Indoneziyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Sunario Kartadinata 13-iyun kuni Toshkent shahrida vafot etdi. Bu haqda elchixona matbuot xizmati xabar berdi.

1950-yilda tug‘ilgan elchi payshanba kuni soat 18:30 larda olamdan o‘tgan. Elchixona uning o‘limi sababiga aniqlik kiritmadi.

U 2019-yildan beri O‘zbekistonda diplomatik faoliyatini olib borayotgandi. Tibbiyot fanlari magistri, professor Sunario Kartadinata bir vaqtning o‘zida Indoneziyaning Qirg‘izistondagi elchisi ham edi.

O‘zbekiston TIV elchining vafoti haqidagi xabarni chuqur qayg‘u bilan qabul qilgani haqida yozdi.

“Janob Kartadinata o‘z vatani uchun tinimsiz mehnat qilgan, Indoneziya manfaatlarini g‘oyat professionallik va fidoyilik bilan ilgari surgan taniqli va tajribali diplomat edi. Uning mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi beqiyos”, deyiladi xabarda.