15 va 16-iyun kunlari Shveysariyaning Byurgenshtok shahrida Ukraina tomonidan Shveysariya hukumati bilan birgalikda tashkil etilgan tinchlik sammiti bo‘lib o‘tadi. Bu Ukrainaning eng yirik diplomatik loyihasi bo‘lib, uning yordamida mamlakat rasmiylari Rossiya bilan urushni tugatish uchun “tinchlik formulasi"ni global qo‘llab-quvvatlamoqchi. “Gazeta.uz” konferensiya haqida ma’lumot beradi.

“Tinchlik formulasi” va sammit g‘oyasi qanday paydo bo‘lgan?

“Tinchlik formulasi” ilk bor Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy tomonidan 2022-yil sentabrida taklif qilingan edi. Uning yakuniy mazmuni o‘sha yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tgan G20 sammitida taqdim etilgan.

Ukraina Vladimir Putin boshchiligidagi Rossiya bilan har qanday muzokaralar olib borishdan bosh tortganidan so‘ng (Zelenskiy hatto bu haqdagi farmonni ham imzolagan), Ukraina rasmiylari Kiyevning urushni tugatish haqidagi qarashlarini o‘zida mujassamlashtirgan va bo‘lajak tinchlik muzokaralari uchun asos bo‘ladigan muqobil variantini tayyorlashga qaror qilgan, qayd etadi RBK-Ukraina.

Shu bilan birga, nashrning ta’kidlashicha, formula nafaqat nazariy tushuncha bo‘lgan, balki amaliy bosqichma-bosqich realizatsiyani ham nazarda tutgan. Shveysariyadagi tinchlik sammiti uning birinchi nuqtasi bo‘lishi kerak.

Ukraincha “tinchlik formulasi” turli sohalarni qamrab oluvchi 10 ta bandni o‘z ichiga oladi: Ukrainaning radiatsiyaviy, yadroviy, oziq-ovqat, energetik va ekologik xavfsizligini ta’minlash, barcha harbiy asirlarni almashish va deportatsiya qilinganlarni qaytarish, Ukraina hududiy yaxlitligini tiklash (1991-yil chegaralari doirasida), Rossiya qo‘shinlarini Ukraina hududlaridan chiqarib tashlash, Rossiyani Ukrainaga qarshi jinoyatlari uchun javobgarlikka tortish, shu jumladan, urush paytida mamlakatga yetkazilgan zararni qoplatish.

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, sammit “tinchlik formulasi"ga kiritilgan uch bandni muhokama qilishga asoslanadi. Gap yadroviy va oziq-ovqat xavfsizligi, barcha harbiy asirlarni almashish va deportatsiya qilingan ukrainalik bolalarni qaytarish haqida bormoqda. Agentlikning qayd etishicha, imkon qadar ko‘proq davlat ishtirokini ta’minlash uchun kun tartibi qisqartirilgan.

Sammitga kimlar keladi?

Shveysariya hukumati, jumladan, xalqaro tashkilotlarga 160 ta taklifnoma yubordi. 14-iyun oqshomiga ko‘ra, 92 davlat yetib kelganini tasdiqladi. Ishtirokchilar orasida AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris, Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya kansleri Olaf Shols va boshqalar bor.

Ishtirokchilarning qolgan yarmi Janubiy Amerika, Afrika, Osiyo va Yaqin Sharqdan, deya qayd etadi Reuters. Ularning aksariyatida mamlakat nomidan vazirlar qatnashadi.

MDH davlatlaridan sammitda faqat Armaniston bor — Xavfsizlik kengashi kotibi Armen Grigoryan. Ro‘yxatga prezident Salome Zurabishvili vakillik qiladigan Gruziya ham kiritilgan.

Bundan tashqari, konferensiyada Yevrokomissiya, YeI Kengashi, Yevroparlament, YXHT va boshqa tashkilotlar rahbarlari ishtirok etadi.

Rossiya va Xitoy

Rossiyaning sammitdagi ishtiroki masalasi ko‘plab haqiqiy va potensial ishtirokchilar uchun to‘siq bo‘ldi, deb ta’kidladi BBC. Ukraina va uning ittifoqchilari g‘oyasiga ko‘ra, Rossiya tinchlik jarayoniga keyingi bosqichda qo‘shilishi kerak, shunda birinchi sammit ishtirokchilari tinchlikka erishish rejasini ma’qullab oladi, shu sababli Moskva konferensiyaga taklif qilinmadi.

