“Gazeta.uz” YouTube’dagi o‘zbekistonlik kontent mualliflari tomonidan tayyorlangan videolarning oyma-oy sarhisobini tayyorlashda davom etadi. Navbat — 2024-yilning may oyi yakunlariga.

Izoh: Quyida mushtariylar e’tiboriga havola etilayotgan videolar tahririyat tavsiyasi emas. Bunda aniq bir format ostida muntazam kontent e’lon qilib kelayotgan, muallifi o‘zbekistonliklar bo‘lgan o‘nlab YouTube loyihalardan ayrimlarining 2024-yil may oyidagi eng ko‘p ko‘rilgan bittadan videosi tanlab olingan. Ayni vaqtda, fursatdan foydalanib, “Gazeta.uz”ning o‘zbek va rus tahririyatlari tomonidan may oyida tayyorlangan videokontentni ham yana bir bor eslatib o‘tishni joiz deb bildik.

“Gazeta.uz” e’lon qilgan videolar

Sirdaryolik 22 yoshli traktorchi qiz hikoyasi

Ziyoda Jo‘raboyeva onasi rahbarlik qiladigan “Ozodbek tuhfasi” fermer xo‘jaligida traktorchi bo‘lib ishlaydi. U traktor haydashni 17 yoshida boshlagan. Marhum dadasining ishini davom ettirishni maqsad qilgan Ziyoda hozirda traktorni mustaqil boshqara oladi. “Gazeta.uz” Guliston tumaniga safari davomida u bilan suhbatlashdi.

Mifonomika: Korrupsiya qonimizga singib ketganmi? | Akmal Burxanov

“Mifonomika” loyihasining 9-sonida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov bilan “Korrupsiya qonimizga singib ketgan” degan mif haqida suhbatlashildi.

Rus tilida: So‘rovnoma: Toshkent aholisi qancha ishlab topmoqda?

Aprel oyi so‘ngida Statistika agentligi O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi yil boshidan buyon qariyb 20 foizga oshib, 4,92 mln so‘mga yetganini ma’lum qildi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, eng ko‘p maoshni bank sektori mutaxassislari, eng kam maoshni esa o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlari olmoqda. Toshkent shahrida o‘rtacha oylik ish haqi 8 mln so‘mdan oshdi. “Gazeta.uz” shahar aholisidan qancha maosh olishi va bu qulay hayot kechirish uchun yetarli yoki yo‘qligi haqida so‘radi.

Bir tom ostidagi hamkorlarimizning materiallari

Afisha.uz. “Malohat”dan “Janze”gacha: Hamdam Sobirov konserti — 2024

Xonanda Hamdam Sobirov 24-may kuni “Humo Arena”da yakkaxon konsertini taqdim etdi. 30 ga yaqin qo‘shiq, 7 ta duet ijro etilgan konsertdan Afisha.uz muxbirlari reportaj tayyorladi.

Spot. Shirinlik biznesi. Konteynerda qanday ish boshlash mumkin?

Sanjarbek Ashirmuhamedov biznes bo‘yicha bilimlarni mustaqil o‘rganib, 24 yoshigacha yetarlicha tajriba orttirgan. U 2015-yildan boshlab qahvaxona loyihasi ustida ishlagan. Besh marta yopilishiga qaramasdan, bugungi kunda 60 kishiga mo‘ljallangan joyda Waffly qahvaxonasini yo‘lga qo‘ygan. Spot u bilan suhbatlashdi.

Boshqa mualliflar e’lon qilgan videolar

Endi boshqa mualliflar e’lon qilgan videokontentlarga o‘tsak. Bunda, yuqorida qayd etilganidek, aniq bir format ostida muntazam kontent e’lon qilib kelayotgan, muallifi o‘zbekistonliklar bo‘lgan o‘nlab YouTube loyihalardan ayrimlarining 2024-yil may oyidagi eng ko‘p ko‘rilgan bittadan videosi tanlab olindi.

Subyektiv. “Maymun biznesi”ga aylangan qurilishlar

O‘zbekistonda qurilish kompaniyalari soni yiliga 5000 tagacha oshib boryapti. Ular har yili 100 minglab uy-joy quradi. Ularni nazorat qiluvchi davlat inspeksiyasi esa 2023-yilning eng korrupsion tashkilotlari uchligidan joy oldi. “Bu ko‘rsatkichlar sababli bugungi qurilishlar sifatiga shubha, savdolarda aldov, munosabatlarda ishonchsizlik oralagan”ini qayd etgan Subyektiv loyihasining navbatdagi soni ushbu mavzu tahliliga bag‘ishlandi.

