ham aynan arbitraj sudi ishonch beradi. Ya’ni, agar siz bu yerga kelib investitsiya kiritsangiz, investitsiyangizning aniq qonuniy kafolatiga ega bo‘lasiz, arbitrajga murojaat qilishingiz mumkin.

Fors ko‘rfazi mamlakatlari, Singapur va Qozog‘iston misolida, bu investorlarning ishonchi va ushbu mamlakatlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimini sezilarli darajada oshirdi. Darhaqiqat, men TIIFʼda bo‘lganimda, Fors ko‘rfazi kompaniyalarining “Bu yerda arbitraj sudi bo‘lishi juda soz”, deya ta’kidlashganiga guvoh bo‘ldim. Demak, gap faqat Britaniya kompaniyalari haqida emas. Bunga Janubiy Osiyo kompaniyalari, Fors ko‘rfazi kompaniyalari ham qiziqish bildirmoqda. Agar bugun kimdir ularga bu yerda arbitraj sudiga murojaat qilish imkonini beruvchi xalqaro tan olingan sudga ega bo‘lishini kafolatlasa, bu haqiqatda juda muhim.

Mutaxassislarning qayd etishicha, bunday sud faoliyatining birinchi yilidayoq mamlakatingizga 400 million dollarga yaqin qo‘shimcha investitsiya kirib keladi. Sudlar biroz qimmat, biroq 400 million emas. Va vaqt o‘tishi bilan qo‘shimcha investitsiyalar oqimi ham o‘sadi. Qozog‘istonda nima bo‘layotganiga e’tibor bering.

Ushbu sudda britaniyalik sudyalar xalqaro maqomda ishtirok etishi ham muhim. Biroq, kelajakda o‘zbek huquqshunoslari yetishib chiqadi. Shu tariqa ko‘nikmalar rivojlanadi va ilg‘or xalqaro tajribalar O‘zbekistonga ulashiladi.

Tushunishimcha, hozirda uni raqamli parklardan biriga ko‘chirishmoqchi. Bu esa qonunchilik bazasi ustida qo‘shimcha ishlarni talab qiladi. Biroq, g‘oya va maqsadning o‘zi juda ishonarli.

Va agar u xalqaro miqyosda mustaqil deb tan olinsa va uning faoliyati mustaqil bo‘lib qolsa, [ya'ni hech kim aralashmasa], bu sizning mamlakatingizga katta miqdordagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga yordam beradi.

buyuk britaniya, intervyu, timoti smart

— Yashil texnologiyalar sohasidagi hamkorlikka qaytsak, Buyuk Britaniya va O‘zbekiston o‘rtasida bu yo‘nalishda qanday hamkorlik amalga oshirilmoqda?

— Tashqi ishlar vazirining tashrifi doirasida biz budjeti taxminan 19,5 million funt sterling bo‘lgan Yashil inklyuziv jamg‘arma tashkil etilishini e’lon qildik. Unda hukumatlar salohiyatini oshirishga yordam berish masalalari ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, u xususiy kapital va xalqaro moliyalashtirishni jalb qilgan holda, qaysi kichik va o‘rta korxonalar yashil texnologiya va salohiyatni oshirishda qo‘llab-quvvatlashga, shuningdek, mintaqaviy infratuzilma, energiya, suv va qayta tiklanadigan energiyaga investitsiyalarga muhtojligini aniqlashga yordam beradigan maxsus moliyalashtirish modeliga ega bo‘ladi.

Biz sizning qayta tiklanadigan yashil texnologiyalar sektoringizni rivojlantirishga yordam berish uchun mamlakat miqyosida qanday dasturlar kerakligini, ular mintaqa bo‘ylab qanday bog‘lanishini bilishni istaymiz.

— Jamg‘arma butun mintaqa uchunmi?

— Butun mintaqa uchun. Lekin, bu dasturlarning ayrimlari faqat ikki tomonlama bo‘ladi. Ichimlik suvi yoki energetika bo‘yicha boshqa dasturlar esa o‘zaro bog‘liqlikning ahamiyatini hisobga olgan holda mintaqaviy xususiyatga ega bo‘ladi. Sizda eskirib borayotgan va juda samarasiz sovet texnologiyalari ko‘p. Va mamlakatingiz aholi jon boshiga uglerod izlari ko‘rsatkichi bo‘yicha dunyoda yetakchi davlatlar qatoriga kiradi. Biz ushbu ko‘rsatkichni pasaytirishga yordam bermoqchimiz.

Bularning ko‘p qismi — XMTlar, biznes, hukumatlar bilan hamkorlik qilish va xususiy kapital bilan ishlash asnosida, sizning nazaringizda, muammolar va masalalar mavjud bo‘lgan sohalarni aniqlashga yordam berish uchun rag‘batlantiruvchi mablag‘ hisoblanadi.

