May oyida “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha sudlanayotgan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining sobiq direktori Sardor Kariyevning onasi Munira Kariyeva o‘zi rahbarlik qilayotgan Jurabek Laboratories jabrlanganlarga 75 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni 3 yil ichida to‘lab berishga tayyorligi, buning evaziga o‘g‘li Sardor Kariyevni ozodlikka chiqarish haqidagi iltimos bilan Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri sudi raisi va apellyatsiya instansiyasiga murojaat qilgandi.
Munira Kariyeva 14-iyun kuni “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan navbatdagi apellyatsiya sudida so‘z olib, jabrlanuvchilarga to‘lab bermoqchi bo‘lgan tovon puli to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Munira Kariyeva sudlov hay’atiga qarata shunday dedi: “Mana shu qamoq jazosini uy [qamog‘i] ehtiyot chorasiga o‘zgartirib bersanglar, shu qaror chiqqan kundan boshlab, o‘sha kuni desanglar, o‘sha kuni, ertasidan desanglar, ertasidan, to‘lovini boshlayman”.
Sud zalidagi jabrlanuvchilardan biri: “To‘lab beradigan bo‘lsangiz, biz rozimiz shunga. Bizga qamalganining foydasi yo‘q. Nima keragi bor: qamaldi nima, qamalmadi nima? Qarzga botib qolganmiz”, degan bo‘lsa, boshqasi tirik, ammo nogiron bo‘lib qolgan bolasini davolatish uchun uyini sotib, Toshkentda kvartirada yashayotgani, bo‘ynigacha qarzga botgani, qolgan barcha jabrlanuvchilar ham uning vaziyatida bo‘lib, ular ham Munira Kariyeva kiritgan arizaga rozilik bildirishini aytdi. Kariyeva esa: “Ishonaman, men imkon darajasida to‘lovni tezlatishning harakatini qilaman”, — deya javob qaytardi.
Sudlov hay’ati hozircha ariza bo‘yicha ajrim chiqargani yo‘q. Lekin 7-iyundagi apellyatsiya sudida sudya Muzaffar Ahmedov Sardor Kariyev tomonga qarata: “Ayblilik masalasi sud davomida ko‘rib chiqilaveradi. Agar to‘lamoqchi bo‘lsangiz, suddan kelib, depozitlarni olib, harakatni boshlaveringlar”, — degandi.
“Gazeta.uz” sud protsessining Munira Kariyeva so‘z olgan qismi va uning jabrlanuvchilar bilan bo‘lgan muloqoti qismi stenogrammasini to‘liq holda keltiradi.
Munira Kariyeva: Assalomu alaykum, hurmatli rais, hurmatli sudyalar, hurmatli jamoat, hurmatli jabrlanuvchilar. Men Kariyev Sardorning onasiman. Oldingi safar ham chaqirgandingiz, kelolmagandim, bugun vaqt topib keldim. Avvalambor sudga, barcha tashkilotlarga, jumladan, SNBga ham (DXXni nazarda tutib — tahr.) rahmat demoqchiman. Nima uchun? Biz ham juda qiynaldik, bolalarim ham qiynaldi — hamma qiynaldi. Lekin baribir anavi kun aytgandim, bitta ahmoq toshni suvga otadiyu, ustidan aqlli qidiradi, xuddi shunaqa bo‘ldi.
Lekin mening nazarimda, hozir sharoit yaxshi, to‘g‘ri tarafga qarab yurishni boshladi. Men kuzatib turib, boshqa qilib, ona sifatida ham, keyin jabrlanuvchilarning ota-onalariga nima qilsam, yaxshi bo‘ladi, nima qilsam, yordam bo‘ladi, ozgina… Bu jarayon hali davom etadi, bilaman. O‘zbekiston miqyosida ham, xalqaro miqyosga chiqdik, chiqishni boshladik, xalqaro miqyosda ham davom etadi. Unga yillar vaqt kerak bo‘ladi.
Shuning uchun men imkoniyatim darajasidan kelib chiqib, farzandini yo‘qotgan ota-onalarga, bolalari kasal ota-onalarga hamdardlik bildirgan holatda imkon darajasida oilaviy qilib yurgan ishimiz, mana shuni davom ettirgan holatda sizga arizamda yozgan edim, demak, ikki yildan uch yilgacha bo‘lgan davrda mana shuni qoplab berish, oldingi sud tarafidan berilgan summalarni qoplab berishni aytgandim. Bu so‘zimda turaman.