U kim edi? Afg‘onistonlik o‘zbek marshali | Abdulrashid Do‘stum

Nurbek Alimovning tarixiy shaxslar haqida hikoya qiluvchi “U kim edi?” loyihasining so‘nggi sonlaridan biri afg‘onistonlik marshal Abdulrashid Do‘stumga bag‘ishlandi.

Mirshakar Fayzulloyev. MALADES konsert dasturi

May oyiga kelib, Mirshakar Fayzulloyev 2023-yilda bo‘lib o‘tgan stendap konsert dasturini va nihoyat YouTube’da e’lon qildi.

NmaGap. [SUHBAT] Musofir bo‘lmaguncha, musulmon bo‘lmaysan! Otabek Mahkamov

“NmaGap” loyihasining bu sonida bloger Otabek Mahkamov mehmon bo‘ldi.

Jim ketmaylik. Maftuna Shokirova vs Imona G‘ayratova: 2005-yil boladan sovchi keldi

“Jim ketmaylik” loyihasi mazmuni mehmonlar bilan mashinada sayohat qilish, yo‘l-yo‘lakay tomoshabinga ijobiy kayfiyat ulashish va qiziqarli suhbat qurishdan iborat. Islom Karimov olib borayotgan loyihaning bu soni mehmonlari Maftuna Shokirova va Imona G‘ayratovalar bo‘ldi.

Kunduziy. Koinot qanday yaralgan?

Kunduziy bu safargi videosida koinot qanday yaralgani haqida hikoya qilishga harakat qiladi.

102 tv. Avaz Oxun: Javobgarlar javob bersin!

102 tv podkastining navbatdagi sonida qiziqchi Avaz Oxun o‘z fikrlari bilan bo‘lishdi.

Lolazor. Maylimi, O‘zbekiston degan davlat qursak?

“Lolazor”ning bu sonida prezident Islom Karimov va uning atrofidagi ishlar, Murod Muhammad Do‘st va Alisher Azizxo‘jayev bilan bog‘liq voqealar, bugungi televideniye, milliy seriallar ahvoli, Rauf Parfi va Tog‘ay Murodning unvon olish jarayoni, qatag‘onga uchragan ajdodlar, Qodiriyning jasorati, sotqinlikda ayblanadigan G‘afur G‘ulom, “Paxtakor-79” halokatining sababi va shu kabi boshqa mavzular haqida suhbatlashildi. Mehmon sifatida esa adabiyotshunos olim Rahmon Qo‘chqor taklif etildi. Qayd etish joiz, oy davomida “Yetuk TV” kanalida ham Rahmon Qo‘chqor bilan suhbat e’lon qilingan edi.

Magnit. Nega o‘zimiz bilan gaplashamiz? Ichimizda kim bor?

“Magnit” loyihasining bu safargi sonida inson nima uchun o‘zi bilan o‘zi gaplashishi haqida gap boradi.

Texnoplov. GPS va koordinatalar qanday ishlaydi?

“Texnoplov” bu safar GPS va koordinatalar qanday ishlashini tushuntiradi.

Soqqa. O‘zbek repida soqqa bormi? | Konsta, Dalimjanov, Yamadzhi

O‘zbek repida pul bormi? Reperlar qanday pul topadi va uni qanday sarflaydi? Mirshakar Fayzulloyevning “Soqqa” loyihasi mazkur savollarga javob topish uchun uch nafar reper bilan, tajriba, xatolar, xulosa, bosib o‘tilgan yo‘llar haqida suhbatlashdi.

Kalibr. Hammaning xatosi bor… | Murod Nazarov

Tadbirkor Hasan Mamasaidov YouTube’da o‘zining yangi loyihasini boshladi. “Kalibr” deb ataluvchi loyihaning dastlabki sonida tadbirkor Alisher Isayev, ikkinchisida esa tadbirkor Murod Nazarov mehmon bo‘ldi.

Pakapak. Urush davrining eng noodatiy texnologiyalari

“Pakapak”ning bu sonida urush davrida foydalanilgan noodatiy texnologiyalar haqida ma’lumot beriladi.