— Parlament hisobotida mintaqa davlatlarining diplomatik xizmatlari uchun diplomatik akademiya tashkil etish tavsiya etilgan. Ushbu tashabbus qaysi bosqichda? Va bu mintaqaviy integratsiyani qanday mustahkamlashi mumkin?

— Buyuk Britaniyada diplomatik akademiya bor va turli xorijiy xizmatlar diplomatlarni turli yo‘llar bilan tayyorlaydi. Mamlakatingizda diplomatlar yetishtirib beruvchi bir nechta yaxshi diplomatiya universitetlari borligiga ishonaman. Masalan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti. Ular sizni bo‘lajak diplomatlar, elchilar va boshqa zarur mutaxassislar bilan ta’minlaydi. Men bu taklif hozir qaysi holatda ekanligini bilmayman, lekin biz prezidentning [islohotlar dasturi] ustuvor yo‘nalishlari hisoblangan sohalarda tajriba almashishdan manfaatdormiz, ulardan biri davlat boshqaruvi salohiyatini oshirish hisoblanadi.

Bizda davlat xizmatchilarining kasbiy mahoratini oshiruvchi davlat xizmati universiteti mavjud. Biz bu boradagi ilg‘or tajribalarimiz bilan o‘rtoqlashamiz. Davlat boshqaruvidagi Delivery Unit modeli bo‘yicha qanday yordam berishimiz mumkinligini ham o‘rganmoqdamiz.

buyuk britaniya, intervyu, timoti smart

— O‘zbekistonda salkam bir yil vaqt o‘tkazdingiz. Bu vaqt ichida mamlakat haqida ko‘p narsalarni bilib olishga muvaffaq bo‘ldingiz. Sizningcha, taraqqiyotning hozirgi bosqichida O‘zbekistonga ko‘proq nima kerak?

— Mamlakatdagi xalqaro moliya tashkilotlarining ayrim rahbarlari bilan suhbatlashdim va aytishlaricha, O‘zbekiston dunyoda bunday dinamika sezilayotgan kam sonli davlatlardan biri. Mamlakat sifatida gullab-yashnayapsiz, prezidentning islohotlar dasturi aniq maqsadlar ustiga qurilgani ko‘rinib turibdi.

Menimcha, ayrim hollarda odamlarga o‘zini ko‘rsatishlari uchun vaqt berish, to‘xtalish, ularni o‘z holiga qo‘yish va vazifalarni bajarishi uchun vaqt berish kerak.

Meni [O‘zbekistondagi] dinamika, iliq kutib olishgani va birgalikda ishlayotgan haqiqiy hamkorlar ekanligimiz haqidagi haqiqiy hissiyotlar hayratda qoldirdi. Va bu kishini haqiqatda xursand qiladi. Sizning madaniyatingiz va tarixingiz ajoyib. Mening mamlakatim “zulmat asrlari"da bo‘lgan bir vaqtda, butun mamlakat bo‘ylab Buxoro, Samarqand, Xivada jahonning eng buyuk faylasuflari, astronomlari yetishib chiqqan. Bizning hamkorligimiz shu kungacha davom etmoqda va biz bir-birimizdan o‘rganamiz.

— O‘zbekistonda so‘nggi paytlarda sezilarli o‘sish kuzatilayotgan sohalardan biri bu kreativ sanoat. Bu O‘zbekiston hayotiga qanday ta’sir qiladi va u yangi harakatlantiruvchi kuchga aylana oladimi?

— Yaqinda 50 yoshni qarshilayman, va men [taraqqiyotdan] biroz orqada qoldim. Yetti yoshli qizim ayrim texnologiyalarda mendan ko‘ra yaxshiroq. Biroq, Toshkentdagi raqamli parkda bo‘ldim, uning tashqi dunyo bilan qanchalik bog‘langanligi, park dizaynini ishlab chiqishda Singapur, Hindiston, dunyoning turli burchaklaridan eng yaxshi namunalarni o‘zlashtirganingiz meni hayratda qoldirdi. U yerda dasturchilar, erkaklar va ayollar birdek ish olib bormoqda. Bu sohada gender muvozanatiga erishishga urinyapsiz. Ayol va qizlarning barcha sohalarda mehnat qilishi muhim.

Shuningdek, butun mamlakatga elektron tijoratni olib kirish ustida ish olib bormoqdasiz. Bunday markazlar har bir viloyatda bor, yoshlarni o‘qitasiz, yaqin-atrofda yotoqxonalar, universitetlar bor, mas’uliyatli vazirlik bor, xorijdan bizneslarni jalb qilasiz. Va bu borada siz dunyoda yetakchi o‘rinni egallaysiz.

