14-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi prezidenti Yun Sok Yol Alohida strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va har tomonlama kengaytirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni imzoladi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.

Davlat tashrifi doirasida quyidagi 17 ta hujjat imzolandi:

  1. Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik jamg‘armasi bilan hukumatlararo bitim;
  2. Koreya Eksport-import banki va Hyundai Rotem kompaniyasi bilan tezyurar elektr poyezdlarini xarid qilish va yetkazib berish to‘g‘risida bitimlar;
  3. Koreya Eksport-import banki bilan o‘rta maktablar uchun fan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari uskunalarini yetkazib berish to‘g‘risida bitim;
  4. “Toshkent Farma Park” innovatsion farmatsevtika klasteri loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida bitim;
  5. O‘zbekiston davlat xizmatchilari salohiyatini oshirish sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  6. Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2025−2027-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
  7. Jahon savdo tashkiloti doirasida hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
  8. Madaniyat sohasida hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
  9. Transport sohasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuv;
  10. O‘zbekiston hududlarida markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida kelishuv;
  11. O‘ta muhim minerallar sohasida sheriklik to‘g‘risida kelishuv;
  12. Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Koreya qo‘shma qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida kelishuv;
  13. Malakali va professional kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
  14. Qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
  15. “O‘zsanoatqurilishbank” AJ bilan Koreya Eksport-import banki o‘rtasida banklararo master-kredit liniyasi to‘g‘risida bitim.

Janubiy Koreyaning Yonhap agentligi xabariga ko‘ra, Hyundai Rotem umumiy qiymati 195,7 million dollar bo‘lgan kelishuv doirasida “O‘zbekiston temir yo‘llari”ga 42 ta vagonga mo‘ljallangan 6 ta tezyurar poyezd yetkazib beradi hamda ularga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash xizmatlarini olib boradi.

O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi muhim materiallar sohasidagi hamkorlikka kelsak, Yonhap`ning aniqlik kiritishicha, imzolangan kelishuv foydali qazilmalarni birgalikda qidirishdan tortib to foydalanishgacha bo‘lgan keng qamrovli sheriklikka yo‘l ochadi.

“Ikkala davlat O‘zbekistonning boy mineral resurslari va Janubiy Koreyaning ilg‘or texnologiyalarini uyg‘unlashtirish orqali ta’minot zanjiri hamkorligida sinergiyani maksimal darajada oshirishga kelishib oldi”, — deya qo‘shma matbuot anjumani yakunida Janubiy Koreya prezidenti so‘zlaridan iqtibos keltirgan agentlik.

Bitimlar asosiy foydali qazilmalarni, shu jumladan, litiyni qidirish, qazib olish va qayta ishlashning butun siklini qamrab oluvchi hamkorlikni rivojlantirishga hamda Koreya kompaniyalariga iqtisodiy foydali qazilmalarni o‘zlashtirishda ustuvor ahamiyat berishga qaratilgan, deya ta’kidlaydi agentlik prezident ma’muriyatiga tayanib.

Avvalroq O‘zbekiston va Janubiy Koreya kelgusi 3 yilda o‘ta muhim minerallar, yarimo‘tkazgichlar, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, shaharsozlik, xavfsiz energetika — jami 7 ta yo‘nalishda hamkorlik qilmoqchi ekani haqida yozgandik. 2025-yilni “O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi o‘zaro almashinuvlar yili” deb nomlash ham taklif etildi.

Shuningdek, O‘zbekiston va Janubiy Koreya prezidentlari tor doiradagi uchrashuvda hamkorlik salohiyatidan samarali foydalanish, yirik yuqori texnologik loyihalarni aniqlash va yangi sheriklik modelini shakllantirish yuzasidan kelishuvga erishgan.