Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) “Milliy banklararo protsessing markazi” AJ (Humo to‘lov tizimi) ustav kapitalidagi davlat ulushining 100 foizini ommaviy savdolar orqali xususiylashtirishni tashkil etish bo‘yicha professional konsalting kompaniyasini tanlash bo‘yicha tanlov e’lon qildi. Takliflar 26-iyunga qadar qabul qilinadi.

Humo`ning 100 foiz davlat ulushini sotish prezidentning 19-apreldagi qarorida ko‘zda tutilgan edi.

O‘tgan yilning noyabr oyida prezident qarori bilan Markaziy bank Axborotlashtirish bosh markaziga tegishli bo‘lgan Humo`ning davlat ulushi (100 foiz) DABAga o‘tkazilgan va kompaniya (MCHJ) AJga aylantirilgandi.

21-may kuni Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan jamiyatning nominal qiymati 1000 so‘m va umumiy qiymati 155,4 milliard so‘m (ustav kapitali) bo‘lgan 155,448 million donadan ortiq oddiy aksiyalari chiqarilishi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

“Sotish jarayonlari „Milliy banklararo protsessing markazi“ AJning tarmoq va individual xususiyatlaridan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablari doirasida eng maqbul xorijiy tajriba asosida tashkil etilishi lozim”, — deyiladi xabarda.

Milliy banklararo protsessing markazi 2018-yil sentabr oyida prezident qarori bilan tashkil etilgan. Hujjatda ta’kidlanganidek, chakana to‘lovlarni qayta ishlash bo‘yicha davlat protsessing markazining mavjud emasligi milliy to‘lov tizimining xavfsizlik darajasini pasaytiradi, to‘lov infratuzilmasini yagona integratsiyalashuviga imkon bermaydi va bitta monopoliya tizimining hukmronligiga olib keladi.

Humo to‘lov tizimi o‘sha paytdagi yagona protsessing markazi — xususiy tuzilma bo‘lgan Uzcard dasturiy ta’minotidagi katta nosozlikdan so‘ng paydo bo‘lgan.

O‘tgan yil oxirida DABA “Gazeta.uz”ga Humo`ning agentlikka o‘tishi xususiylashtirish bilan bog‘liq emasligini bildirgan edi. Markaziy bank balansida banklararo protsessing markazining mavjudligi manfaatlar to‘qnashuviga olib kelishi mumkin, deyilgandi agentlik xabarida.