Muhokama qilganimizdek, sizda demografik o‘sish bilan bog‘liq muammolar bor va dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniga ega emassiz. Shu nuqtai nazardan, bu rivojlanishingiz uchun juda muhim soha. O‘ylaymanki, siz hammasini to‘g‘ri qilyapsiz, hammasi bir maromda ketyapti. Prezident ta’limni mamlakat oldidagi eng ustuvor vazifa sifatida belgilamoqda va, mening nazarimda, ko‘pchilik ota-onalar ham farzandlari oldiga xuddi shunday maqsadni qo‘yadilar. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, Buyuk Britaniya transmilliy ta’limni taklif qilishi, shuningdek, elektron tijorat bo‘yicha tajriba almashishi mumkin, biz dunyodagi to‘rtinchi eng yirik elektron tijoratga egamiz. Men sizlarning eng yaxshi tajribalarni qanchalik mohirona tanlab olib, uni mamlakatingiz va iqtisodiyotingiz rivojiga yo‘naltirayotganingizga allaqachon guvoh bo‘ldim. Va biz sizga yordam berishga tayyormiz.

buyuk britaniya, intervyu, timoti smart

— Suhbatga tayyorlanayotgan paytimizda o‘zbek tilidan imtihonga tayyorlanayotganingizni aytishdi. Imtihoningiz qanday o‘tdi?

— Juda yaxshi o‘tdi. Savolingiz uchun katta rahmat. Men o‘zbek tilida gaplashishim kerak (o‘zbek tilida aytdi — tahr.). Mashq qilishim kerak, ingliz tilida juda ko‘p gapiraman. Men uchun o‘zbek tili muhim. Britaniya diplomatlari ham rus, ham o‘zbek tillarini o‘rganishadi, lekin biz o‘zbek tilini tobora ko‘proq o‘rganib boramiz, chunki bu sizning madaniyatingizni yaxshiroq tushunishimizga yordam beradi. Qolaversa, biz sizning yurtingizda mehmonmiz, sizning tilingizda gaplashishimiz kerak.

Men o‘zbek tilida erkinroq gaplashishni istayman. Hozir bunday emas. O‘zim xohlaganchalik erkin gaplasholmasligim meni ranjitadi, biroq ko‘chaga chiqishim, bozorlarda savdolashishim mumkin. Atrofimdagilar o‘zbek tilida gaplashsa, tushunaman. Yig‘ilishlarda o‘tirsam, menga tarjimon kerak emas, bu juda ajoyib. 20 daqiqalardan keyin tarjimonni yoqishim mumkin, chunki miyam charchaydi.

Hurmat ko‘rsatish nihoyatda muhim. Bu madaniyatni tushunishga yordam beradi. O‘zbeklar qanday yashashini, ularni nimalar tashvishga solishini tushunishga yordam beradi. Men X (sobiq Twitter) ga kira olaman, “Gazeta.uz"ga, “Kun.uz"ga kira olaman, Uzbekistan24ʼni tomosha qila olaman va mamlakatda nimalar bo‘layotganini tushunaman. Menga tarjimon kerak emas, radio tinglay olaman. Bu siz uchun aslida nima muhimligini tushunishga juda katta yordam beradi.

— O‘zbek tilini qachondan beri o‘rganyapsiz?

— Bu yerga kelishidan taxminan 14 oy oldin boshlaganman. Tilingiz juda qiyin. Biroq, kuch sarflashga arziydi. Gap tuzilishi meni shunchaki hayratda qoldiradi. Koreyalik va yaponiyalik hamkasblarim bilan gaplashsam, o‘zbek tilini o‘rganish juda oson, deyishadi. Biroq, G‘arbiy Yevropa tilida so‘zlashuvchilar uchun gap tuzilishi murakkabroq tuyuladi. Lekin bunga arziydi.

— Ushbu sa’y-harakatlaringiz uchun sizga raxmat. Sizdan avvalgi elchi Torlou bilan suhbatlashganimda, kelishingiz oldidan sizga qanday maslahat berishini so‘ragan edim. Sir bo‘lmasa, u sizga O‘zbekiston haqida nimalar dedi, qanday maslahatlar berdi?

— Biz mintatsaning geosiyosiy ahamiyati, uning bu yerda bo‘lgan yillari davomida ko‘rsatilgan iliq munosabat, mehmondo‘stlik haqida, ketish u uchun qanchalik og‘ir bo‘lgani haqida suhbatlashdik. U menga “Bundan zavq oling. Vaqt juda tez o‘tadi”, deb maslahat bergan edi.

Bizda yanada mustahkamroq va yaqinroq munosabatlarni davom ettirish imkoniyati mavjud. Mendan avvalgi elchi Timga u va uning jamoasi qilgan barcha ishlari uchun minnatdorchilik bildiraman. Ularning xayrli ishlarini davom ettirib, nafaqat bugungi kun uchun, balki farzandlarimiz uchun ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan juda mamnunman.

— Janob elchi, ajoyib intervyu bo‘ldi, siz bilan suhbatlashganimdan mamnunman. Rahmat.

— Men ham mamnun bo‘ldim. Savollaringiz, fikrlaringiz uchun katta rahmat (o‘zbek tilida aytdi — таҳр.).

Davlat Umarov suhbatlashdi.