Toshkent shahri markazidagi Islom Karimov shoh ko‘chasi va Shahrisabz ko‘chasi oralig‘idagi kichik ko‘chada bir tomonlama harakat yo‘lga qo‘yildi. Oxirgi bir necha kun ichida bu yerda asfalt qoplamasi yangilanib, belgilar o‘rnatilib, yangi chiziqlar chizildi.
Avtotransport vositalari harakati markazda ikki qatorda tashkil etilgan bo‘lib, har ikki tomonda, jumladan, nogironligi bo‘lgan haydovchilar uchun to‘xtash joylari chizib qo‘yilgan. Chap tomon yo‘l chetida velosiped yo‘lagi ham chizilgan va piyodalar yo‘lagi yangilangan. Bir necha joylarda oq va sariq zebra o‘tish joylari chizilib, shu yerda joylashgan muassasalar hovlisiga kirish tartibga keltirilgan.
Poytaxt IIBB YHXBning “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, ko‘chani bir tomonlama qilish to‘g‘risidagi qarorga bu yerda odatda Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti tomondan transport oqimi kamligi va kunduzi ko‘cha asosan to‘xtash joyi sifatida ishlatilishi sabab bo‘lgan.
Ko‘cha yangi formatda ishlatilishining birinchi kuni ko‘rsatdiki, ko‘plab haydovchilar o‘z mashinalarini belgilangan to‘xtash joylariga olib bora olmayapti. Bunga ushbu ko‘chada bo‘lgan muxbirimiz amin bo‘ldi.
Piyodalar yo‘lakchasiga qo‘yib ketilgan va velosiped yo‘lining bir qismini to‘sib turgan mashina.
Bu haqda juma kuni ijtimoiy tarmoqlarda xabar berilganidan so‘ng, YPX xodimlari bir necha haydovchiga nisbatan qoidabuzarlik to‘g‘risida bayonnomalar tuzdi.
Ko‘plab haydovchilar, shuningdek, qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanishda davom etmoqda, chunki yo‘l harakati tartibining o‘zgarishi ular uchun kutilmagan bo‘ldi. Muxbirimiz YPX xodimlari haydovchilarga jarima solmay, aylanib olishni so‘raganiga guvoh bo‘ldi.
Yo‘l harakati tartibi o‘zgarishdan avval ba’zi ekspertlar to‘xtash joylarini jismiy cheklovlarsiz tashkil qilish hozirgidek muammolarga olib kelishidan ogohlantirgandi. IIBB avtomashinalarning velosiped yo‘lagi va to‘xtashga mo‘ljallanmagan orolchalarga kirishini cheklash uchun ustunlardan foydalanish niyatida.
Haydovchi mashinani belgilangan joyga joylashtira olmadi.
Haydovchilar piyodalar yo‘lagi (chapda) bo‘lishi kerak bo‘lgan joyga to‘xtab olgan.
“Gazeta.uz” suhbatlashgan urbanistlarga ko‘ra, bir qancha ta’lim muassasalari, Zamonaviy san’at markazi, umumiy ovqatlanish shoxobchalari va boshqa obyektlar joylashgan ko‘chada daraxtlar, keng yo‘laklar yetishmaydi. O‘shanda u hamma uchun haqiqatan ham qulay va xavfsiz bo‘lishi mumkin bo‘lardi.