Men sizga xatimda ham iltimos qilganman, bitta iltimosim shu bo‘ladiki, sud jarayonida barchasi ma’lum bo‘ldiki, bu yerda o‘tirganlar, hatto hind ham (Quramax Medical rahbari, sudlanayotgan Singh Ragvendra Pratap nazarda tutilyapti — tahr.) bu yerda aybdor emas. Bu ishni qilgan [odam] hammaning ustidan kulib, yana 1,5 yildan beri Dubayda dam olib yuribdi (Hindistondagi Marion Biotech va O‘zbekistondagi Quramax Medical rahbari, hindistonlik Jain Sachin nazarda tutilyapti — tahr.). Buni hammamiz sud jarayonlaridan bildik.
Shuning uchun kelishgan holatda, sud bilan ham, DXX bilan ham, Interpol bilan ham ish boshladik. Rahmat, yordam berishni boshlashdi. Mana shuni davom ettirgan holatda sal sharoitni yengillatish maqsadida jabrlanuvchilarga tovon pulini to‘lab berishga roziman, shuni aytganman, so‘zimda turaman.
Hozir menga [jabrlanuvchilar tomonidan] ikkilanishlar bo‘lyapti, boshqa bo‘lyapti, onasi to‘lamaydi, degan [ma’noda]gi xabarlar keldi. Yo‘q. Men buni bir yildan beri iltimos qilaman. “Prosto” “situatsiya”ning ketishi, sharoitning ketishiga qarab turib, advokatlarim orqali iltimosnoma kiritdim, advokatlarimga mening nomimdan gapirish vakolatini ham berdim.
Bugun sud [tergovi]ning oxirida, yakulanayotgan bir jarayonda o‘zim kelib aytmoqchimanki, agar, Xudo xohlasa, xatimda yozgan gapimni yana qaytaraman, ehtiyot chorasi uy qamog‘iga almashtirilib… bu protseduralar bir kunda bo‘lmasligi, [uzoq] vaqt davom etishini advoktlarim orqali juda yaxshi tushundim.
Lekin mening yana bitta iltimosim bo‘ladi: mana shu qamoq jazosini uy [qamog‘i] ehtiyot chorasiga o‘zgaritirib bersanglar, shu qaror chiqqan kundan boshlab, o‘sha kuni desanglar, o‘sha kuni, ertasidan desanglar, ertasidan, to‘lovini boshlayman.
Birinchi o‘qib berilganda kim tushundi, kim tushunmadi, o‘zim qaytadan, og‘zaki qaytarishni judayam xohlardimki, birinchi to‘lovimda yetmishga yaqin, oltmishdan oshiq jabrlanuvchilar 100 million so‘mdan pul olishadi. Bu — birinchi ikki hafta ichida oladigan summalari. Undan keyingilariga ham grafik berganman (material ostida to‘liq grafikni taqdim qilamiz — tahr.). Ana shu grafik bo‘yicha, iltimos, jabrlanuvchilarga tushuntirsanglar.
Keyin yana men bitta narsani iltimos qilardim, menimcha, hozir jabrlanuvchilar onlayn qatnashishyapti deb eshitdim. Bo‘lmasa, mana ommaviy axborot vositalariga ham ming rahmat, judayam ko‘p, yaxshi yoritishyapti. Shu gaplarimni yoritib berishsa.
Men to‘lovni davom ettiraman, lekin bulardan bitta iltimosim bo‘ladi: jabrlandi deb bir-birimizga tosh otdik, boshqa qildik, endi to‘g‘ri tushunib oldik, kelisha oldik. Demak, mana bu xalqaro miqyosda bo‘ladigan jarayonlarda ham ularning intervyulari kerak bo‘ladi, ularning faolligi ham kerak bo‘ladi, mana shu narsada bitta iltimosim, ularning to‘lovlarini 100 foiz sud qilgan qaror bo‘yicha to‘lab beraman, bitta iltimosim, mana shu jarayonda ham judayam faol ishtirok etishlarini xohlayman.
Boshida tushunmagan paytimda nima uchun “publichno” qamalib, “publichno” bunaqa bo‘lyapti deganimda chunki jamoa qattiq xafa degan gapni eshitgandim. Menimcha, jamoa tushundi. Jabrlanuvchi jamoa to‘g‘risida gapiryapman. Menimcha, judayam yaxshi tushunishdi.
