AQSh va Ukraina prezidentlari Jo Bayden va Vladimir Zelenskiy Italiyada bo‘lib o‘tgan G7 sammiti doirasida 10 yilga mo‘ljallangan xavfsizlik shartnomasini imzoladi, deb xabar bermoqda Reuters.

“Tomonlar ushbu kelishuvni Ukrainaning NATO alyansiga a’zo bo‘lishi uchun ko‘prik sifatida ko‘rmoqda”, — deya agentlik hujjat matnidan parchalarni keltirdi.

Shartnomada aytilishicha, Ukrainaga qarshi qurolli hujum yoki tahdid yuz bergan taqdirda ikki davlatning yuqori darajadagi rasmiylari javob choralarini muhokama qilish va Ukrainaning mudofaa ehtiyojlarini aniqlash uchun 24 soat ichida uchrashadi.

“Ukraina xavfsizligini ta’minlash uchun ikkala tomon ham Ukrainaga Shimoliy Atlantika shartnomasi tashkiloti (NATO) standartlariga javob beradigan muhim qurolli kuchlar, kuchli imkoniyatlar va harbiy-sanoat kompleksiga doimiy investitsiyalar zarurligini tan oladi”, — deyiladi matnda.

AQSh, kelishuvga ko‘ra, Ukrainaga uzoq muddatli moddiy, o‘quv va konsultativ, texnik, razvedka va boshqa yordam ko‘rsatish majburiyatini oladi.

Zelenskiy G7 sammiti doirasida Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida bilan ham ikki tomonlama xavfsizlik shartnomasini imzoladi.

Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Yaponiya joriy yilda Ukrainaga 4,5 milliard dollar yordam ko‘rsatadi va, imzolangan hujjatga ko‘ra, shartnoma amal qiladigan butun o‘n yil davomida ham yordam berishda davom etadi.

“Bu xavfsizlik va mudofaa yordami, gumanitar yordam, texnik va moliyaviy hamkorlik, shuningdek, Tinchlik formulasi doirasidagi qo‘shma tadbirlarni o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, kelishuv agressorga qarshi sanksiyalar va agressorni javobgarlikka tortishni ham nazarda tutadi”, — dedi Zelenskiy.

O‘tgan yil davomida Ukraina YeI va NATOga a’zo qator davlatlar, jumladan, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Daniya, Kanada, Italiya, Ispaniya va boshqa davlatlar bilan xavfsizlik bo‘yicha ikki tomonlama shartnomalar tuzgan.