G7 mamlakatlari yetakchilari Italiyada bo‘lib o‘tayotgan sammitda Rossiya urushni to‘xtatishi va Ukrainaga yetkazilgan, Jahon banki tomonidan 486 mlrd dollarga baholanayotgan zararni qoplashi kerak, deya bayonot berdi.

“Rossiyaning xalqaro huquq bo‘yicha o‘zi yetkazgan zararni qoplashi yuzasidan majburiyatlari aniq, shuning uchun biz Rossiyani bu majburiyatlarni bajarishga majburlash mumkin bo‘lgan barcha qonuniy usullarni ko‘rib chiqishda davom etamiz”, — deyiladi bayonotda.

Shuningdek, bayonotda Rossiyaning mamlakat tashqarisidagi aktivlari urush tugatilmaguncha va yetkazilgan zarar qoplanmaguncha muzlatib turilishi aytilgan.

Avvalroq katta yettilik mamlakatlari Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan tushgan daromadni Ukrainaga berilgan kreditlarga xizmat ko‘rsatish va ularni so‘ndirish uchun ishlatish niyatida ekanligini xabar qilingandi. Xususan, katta yettilik 2024-yil oxirigacha Kiyevga 50 mlrd dollar miqdorida kredit berishga va’da bergan.

Sammit ishtirokchilari, shuningdek, Rossiyani Ukrainada yadroviy yoki boshqa ommaviy qirg‘in qurollaridan foydalanishning oqibatlaridan ogohlantirdi.

“Biz Rossiyaning mas’uliyatsiz yadroviy ritorikasidan qattiq xavotirdamiz. Yadroviy, kimyoviy, biologik yoki radiologik qurollardan istalgan tarzda foydalanish jiddiy oqibatlarga olib kelishini ta’kidlaymiz”, — deyiladi bayonotda.