Namangan viloyatidagi “Uchqo‘rg‘on” chegara bojxona posti 2024-yilning sentabr oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.

Namangan viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i U.Kodirov “Uchqo‘rg‘on” chegara bojxona postida amalga oshirilayotgan qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdi.

Boshqarma boshlig‘i post qurilishi bilan tanishuv jarayonida pudrat tashkiloti tomonidan ishlarni jadallashtirish, qurilish sifatiga alohida e’tibor qaratish lozimligi bo‘yicha bir qator tavsiyalar berdi.

Shuningdek, qurilish jarayonda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni qisqa muddatlarda bartaraf qilish hamda topshiriqlar ijrosini ta’minlash yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.

“Mazkur chegara bojxona postining ochilishi Namangan viloyati va Uchqo‘rg‘on tumani aholisi uchun katta qulayliklar yaratibgina qolmay, logistika, xizmat ko‘rsatish sohalarining takomillashtirilishiga ham xizmat qiladi”, — deyiladi xabarda.