Endi iltimos qilardim: qo‘lni qo‘lga berib, sud bilan ham, sudya bilan ham, DXX bilan ham, prokuratura bilan ham, biz bilan ham birgalikda ishlab turib, mana shu masalani O‘zbekiston fuqarolarining, hech kimning aybi yo‘qligini bilgan holatda xalqaro miqyosga chiqishimizga yordam berishlarini xohlardim.
Men avvalida yuqoridagi tekshiruv organlaridan xafa bo‘lgandim, lekin hozir rahmat deyapman. Mana, otam shu sohada qirq yil ishlaganlar, mana, o‘zim hozir 40 yil ishlayapman, bolalarim davom ettiryapti. Bolalarimdan juda ham minnatdorman, juda yuzimni yorug‘ qilishdi. Sardorbek, sendan mingdan-ming roziman. Nima uchun? Chunki bir vaqtning o‘zida na ishxona, na boshqa qolmay, hammayoqda tekshiruv ketgan paytda, Xudoga shukur, hammasi solig‘i to‘langan, hamma qonun-qoidani buzmagan holatda ishlab… chunki o‘g‘il bolasizlar, ko‘chada nima qilib yurganingizni… yosh, mustaqilsizlar… bilganim bor edi, bilmaganim. Hammasi bir yuzaga chiqib, judayam xursandman. Bu sohada bundan keyin ishlaysanmi, ishlamaysanmi — ixtiyoring. Lekin yoshingga nisbatan shu yillar davomida soha uchun shunaqa katta ish qildingki, shu soha vakilasi sifatida sendan mingdan-ming roziman.
Hurmatli sudya, sizdan yana bir bor iltimos qilardimki, shuni OAV orqali ham yetkazsangiz, grafik bor sizda. Men pulni 2−3 yil ichida oxirigacha [to‘layman], agar imkoniyatim yaxshi bo‘lib qolsa, tezlataman, judayam tezlataman. Chunki bu savobli ishni qilish, bu insonlarning savobini olish — men uchun baxt. Agar jabrlanuvchilar qandaydir savol bo‘lsa, marhamat. Anavi kuni pressadan kelmadilar degan gapni eshitdim.
Jabrlanuvchilardan birining otasi: To‘lab beradigan bo‘lsangiz, biz rozimiz shunga. Qamalganining foydasi yo‘q bizga. Nima keragi bor: qamaldi nima, qamalmadi nima bizga? Qarzga botib qolganmiz, hali to‘lab bo‘lganimiz yo‘q. Besh oy bolnitsada yotganman men o‘zim.
Munira Kariyeva: Iltimos, men ularning hammasini tushunaman (ovozi titrab — tahr.). Tushunib, eshitib, kuzatib boryapman. Lekin sizlarning intervyularingizga asosan, 2023-yilda qamalishdi, mayli. Men sizlardan ham xafa emasman, sizlarni ham judayam to‘g‘ri tushunaman. Endi iltimos qilardimki, faol bo‘lib, men bilan birgalikda… men pulingizni oxirigacha, sudning qarori bo‘yicha to‘layman.
Faqat suddan rekvizitlarni oldim, unaqa hech nima yozilmagan, umumiy raqam turibdi, hech nima yozilmagan, depozit bo‘yicha, “dok” bo‘yicha, kimga yetib boradi, degan narsalar yo‘q. Kelindi, ariza yozildi, olib ketildi, mening bitta iltimosim, chunki sizlar boshida o‘lim jazosi dedinglar, bir umr dedinglar, har xil gaplar bo‘ldi, menimcha, shu jarayonlarda aniqlik kiritildi.
Ota: U vaqtda biz majbur edik shu narsani aytishga. Boshqa hech qanaqa… (Munira Kariyeva gapira ketadi — tahr).
Munira Kariyeva: Bildim, bildim. Shuning uchun ham men o‘zim keldim. Demak, hozir mana bu jarayonda shu gapni agar qaytarib olsanglar, men tayyorman… sizlarga yordam berishga. Va undan keyin yana sizlar bilan birga ishlab turib, xalqaro miqyosda haqiqiy aybdorni Hindistondan olib kelib, mana shu yerda qamashga, mana shu yerda advokatlarim [tomonidan] ishonchnoma kiritilyapti, boshqa qilinyapti. Mana shunga yordam berishinglarni xohlardim. Butun respublika bo‘yicha iltimos qilardim shuni.
Ota: Bo‘ldi, bo‘ldi, qilamiz. Bizga uy qamog‘iga olmaslikni bersa ham, biz rozimiz. Xohlasa, chiqar[ishsin].
