Mart oyi oxirida O‘zbekiston tadbirkorlari mamlakatga liftlarni olib kirishda muammolarga duch kela boshlagan edi. Ma’lum bo‘lishicha, importyorlarning uch yillik muvofiqlik sertifikatlari hukumat topshirig‘iga ko‘ra to‘xtatilib, ular o‘z tovarlarini bojxona chegarasidan o‘tkaza olmay qolgan.
Senatorlarning aralashuvidan so‘ng muammo hal qilindi, deya xabar qildi parlament yuqori palatasi matbuot xizmati. Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi “Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida”gi qonunning tegishli moddalarini Toshkent viloyati va Toshkent shahar bojxona boshqarmalari bojxona postlaridagi ijrosini o‘rganish jarayonida bunga e’tibor qaratgan.
“Toshkent-tovar” TIF bojxona postida senat a’zolariga bir necha tadbirkorlar murojaat qilgan. Ular “Sanoat xavfsizligi” davlat muassasasi tomonidan ishlab chiqarish jarayoniga berilgan 17 ta muvofiqlik sertifikatiga asosan O‘zbekiston hududiga olib kelingan lift va eskalatorlar bojxona omborlarida saqlanayotgani va tadbirkorlar ularni sababsiz ravishda olib chiqib keta olmayotganini bildirgan.
Senat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan dastlabki o‘rganishlar natijasiga ko‘ra “Sanoat xavfsizligi” davlat muassasasi respublikada sanoat mahsulotini (lift, eskalator, gaz ballon, isitish qozonlari) sertifikatlashtirish bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tgan yagona organ hisoblanadi.
“Sanoat xavfsizligi” davlat muassasasi akkreditatsiyasining amal qilishi to‘xtatilganligi sababli O‘zbekiston muvofiqlikni baholash uchun faoliyat yurituvchi va akkreditatsiya qilingan sertifikatlash organisiz qolgan, bu esa tadbirkorlarning sarson bo‘lishiga olib kelgan.
Ma’lum bo‘lishicha, bojxona omborlarida bo‘lib turgan, 47 korxona tomonidan olib kelingan 332 ta lift va eskalatorlarning umumiy qiymati 9,5 mln dollarni tashkil etadi.
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbitdin Burxonov yuqoridagi muammolarni inobatga olgan holda hukumatga O‘zbekiston hududiga olib kirilgan va 2024-yil 1-martgacha lift tovarlari xaridi bo‘yicha tuzilgan import shartnomalar bo‘yicha oldindan to‘lov qilingan liftlarni bojxona omborlaridan chiqarish bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilish masalasini ko‘rib chiqish hamda tadbirkorlarni tashvishga solayotgan mazkur muammoni hal qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berishni so‘rab senator so‘rovini yuborgan.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan senator so‘roviga berilgan javobda so‘nggi vaqt mamlakatda liftlar bilan bog‘liq noxush holatlar sodir bo‘layotganligi sababli xalqaro, xususan, Yevropa tajribasini o‘rgangan holda liftlar va ularning moslamalari sifati hamda xavfsizligiga taalluqli bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazilayotganini ma’lum qilgan.
Hukumat, shuningdek, liftlarni tekshiruvdan o‘tkazish qamrovini ta’minlash va sifatli amalga oshirish maqsadida liftlarga texnik xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarni xalqaro standartlarga asosan akkreditatsiyadan o‘tkazish tizimini yaratish kabi bir qator muhim topshiriqlar belgilanganligini qayd etgan.
Senator so‘rovidan so‘ng O‘zbekiston akkreditatsiya markazi qaroriga asosan “Sanoat xavfsizligi” mahsulotlarni sertifikatlashtirish organi nomiga rasmiylashtirilgan (OZAK.MS.0068) va sinov laboratoriyasi nomiga rasmiylashtirilgan (OZAK.SL.0248) akkreditatsiya guvohnomalari qayta tiklandi hamda tadbirkorlarga lift, eskalator va travolator uchun belgilangan tartibda muvofiqlik sertifikatlarini berish jarayoni qayta yo‘lga qo‘yildi.
Bugungi kungacha 36 ta tadbirkorlik subyektining 150 ta lift uskunasi tegishli obyektga olib chiqib ketilgan.