NQE podcast. Mirshakar Fayzulloyev, Laziz Hamidov, Teacher A’zam

Teacher A’zamning “Nozik qalb egalari” podkastining navbatdagi sonida mehmon sifatida Mirshakar Fayzulloyev, mezbon sifatida esa Laziz Hamidov hamda Teacher A’zamning o‘zi ishtirok etdi. Podkastda “Mirshakar malades” konsertining YouTube’ga qo‘yilmagan qismi, o‘zbek stendapi va Mirshakar Fayzulloyevning o‘rnini egallayotgan Teacher A’zam haqida suhbatlashildi.

Susambil. Yangi film: “Gollumga ov” yoxud qaytayotgan “Uzuklar hukmdori”

O‘rta dunyo kengliklaridan ulkan yangilik: “Uzuklar hukmdori” filmi asosida yangi loyiha suratga olinmoqda va u 2026-yilda taqdim etiladi. Mashhur trilogiya rejissyori Piter Jekson filmga prodyuser sifatida qaytadi va suratga olish ishlarining har bir bosqichiga bosh-qosh bo‘lishi aytilmoqda. Loyiha ssenariysi “Uzuklar hukmdori” olamidagi ilgari tilga olinmagan voqealarga asoslanadi. “Susambil”ning navbatdagi sonida bo‘lajak film tafsilotlari tahlil qilinadi, shuningdek, Gollum tarixi haqida batafsil ma’lumot beriladi.

Lolaqizg‘aldoq. Top-10 seriallar ro‘yxati

“Lolaqizg‘aldoq” loyihasida ishtirokchilar turli mavzular yuzasidan, masalan, eng yaxshi kino, eng yaxshi musiqa, eng yaxshi kitob kabi o‘z reytingini tuzib chiqadi. Ilk sonda har bir ishtirokchi ikkitadan film tavsiya qilgandi. Bu sonda esa ular o‘zlarining Top-10 seriallari ro‘yxatini tuzib chiqdi.

Qurultoy. O‘zbek urug‘lari tarixi: 92 bovli o‘zbek xalqi, urug‘ini unutgan odamlar

“Qurultoy”ning navbatdagi soni o‘zbek urug‘lari mavzusiga bag‘ishlandi. 92 bovli o‘zbek xalqi degan jumla quloqqa ko‘p chalingan, ammo shu bilan bir paytda, urug‘lar haqida kam gapiriladi, kam yoziladi. Hatto o‘zbeklarda urug‘lar yo‘q deyishadi, urug‘ini unutgan odamlar ham ko‘p uchraydi. Lekin o‘zbeklarda azaldan urug‘lar mavjud bo‘lgan va ular butun turkiy xalqlar uchun umumiy bir o‘tmishga ega bo‘lgan. Shu urug‘larning tarixi va bugungi kundagi holati haqida tarixchi olim, professor, tarix fanlari doktori G‘aybulla Boboyorov bilan suhbatlashildi.

OtaSiz. Umuman boshqa Hasan bo‘lib Toshkentga qaytib keldim

Podkast janri rivojlanib borayotgani fonida jurnalist Xayrulla Hamidov ham YouTube’da yangi loyihaga qo‘l urdi. Bu podkastning boshqalaridan farqli tarafi mavzular aniqligida: ota va otasizlik. Podkastning dastlabki mehmoni futbol sharhlovchisi Hasan Davlatovich Turdialiyev bo‘ldi.

Qo‘shtirnoq. Ovoz — musiqiy loyiha tashkilotchilari bilan suhbat

“Ovoz” loyihasiga qancha pul sarflangan? Franshiza talablari qanday? U nechta bosqichdan iborat va asosiy jarayon qanday? Boshlovchi va hakamlar qanday tanlangan? “Qo‘shtirnoq” podkastining navbatdagi sonida ushbu musiqiy loyiha maqsadi va barcha tafsilotlari haqida loyihaning bosh prodyuseri va rejissyori bilan suhbatlashildi.