Munira Kariyeva: Mening ham iltimoshim shu bo‘lyapti.
Ota: Biz haligacha qarzlarimizni to‘lab bo‘lganimiz yo‘q. Qarzimiz… (Munira Kariyeva jabrlanuvchining gapini bo‘ladi — tahr).
Munira Kariyeva: Yana qaytadan aytaman, mana, sudyalarning ixtiyorida, pul beriladi. [Ehtimol], birinchi sizlarga o‘xshagan qiynalganlar oldinroqqa surilar. U mening [vakolatim] emas, hukumatning vakillari [aytishadi]. Mening vazifam — to‘lab berish.
Ota: Mana bu sherigimning bolasi hali tirik.
Munira Kariyeva: Umri uzoq bo‘lsin.
Ota: Lekin har [oy davolanganda] ko‘ryapman, 800−1000 dollargacha pul sarflayapti.
Munira Kariyeva: Ishonaman.
Ota: Qaysi odam shuncha [pul topa oladi?]
Munira Kariyeva: Ishonaman. Men imkon darajasida to‘lovni tezlatishning harakatini qilaman. Uyog‘iga kelishgan holatda, o‘zinglar kelishib, bir yil oldin, bir yil keyin, marhamat, rais boshchiliklarida yoki komissiya bo‘ladimi, men bilmadim, texnik, yuridik tomonlarini, uyog‘ini o‘zinglar hal qilaverasizlar.
Yana bir jabrlanuvchining otasi: Hurmatli sudya, aytmoqchi bo‘lganim, oldinam aytganman, hozir mana shu bolamni mana shu ahvolga olib kelguncha, to‘g‘risi, hazilakam harakat bo‘lgani yo‘q. To‘rtta farzandim bor, eng katta farzandim to‘qqizinchi sinfda, qolganlarining o‘qishi bor, repetitori bor, yeyish, ichish, kiyinishi, hattoki o‘zimning uyimni ham sotib, Toshkentda kvartirada yashayapman.
Toshkentda kvartiraning ahvolini bilasiz. Kvartira to‘lashim bor, [doridan nogiron bo‘lib qolgan] bolamning o‘ziga har oyda 700−800 dollar ketadi. Oddiy ukol, “lecheniye”siga. Undan boshqa reabilitatsiyalarini hisoblamayapman, massaji bor, basseyni bor, boshqa narsasi bor, ularni hisoblamayapman. Hattoki bizga davlatimiz tomonidan kredit ham berilmay qo‘yildi. Bizga oxiri “zapret” berib qo‘yildi. Ishxonada, Nukusda xizmat qilgan eng yaqin o‘rtoqlarimning nomiga kredit olib [yuribman]. O‘shalar ko‘rib turibdi vaziyatimni. Xo‘p, mayli, jo‘ra, yonimizda yo‘q, lekin mana shunday variant qilib bera olamiz, deb o‘shalarning nomiga olib, haligacha yuribman (sudya jabrlanuvchining gapini bo‘ladi — tahr.).
Sudya: Mana o‘shaning uchun kelibdilar.
Ota: Men hozir aytmoqchi bo‘lganim, mana, nogiron bo‘lib qolgan bolalar bor, nechtasi og‘ir ahvolda, chunki o‘zim ham ko‘rib o‘tiribman-da. Kuniga ikki marotaba “cudoroga” berib qoladi. Ey Xudo, deb o‘tiraman. Har bitta dorisi oson emas. “Uje” oladigan joy ham yo‘q.
Shuning uchun o‘tgan safar sizdan ham iltimos qilgandim. Kariyevning onalari ariza kirgizgan ekan, bu sud jarayoni qachon tugaydi, o‘shaning uchun oldinroq yordam berish choralarini ko‘rib bersangiz [deb]. “Uje” oldingi sudda, xabaringiz bo‘lgan bo‘lsa, oldingi sudya belgilangan summani berish to‘g‘risida qaror chiqardi. Ommaviy axborot vositalariga ham chiqqan, falon so‘mdan ajratildi deb. “Uje” hamma [bizni] yeyishni boshladi. “Kak budto” ko‘pchilik — [men] qarz olgan [odamlar] o‘ylab o‘tiribdi. Ular “Uka, olgan ekansiz, qarzingizni bermaysizmi”, deyishyapti. Hali olganim yo‘q, baraka topgur, desam ham tushunmaydi.