Rossiya, o‘z navbatida, Rossiya tomoni ishtirokisiz sammit o‘tkazish g‘oyasini tanqid qilib, tashabbusni ma’nosiz deb atadi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham Shveysariya konferensiyasini Rossiyaga urushni to‘xtatish uchun shart qo‘yishga urinish deb bilishini aytdi. Natijada sammit arafasida Putin Ukraina bilan urushni tugatish bo‘yicha o‘z shartlarini ilgari surdi. U, xususan, Ukraina qo‘shinlarini Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporoje viloyatlari hududidan to‘liq olib chiqib ketishni, Ukrainaning NATO a’zoligidan voz kechishini va Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilishni talab qildi.

Zelenskiy bunga javoban Putinning takliflarini qo‘shni davlatlarga hududiy da’volar qo‘ygan natsistlar yetakchisi Adolf Gitlerning siyosati bilan solishtirib, ular “avvalgi ultimatumlardan farq qilmasligini” ta’kidladi. “Putin xuddi Gitler bilan bir xil yo‘ldan bormoqda. Bugun u allaqachon to‘rtta hudud haqida gapirmoqda, avvallari faqat Qrim va Donbass edi”, — dedi Ukraina rahbari.

Sammit tashabbuskorlari uchun yana bir muammo Xitoy tomonidan qo‘llab-quvvatlanmagani bo‘ldi. Ukraina rasmiylari tomonidan bir necha oy davom etgan shiddatli lobbichilikka qaramay, Xitoy rasmiylari tadbirda ishtirok etishdan bosh tortdi. AQSh ham, Zelenskiyning Si Szinpinga “zarbalar orasidagi pauzani emas, tinchlikni yaqinlashtirishga” yordam berishni so‘ragan ta’sirli videomurojaati ham Pekinni ishontira olmadi.

Rossiya bilan yaqin aloqada bo‘lgan XXR rad etishini tinchlik konferensiyasida mojaroning har ikki tomoni bo‘lishi kerakligi bilan izohladi.

Bundan tashqari, Reuters xabariga ko‘ra, Pekin rivojlanayotgan mamlakatlar o‘rtasida o‘zining muqobil tinchlik rejasini ilgari surishni boshlagan. Agentlik manbalaridan biri Xitoy Shveysariyadagi sammitni tanqid qilmagani, balki bu uchrashuv mojaroning cho‘zilishiga olib keladi, degan fikrni ilgari surganini aytdi.

Ukrainaga tinchlik sammiti nima uchun kerak?

Tahlilchilarning qayd etishicha, Ukrainaning Rossiyaga qarshi kurashi faqat jang maydoni bilan chegaralanmagan. “Diplomatik aloqalar, global jamoatchilik fikri va xalqaro e’tibor Ukrainaning Rossiya agressiyasiga qarshi turishda davom etishiga ta’sir qiladi. Sammit Ukraina va uning ittifoqchilari uchun global birdamlikni namoyish qilish, urush va Rossiya jinoyatlarining Ukrainadan tashqaridagi mamlakatlarga ta’sirini ko‘rsatish uchun imkoniyatdir”, — deb yozdi NATOning Atlantic Council Yevrosiyo markazi direktori o‘rinbosari Shelbi Magid.

Shveysariya va Ukrainaning sammitdagi maqsadlaridan biri Global Janubdagi va Ukrainaning eng yaqin ittifoqchilari qatoriga kirmaydigan boshqa davlatlarning maksimal darajada ishtirok etishidir. Biroq ularni jalb qilish qiyin bo‘ldi. Xitoydan tashqari yana bir nufuzli o‘yinchi va Rossiya ham a’zo hisoblangan BRIKS davlatlaridan biri Braziliya ham sammitni o‘tkazib yuboradi. Pokiston ham betarafligini aytib, ishtirok etishdan bosh tortdi. Ba’zi ekspertlar bu davlatlarning mavjudligi Ukrainaga yordam berishini ta’kidlamoqda, ammo ularning yo‘qligi sammit uchun halokatli zarba deb hisoblanmaydi.

RBK-Ukraina Ukraina sammitda maksimal maqsadiga erisha olmasligini yozmoqda, ammo “uning samarasizligi haqida gapirishga hojat yo‘qligini” ta’kidladi. “Bu jonli jarayon va u albatta davom ettirilishga loyiq. Bizda g‘arbdan tashqari davlatlar bilan ishlash imkoniyati ko‘p emas, rostini aytsak, deyarli yo‘q”, — dedi Ukraina sobiq tashqi ishlar vaziri Pavel Klimkin nashrga bergan izohida.