Toshkent shahri Sergeli tumanida Mercedes-Benz rusumli jamoat transport vositasida yong‘in kelib chiqdi. Bu haqda poytaxt IIBB YHXB xabar qildi.
Qayd etilishicha, 2024-yilning 15-iyun kuni soat 11:35 larda Sergeli tumani Lutfikor ko‘chasida Mercedes-Benz rusumli transport vositasida yong‘in kelib chiqqan.
Yong‘in tuman FVB xodimlari tomonidan bartaraf etilgan. Yong‘in oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q.
Hodisa yuzasidan YHXB hamda FVB xodimlari tomonidan surishtiruv olib borilib,yong‘in yuzaga kelishining sabablari va zarar miqdoriga aniqlik kiritilmoqda.
“Toshshahartransxizmat” ma’lum qilishicha, avtobus 132 yo‘nalishga tegishli bo‘lgan. U 2012-yil ishlab chiqarilgan bo‘lib, tasarruf boshidan buyon 903 200 km masofani bosib o‘tgan. Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, avtobus o‘z yo‘nalishi bo‘ylab Sergeli tumani Lutfikor ko‘chasida harakatlanib ketayotgan vaqtda avtobusning gidrostat qismida elektr simlarining qisqa tutashuvi oqibatida yong‘in sodir bo‘lgan.
Yong‘in qutqaruv bo‘linmalari voqea joyiga soat 11:38 da yetib borib yong‘in 11:45 da bartaraf etilgan. Hozirda “Toshshahartransxizmat” AJning ishlab chiqarish texnik bo‘limi xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi olib borilmoqda.