Toshkent viloyati Parkent tumani So‘qoq va Qiziltog‘ qishloqlariga, shuningdek, Bo‘stonliq tumani Chimyon qishlog‘iga tashrif buyuruvchilar ko‘payishi munosabati bilan 4R15 yo‘lining bir qismida va 4R6 yo‘lida harakat bir tomonlama tashkil etiladi, deya xabar qildi viloyat IIB YHXB matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, tirbandliklarni oldini olish maqsadida 16−17−18-iyun kunlari 4R15 Qiziltog‘ shahri — Parkent shahar — Yangibozor qishlog‘i avtomobil yo‘lining 44- va 48-kilometr oraliqlarida transport vositalarining harakati bir tomonlama tashkil etiladi.

Ushbu o‘zgarishda So‘qoq dam olish maskaniga borgan haydovchilar uchun ushbu yo‘lning 48 kilometrida Parkent shahriga avtomobil harakati to‘liq cheklanadi va Toshkent shahriga 4R16 Bardanko‘l qishlog‘i — Jumabozor qishlog‘i — Qiziltog‘ shahri avtomobil yo‘li orqali qaytishlari mumkin bo‘ladi.

Bo‘stonliq tumaniga tashrif buyuruvchi haydovchilar esa 4R6 Toshkent — Chirchiq — Chimyon avtomobil yo‘lining 57-kilometridan boshlab mazkur yo‘lning 92 kilometrigacha, ya’ni 4R10 avtomobil yo‘li bilan tutashgan joygacha transport vositalarining harakati bir tomonlama tashkil etiladi.