Uchqo‘rg‘on tumanida yangi hokim ish boshladi, deb xabar bermoqda Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati.

14-iyun kuni xalq deputatlari tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasida viloyat hokimi Uchqo‘rg‘on tumani hokimi Muhammad Haydarovni lavozimidan ozod etish to‘g‘risida qaror qildi.

U tumanda “olib borilgan ishlar, erishilgan yutuqlar barobarida, islohotlarni amalga oshirishda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar"ni sohalar bo‘yicha birma-bir tahlil qilib, dolzarb vazifalarni belgilab berdi.

Sessiyada deputatlar viloyat hokimining o‘rinbosari Dilshod Mirxanovni Uchqo‘rg‘on tumani hokimi etib tayinlash to‘g‘risidagi qarorni ma’qulladi.

Dilshod Mirxanov 1985-yilda Namangan shahrida tug‘ilgan. 2006-yilda Namangan muhandislik-iqtisodiyot institutini tamomlagan. Mutaxassisligi — muhandis-quruvchi, iqtisodchi.

U mehnat faoliyatini Namangan viloyatidagi uy-joy mulkdorlari assotsiatsiyasida mutaxassis lavozimidan boshlagan. 2015−2017-yillarda Namangan viloyati hokimligining yagona buyurtmachi injinering kompaniyasi moliyalashtirish va xo‘jalik shartnoma munosabatlari bo‘limi bosh mutaxassisi, 2017−2019-yillarda Namangan viloyat hokimligining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha mutaxassisi lavozimlarida ishlagan.

Shundan so‘ng Qishloq Qurilish Invest MCHJ Namangan viloyati filiali boshlig‘i, tayinlovga qadar — viloyat qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritgan.

Eslatib o‘tamiz, Muhammad Haydarov shu yilning fevral oyida Uchqo‘rg‘on tumani hokimi lavozimiga tayinlangan edi.