Hozir bu yerda qayerga borarimni bilmayapman. Boshimda to‘rtta farzandim bilan. O‘zimdan o‘tganini o‘zim bilaman. Hattoki oilam (turmush o‘rtog‘ini nazarda tutyapti — tahr.) ham kasal. “Uje” “grija” bo‘lib, asabiy, u ham yetib kelgan. Qaysi tomonimga qararimni bilmayapman. O‘shaning uchun (sudya jabrlanuvchining gapini bo‘ladi — tahr.).
Sudya: Aka, mana, o‘zlari kelibdilar, mana, o‘zlari aytyaptilar.
Ota: Yordam qilish choralarini ko‘rib bersa, iloji bo‘sa, tezroq. Chunki “uje” boshqa variantim qolmayapti. Men ham har safar bu yerga — sudga kelib, ertalabdan kechgacha vaqtimni o‘tkazganimdan ko‘ra bolamning reabilitatsiyasi, boshqa narsasi bilan shug‘ullanganim yaxshi. Men ham bu yerga hadeb, kunda kelolmayaman, hadeb bolamni deb kasalxonaga [borishimga] ishxonadan jo‘natmaydi. O‘shaning uchun ertaroq [tovon puli masalasini hal qilaylik].
Boya Nukusdagilar ham, Jizzaxdan boshqa ota-onalar ham, o‘zimiz maslahatlashdik. Endi baribir hammamiz aka-uka bo‘lib qolganmiz, telefonlashamiz, “svyaz”damiz. O‘shalar bilan ham guruhda gaplashganlar. Sizlar nima deysizlar, ariza tashlagandik desak, o‘shaning uchun ham hammasi yig‘ilgandi. Ertalabdan ko‘chaga chiqsak ham, o‘sha to‘g‘risida gap bo‘lmadi-ku aka, shuning uchun ham hammamiz kelgandik, deyishgandi.
Hozir buyoqda bildirgan taklifini [jabrlanuvchilarning] hammasi qo‘llab-quvvatlayapti. Chunki “uje” bitta menmas u yerda, nechta odam qarzga ketdi, hozir uyimni ham sotganman, kvartiradaman.
[Pulni] oladigan bo‘lsak, ko‘pchilik, tushunadi, tushunmaydi. Ko‘pi ustimdan kulib ham yuradi. “Sen ertaga pul olsang, Tahoe`da yurarkansan-da”, deb chiqqanlar ham bo‘ldi, ustimdan kulganlar ham bo‘ldi.
Sudya: Bo‘ldi, tushundik.
Ota: O‘shaning uchun ham tezlashtirish (gapini davom ettirmaydi — tahr.).
Munira Kariyeva: Xo‘p, rahmat, hurmatli sudya. Demak, men so‘zimda turaman. Sizdan bitta iltimos, faqatgina tezlatib, jabrlanuvchilarga ham, bu yerda o‘tirganlarga ham sharoit yaratib berishni. Rahmat kattakon.
Sudya: Rahmat, 21-iyunda ko‘rishamiz.
To‘lanadigan tovon puli va uning jabrlanuvchilarga taqsimoti qanday bo‘ladi?
Birinchi instansiya sudi hukmi bo‘yicha jabrlanuvchilarga to‘lab berilishi kerak bo‘lgan tovon pulining jami miqdori — 75 milliard 600 million so‘m. Munira Kariyeva bu summani 36 oy davomida to‘lab berishini aytmoqda. Birinchi oyda 7 milliard 560 million so‘m, keyingi 2 — 35-oylarda 1 milliard 800 million so‘mdan, 36-oyda esa 3 milliard 780 million so‘mdan to‘lanadi.
Jabrlanuvchilarga taqsimot esa quyidagicha bo‘ladi: 1 milliard so‘mdan moddiy zarar undirilishi kerak bo‘lgan 72 nafar jabrlanuvchining har biriga birinchi oyda 100 million so‘mdan, keyingi 2 — 35-oylar bo‘yicha har oyda 25 million so‘mdan, 36-oyda esa 50 million so‘mdan; 500 million so‘mdan moddiy zarar undirilishi kerak bo‘lgan 4 nafar jabrlanuvchiga birinchi oyda 50 million so‘mdan, 2 — 35-oylarda 12 million 500 ming so‘mdan, 36-oyda 25 million so‘mdan; 200 million so‘mdan moddiy zarar undirilishi kerak bo‘lgan 8 nafar jabrlanuvchiga birinchi oyda 20 million so‘mdan, 2 — 35-oylarda 5 million so‘mdan, 36-oyda esa 10 million so‘mdan to‘g‘ri keladi.