Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Koreya prezidenti Yun Sok Yolning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.

Suhbat avvalida davlat rahbari mehmonni qutlab, diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 32 yilligi va O‘zbekiston-Koreya alohida strategik sheriklik munosabatlarining besh yilligi bilan tabrikladi.

Uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, texnologik va boshqa ustuvor sohalarda amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Koreya O‘zbekistonning yetakchi savdo va investitsiya hamkorlaridan biri ekanligi ta’kidlandi. Xususan, o‘tgan yili tovar ayirboshlash 2,5 milliard dollarni tashkil etdi, koreys investitsiyalari hajmi 7,5 milliard dollardan oshgan, Toshkent va Seul o‘rtasida bir haftada 10 ta aviaparvoz amalga oshirilmoqda.

корея, шавкат мирзиёев, юн сок ёль

Tomonlar hamkorlik salohiyatidan yanada samarali foydalanish, yirik yuqori texnologik loyihalarni aniqlash va ilgari surish uchun yangi sheriklik modelini shakllantirish yuzasidan kelishuvga erishdi.

Madaniy-gumanitar almashinuv samarali rivojlanayotgani yuqori baholandi. Respublikada Koreya yetakchi oliygohlarining 4 ta filiali muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. O‘z navbatida, Janubiy Koreyada 11 mingdan ortiq o‘zbekistonlik talaba ta’lim olmoqda.

“Koreya madaniyati uyi, Ko‘p tarmoqli bolalar klinikasi, Toshkentdagi Seul bog‘i va Seul ko‘chasi do‘stlik va hamkorlikning haqiqiy ramziga aylandi”, — deyiladi xabarda.

корея, шавкат мирзиёев, юн сок ёль

Prezidentlar xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashning ahamiyatini ta’kidladi. Shuningdek, mintaqaviy, jumladan, “Markaziy Osiyo — Koreya Respublikasi” formatidagi hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Xavfsizlik va mudofaa sohasida, xususan, kiberjinoyatlar, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha yaqin aloqalarni o‘rnatishga alohida e’tibor qaratildi, deyiladi xabarda.