Toshkent shahrida 14-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev va Yun Sok Yol O‘zbekiston-Koreya biznes forumida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda mezbon davlat rahbari matbuot xizmati.

Forumda Koreya tomonidan SK Group, Lotte Corporation, KOGAS, POSCO, Samsung, LG, Hyundai, KIA, Doosan, BoMI, Eksimbank, EDCF jamg‘armasi, Koreya taraqqiyot banki kabi 80 dan ortiq yetakchi kompaniya va bank-moliya institutlari rahbarlari qatnashdi.

O‘zbekiston rahbari o‘z nutqida Koreya Respublikasi mamlakatning an’anaviy va yirik savdo, investitsiya va texnologik hamkorlaridan biri ekanini ta’kidladi.

U o‘tgan yil yakunida 2,5 milliard dollarga yetgan tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar o‘sgani, O‘zbekiston iqtisodiyotidagi koreys investitsiyalari hajmi 7,5 milliard dollarni tashkil etayotganini qayd etdi.

Tomonlar savdo va investitsiyalarni ko‘paytirish choralarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, qo‘shma loyihalarni moliyalashtirishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, biznes uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida kelishib oldi, deyiladi xabarda.

“Biz zamonaviy sharoitlarda hamkorlikning yangi modelini yaratishga kelishib oldik. O‘zaro munosabatlarimizda „yuqori texnologik va innovatsion hamkorlikning yangi davri“ boshlanmoqda”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yetakchilar O‘zbekistonda mintaqaviy yuqori texnologik xabni tashkil etish bo‘yicha strategik dastur ishlab chiqishga qaror qildi.

Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, dastur o‘ta muhim xomashyo resurslari, yarimo‘tkazgichlar, kimyo, mashinasozlik, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, infratuzilma va shaharsozlik, “yashil” energetika kabi ustuvor yo‘nalishlarni qamrab oladi.

Biznes forumi doirasida 9,6 milliard dollarlik yangi investitsiya loyihalari to‘plami tayyorlandi.

O‘zbekiston rahbari iqtisodiyotni liberallashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, xususiy mulk daxlsizligi va investorlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan islohotlar ortga qaytmasligini alohida ta’kidladi.

“O‘zbekiston-Koreya hamkorligining salohiyati juda yuqori. Bizning iqtisodiyotlarimiz bir-birini samarali to‘ldirishga qodir”, — deya ta’kidladi u.

Prezidentlar kelgusi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldi.

1. Avvalo, strategik xomashyoni ilg‘or texnologiyalar asosida chuqur qayta ishlash va yuqori qiymatli mahsulotlarni uchinchi davlatlarga eksport qilish. Bu borada muhim qadam sifatida o‘ta yupqa mis folgani birgalikda ishlab chiqarish bo‘yicha bitim imzolandi. Shuningdek, O‘zbekiston-Koreya nodir metallar ilmiy-texnologik markazi faoliyatini kengaytirish ham ko‘zda tutilgan.

2. Elektrotexnika sanoatidagi sheriklik doirasida Toshkent viloyatida Markaziy Osiyoda birinchi yarimo‘tkazgichlar klasterini qurish hamda elektrotexnika va texnik kremniy ishlab chiqarish bo‘yicha kooperatsiyani kengaytirish rejalashtirilgan.

3. O‘zbekiston kimyo sohasida koreys biznesi bilan strategik sheriklikni rivojlantirish niyatida. “Yashil” vodorod, ammiak va kauchuk mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.

Shuningdek, tashrif doirasida Eksimbank va KOICA ko‘magida Kimyo texnologiyalari markazini tashkil etishga start berilmoqda.

Koreya kompaniyalari O‘zbekistonning avtomobilsozlik sohasidagi mintaqaviy yetakchiligida muhim o‘rin tutadi, deyiladi xabarda. Masalan, KIA bilan hamkorlikda Jizzax viloyatida zamonaviy avtomobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

Mezbon prezident koreys biznesini mashinalarning yangi modellari va butlovchi qismlarini mahalliylashtirish jarayonida faol ishtirok etishga chaqirdi.

Tomonlar qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, agrar tarmoqqa “aqlli” texnologiyalarni joriy etish sohasida hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish bildirdi.

O‘zbekiston Koreyaning infratuzilma va shaharsozlik sohasidagi ilg‘or tajribasini o‘rganishdan manfaatdor, dedi Shavkat Mirziyoyev. Bu borada koreys hamkorlarning davlat-xususiy sheriklik asosida transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishdagi ishtirokiga alohida e’tibor qaratildi.

Sammit doirasida ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha EDCF jamg‘armasi bilan umumiy qiymati 2 milliard dollarlik hamkorlik dasturi imzolandi.

O‘zbekiston rahbari hukumat koreys ishbilarmon doiralari vakillarini barcha kelishuvlarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirishda faol qo‘llab-quvvatlashini aytdi. Shu maqsadda qo‘shma loyihalarni muvofiqlashtirish va ilgari surishning yangi tizimi joriy etilishi e’lon qilindi.

O‘z navbatida, Koreya Respublikasi prezidenti Yun Sok Yol amalga oshirilayotgan islohotlar dasturini yuqori baholab, o‘zaro manfaatli sheriklik ko‘lamini kengaytirish uchun ishga solinmagan katta imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi, deyiladi xabarda.