O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Malika Qayumova 70 yoshda olamdan o‘tdi, deya xabar bermoqda Madaniyat vazirligi matbuot xizmati.

Malika Qayumova 1954-yil Toshkent viloyatida tug‘ilgan. 1976-yili Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini bitirgan. Institutni bitirgach, o‘zbek drama teatrida o‘z faoliyatini boshlagan.

U 1993-yildan buyon Muqimiy nomidagi musiqali teatrda faoliyat ko‘rsatib kelayotgandi. Malika Qayumova o‘z ijodiy faoliyati davomida teatrda sahnalashtirilgan 30 dan ortiq spektakllarda bosh qahramon rollari va xarakterli obrazlarni yuksak mahorat bilan ijro etgan.

Jumladan, “Taqdir”da amma, “Devona”da ona, “Fotima va Zuhra”da ona, “Alpomish”da Kuntug‘mish, “Pari qishloq”da ona, “O‘lding, aziz bo‘lding”da ona, “Xonuma”da Tekle, “Toshkentning nozanin malikasi”da Xayri, “Superqaynona-2”da Hojar, “Oy onam-qaynonam”da Qumri, “Qizi borning — nozi bor”da quda kabi obrazlari mutaxassislar tomonidan yuqori baholangan.

Qayumova 2011-yili “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist” faxriy unvoni bilan mukofotlangan.