+1 podkast. Biznesda har bir xatoning narxi bor

Biznesmenlarni ko‘pincha mulohaza emas, harakat odamlari deyishadi. Muvaffaqqiyatli biznes yuritish uchun odamga ma’lum bilimlardan tashqari xavflarni oldindan ko‘ra bilish, tez qaror qabul qilish, xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarish kabi ko‘nikmalar zarur. “+1 podkast”ning navbatdagi mehmoni Asaxiy onlayn do‘koni va Asaxiy Books loyihasi asoschisi Firuz Allayev bo‘ldi. Tadbirkor yuqorida aytilgan ko‘nikmalarni shakllantirish uchun nima qilish kerakligi, O‘zbekistonda biznes va tadbirkorlik sohasi qay holatda ekani, odamlarning kitob o‘qishi mamlakatning umumiy iqtisodiy holatiga qanday bog‘liqligini tushuntirib berdi.

Hoshimov iqtisodiyoti. Yoshiko Herrera — Nima uchun Rossiya Ukrainaga bostirib kirdi: identifikatsiya, millatchilik va etnik siyosatning roli (ingliz tilida)

“Hoshimov iqtisodiyoti” dasturining navbatdagi sonida Rossiya siyosati bo‘yicha mutaxassis, Viskonsin universiteti professori Yoshiko Herrera mehmon bo‘ldi. Herrera ko‘p yillik tajribaga ega siyosatshunos olim, Rossiyaning yangi tarixi, 1990-yillardagi xususiylashtirish masalalari va davlat statistikasi haqida ko‘p tadqiqotlar olib borgan. U AQShning Rossiya va NATO bilan munosabatlari bo‘yicha ko‘plab ekspert guruhlari a’zosi sanaladi. Herrera Rossiyada 1990-yillar boshida tahsil olgan, Qozog‘istonda esa Nazarboyev universitetini tashkil etishda ko‘maklashgan. Suhbatda juda ko‘p masalalar haqida gap boradi, ya’ni nafaqat Rossiyaning Ukrainaga urushi, balki Rossiyadagi millatchilik, o‘zlikni anglash va millatlararo munosabatlar ham muhokama qilinadi.

Diqqat, savol! Raqamli etiket. Faktcheking. Internetning qoidalari

“Diqqat savol!” podkastining navbatdagi sonida bloger Azam Qahramoniy, huquqshunos Madina Tursunova va tadbirkor Laziz Hamidov bilan raqamli etiket, faktcheking, internetda xulq-atvor qoidalari va tarmoqda haqorat qilishning oqibatlari haqida suhbatlashildi.

Uchadi, uxladi. Aravakashlikdan tadbirkorlikkacha yo‘l, Qand brendining paydo bo‘lishi — Saidakmal Vahobov

“Uchadi, uxladi” podkastining 5-soni mehmoni Qand kompaniyasi asoschisi Saidakmal Vahobov bo‘ldi. Podkast davomida Qand kompaniyasining yaratilish tarixi, biznesda narxlash siyosati, universitetda ta’lim olishning muhim qoidasi, xalqaro va mahalliy bozor haqida suhbat qurildi.

EKG. EKG stendap #2

O‘zbekistonda yana bir stendap klubi shakllanib bormoqda. Loyihaning ikkinchi sonida stendap komiklar Abbos Serobov, Azimbek Xushmamatov, Kamol Abdulatipov, Azizjon Karimov, Izzatilla Chorixo‘jayev o‘z chiqishlari bilan ishtirok etdi.

Sigma Podcast. O‘zbekistonda kibersport qanday rivojlanmoqda? | Doniyor Jo‘rayev

“Sigma Podcast”ning navbatdagi sonida O‘zbekiston kibersport assotsiatsiyasi prezidenti Doniyor Jo‘rayev mehmon bo‘ldi. U mamlakatda kibersportga berilayotgan e’tibor, tarixdagi unga nisbatan negativ munosabat, O‘zbekistonda o‘tishi kutilayotgan kelajak o‘yinlari, o‘zbek tili kirib kelgan PUBG, mamlakatda serverlarini o‘rnatgan Tencent kompaniyasi va boshqa mavzularda fikr bildirdi.

Cubic. Marketingda “Big data” asri qachon boshlandi? | Baxtiyor Shodiyev

Cubic podkastining 7-sonida Bakht Asset Management asoschisi va rahbari Baxtiyor Shodiyev bilan marketingda Big data mavzusida suhbatlashildi.

Siz-chi, qaysi loyihalarni kuzatib borasiz?

Keyingi sarhisobda yana qaysi loyihalar e’tiborga olinishi kerak deb o‘ylaysiz? Bu haqda Telegram’dagi botimiz orqali bizga yozing: @GazetauzFeedbackBot.