Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov 2024−2025 o‘quv yilida oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 43 foizdan oshishini ma’lum qildi. Bu haqda u 12-iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan hukumat soatida ma’lumot berdi.
Prezidentning 24-maydagi tegishli farmoniga asosan 2024−2025 o‘quv yili uchun davlat buyurtmasi parametrlariga takliflar bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari kesimida shakllantirilgan. Bunda muhandislik, ishlov berish va qurilish, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot, tabiiy fanlar, AKT sohalari yo‘nalishlari bo‘yicha davlat granti kvotalari oshirilishi taklif etilgan.
Umumiy qabul kvotalari (grant va kontraktga ajratilmagan holda) oliygohlarning takliflari asosida shakllantirilmoqda. Takliflar Davlat komissiyasiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi. Bunda umumiy qabul parametrlari oliygohlar, yo‘nalishlar, ta’lim tili, ta’lim shakli bo‘yicha tasdiqlanadi.
“Umumiy qabul kvotalari bakalavriatga 200 mingdan ortiq bo‘lishi, shubhasiz, yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrov darajasini 43 foizdan oshishini ta’minlaydi”, — deya ta’kidladi vazir.
Shuningdek, pedagogika sohasida kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun 2-kursdan boshlab haftalik o‘quv mashg‘ulotlarini “4+2” tartibida, jumladan, darslarning 4 kuni oliy ta’lim muassasasida, 2 kuni maktabgacha, umumiy o‘rta va professional ta’lim muassasalarida amaliyot o‘tash shaklida olib borilishini ta’minlashga qaratilgan ishlar davom ettiriladi.
2023-yil Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda oxirgi yetti yilda maktabgacha ta’lim bo‘yicha qamrov darajasi 27 foizdan 72 foizgacha, oliy ta’limda esa 9 foizdan 42 foizgacha oshganini ma’lum qilgandi.