17-avgustdan Hindistonning IndiGo aviakompaniyasi Dehli — Toshkent — Dehli yo‘nalishi bo‘yicha muntazam yo‘lovchi qatnovlari sonini haftasiga to‘rt martadan yetti martagacha oshirmoqda. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar qildi.

Shunday qilib, parvozlar har kuni Airbus 320 rusumidagi samolyotlarda amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, IndiGo aviakompaniyasi 2023-yil 22-sentabrdan O‘zbekistonga muntazam parvozlarni boshlagan. Bunga qadar Hindiston aviakompaniyasi dushanba, seshanba, payshanba va shanba kunlari parvozlarni amalga oshiradi.

IndiGo — bosh qarorgohi Gurgaonda (Hindiston) joylashgan hind xususiy arzon aviakompaniyasi. Kompaniya doimiy reyslar va samolyotlar soni bo‘yicha mamlakatdagi eng yirik aviatashuvchi hisoblanadi.